Taniqli shoirlar bilan ijodiy uchrashuv

Taniqli shoirlar bilan ijodiy uchrashuv

  • 15.10.2025
  • 17
Blog Image

Termiz iqtisodiyot va servis universitetida yoshlarni kitob mutolaasiga jalb etish, savodxonlik darajasini oshirish hamda ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsadida “Ma’rifat ulashib” loyihasi doirasida taniqli shoirlar bilan ijodiy uchrashuv tashkil etildi.

 

Tadbirda O‘zbekiston xalq shoiri, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi Mahmud Toir, shoirlar Zohidjon Xolov va Ne’mat Dushayev mehmon sifatida ishtirok etdilar. Ijodkorlar universitet talabalari bilan samimiy muloqot o‘tkazib, o‘z hayotiy tajribalari, ijodiy izlanishlari hamda adabiyotning inson ma’naviy olamini boyitishdagi beqiyos o‘rni haqida so‘z yuritdilar.

 

Uchrashuv davomida mehmonlar mamlakatimizda ta’lim va ma’naviyat sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, ayniqsa yoshlarning kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishini oshirish, badiiy va ilmiy ijodkorlikni qo‘llab-quvvatlash, mutolaa madaniyatini keng targ‘ib etish borasida olib borilayotgan chora-tadbirlar haqida so‘zlab o‘tishdi. Shu bilan birga, bu yo‘nalishlarning bugungi kunda davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylanganini alohida ta’kidladilar.

 

Ijodkorlar o‘z asarlarining mazmun-mohiyatini talabalarga yetkazarkan, yoshlarni ilmga, ma’rifatga, kitob o‘qishga, ijodiy izlanishga va ona Vatanga sadoqatli bo‘lishga chorladilar. Tadbir davomida shoirlar o‘zlarining mashhur she’rlaridan namunalar o‘qib berdilar, talabalarning savollariga javob berishdi hamda ularning ijodiy qiziqishlarini qo‘llab-quvvatladilar.