Kembrij universiteti bilan hamkorlik aloqalari mustahkamlandi

Kembrij universiteti bilan hamkorlik aloqalari mustahkamlandi

  • 20.10.2025
  • 17
Blog Image

Angliyaning nufuzli Kembrij universiteti vakili Darren Parret amaliy tashrif bilan Termiz iqtisodiyot va servis universitetiga tashrif buyurdi.

Uchrashuv davomida tomonlar o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, professor-o‘qituvchilar malakasini oshirish, shuningdek, talabalarga ingliz tilini Kembrij o‘qitish metodlari asosida o‘qitish masalalarini muhokama qildilar.

 

Tashrif chog‘ida Kembrij universiteti vakili universitetda yaratilgan o‘quv va ilmiy muhit, xorijiy tillarni o‘qitish tizimi hamda xalqaro hamkorlik yo‘nalishlari bilan yaqindan tanishdi. U Termiz iqtisodiyot va servis universitetining so‘nggi yillarda til ta’limi sifatini oshirish borasida amalga oshirayotgan ishlari va xalqaro tajribani o‘rganishdagi tashabbuslarini yuksak baholadi.

 

Uchrashuv yakunida TISU va Kembrij universiteti o‘rtasida kelgusida professor-o‘qituvchilar malakasini oshirish, ilmiy almashinuv dasturlarini amalga oshirish hamda ingliz tili ta’limida Kembrij metodikasini bosqichma-bosqich joriy etish bo‘yicha hamkorlik kelishuviga erishildi.

 

Mazkur tashrif Termiz iqtisodiyot va servis universitetining xalqaro aloqalarini yanada mustahkamlash, xorijiy ta’lim tajribalarini milliy tizimga tatbiq etish yo‘lida muhim qadamlardan biri bo‘ldi.

 

Buyuk Britaniyaning tarixiy Cambridge shahrida joylashgan Kembrij universiteti dunyodagi eng nufuzli va qadimiy oliy ta’lim muassasalaridan biri hisoblanadi. 1209-yilda tashkil etilgan. Universitet tarkibi 31 ta mustaqil kollejdan iborat. Xalqaro miqyosda ham universitet o‘z obro‘sini saqlab kelmoqda. QS World University Rankings 2023 natijalariga ko‘ra, Kembrij universiteti 2-o‘rinni, Times Higher Education 2025 reytingida 3-o‘rinni egallagan.