TISU vakillari Turkiy universitetlar ittifoqining 8-Bosh Assambleyasida ishtirok etishdi

Toshkent xalqaro universiteti raisligida Turkiy davlatlar tashkiloti huzuridagi Turkiy universitetlar ittifoqining 8-Bosh Assambleyasi boʻlib oʻtdi. Mazkur tadbirda Turkiy davlatlar tashkiloti, TURKSOY rahbariyati, Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi vakillari, Turkiy akademiya va Turkiy universitetlar ittifoqiga a'zo oliy ta'lim muassasalari ishtirok etdilar.
A'zo universitetlar qatorida Termiz iqtisodiyot va servis universitetining ham borligi quvonarli. Shu sababdan universitet rektori A.Absamatov hamda Xalqaro hamkorlik boʻyicha prorektori Sh.Otamuratovlar ushbu muhim tadbirda qatnashdi.
Assambleyada Ozarbayjon, Turkiya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Vengriya, Shimoliy Kipr va Oʻzbekistondan jami 69 ta universitet vakillari qatnashdilar. Tadbirda ittifoqqa yangi universitetlarni qabul qilish, “Orhun” almashinuv dasturini takomillashtirish, doimiy kotibiyat va maxsus dastur jamgʻarmasini tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan “Turkiy ilm-fan va innovatsiyalar kunlari”ni o‘tkazish tashabbusi ham kun tartibiga kiritildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo'ng'irotboy Sharipov o‘z nutqida yig‘ilish ishtirokchilarini O‘zbekiston hukumati nomidan samimiy tabriklab, ushbu assambleya Turkiy dunyo oliy ta’limi va ilm-fan sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Tadbirda bugungi kunda O‘zbekistonning 11 ta oliygohi TÜRKÜNİB a’zosi ekani, yana 7 ta oliygohni ittifoqqa qabul qilish rejalashtirilganini ma’lum qilindi.
O‘zbekiston va Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston hamda Vengriya o‘rtasidagi oliy ta’lim hamkorligi, qo‘shma forumlar va yangi ta’lim loyihalari muvaffaqiyatli davom etayotgani qayd etildi.
Assambleya yakunida Tashkent International University hududida O‘zbekiston universitetlari ko‘rgazmasi va U2U (University to University) formatidagi uchrashuvlar tashkil etildi.
Mazkur Assambleya Turkiy davlatlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni chuqurlashtirish, ta’lim va ilm-fan sohasida yangi istiqbolli loyihalarni boshlab berish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.