Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya: Turizm sohasini modernizatsiyalash yo‘nalishida hamkorlik va tajriba almashinuvi

Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya: Turizm sohasini modernizatsiyalash yo‘nalishida hamkorlik va tajriba almashinuvi

  • 17.05.2025
  • 25
Blog Image

2025-yil 17–18-may kunlari Termiz iqtisodiyot va servis universitetida Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan hamkorlikda “Xalqaro tajriba: ta'limni modernizatsiyalash sharoitida turizm sohasini rivojlantirish istiqbollari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tmoqda.

 

Mazkur konferensiya zamonaviy ta'lim jarayonlarini modernizatsiyalash, turizm sohasidagi global tajribalardan unumli foydalanish hamda ilm-fan va amaliyot o‘rtasidagi integratsiyani mustahkamlash maqsadida tashkil etildi.

 

Tadbirda bir qator nufuzli oliy ta’lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot markazlarining vakillari ishtirok etmoqda. Jumladan:

 

• Ozarbayjonning G‘arbiy Kaspiy universiteti,

 

• Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti huzuridagi “O‘zbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishning ilmiy asoslari va muammolari” ilmiy tadqiqot markazi,

 

• Termiz davlat universiteti,

 

• Urganch davlat universiteti,

 

• Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti,

 

• Alfraganus universiteti.

 

Ushbu nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan tashrif buyurgan professor-o‘qituvchilar, ilmiy izlanuvchilar va mutaxassislar ta'lim tizimini modernizatsiyalash, turizm sohasini rivojlantirishda innovatsion yondashuvlar, raqamli texnologiyalarning roli, turizmni barqaror rivojlantirish va xalqaro hamkorlik masalalarini yorituvchi ma’ruzalar bilan qatnashmoqda.

 

Konferensiya doirasida ta’limni modernizatsiyalash sharoitida turizm sohasini rivojlantirish muammolari, turizm sohasi uchun raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlash masalalari, raqamli transformatsiya sharoitida buxgalteriya hisobi va statistikani rivojlantirish yo‘nalishlari, xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirishning zamonaviy yo‘nalishlari, akademik almashinuv va qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilinmoqda.

 

Mazkur tadbir nafaqat xalqaro tajribalarni o‘rganish, balki ta'lim va turizm sohasida innovatsion loyihalarni hayotga tatbiq etishda amaliy qadamlar tashlash uchun ham muhim platforma bo‘lib xizmat qilmoqda.

 

Konferensiya yakunida ishtirokchilarning ilmiy maqolalari to‘plam holida chop etilishi, shuningdek, hamkorlik memorandumi imzolanishi kutilmoqda. Bu esa, kelgusida ta’lim va turizm yo‘nalishidagi ilmiy-amaliy hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.