Til ta’limida global yangiliklar va tajribalar muhokamada

Xalqaro ilmiy-amaliy anjumanda til o‘qitish sohasidagi dolzarb masalalar muhokama qilindi. Tadbirda xorijiy va mahalliy mutaxassislar ishtirok etib, o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar.
Britaniya Kengashining O‘zbekistondagi mijozlar bilan ishlash menejeri Amirsaid Sadikov IELTS imtihonlaridagi so‘nggi yangiliklar, baholash tizimidagi o‘zgarishlar va xalqaro sertifikatlash jarayonidagi yangicha yondashuvlar haqida batafsil ma’ruza qildi.
Shuningdek, Missuri davlat universiteti professori Jenifer Jonston til ta’limidagi global tendensiyalar, innovatsion metodlar va o‘quvchi motivatsiyasini oshirish yo‘llariga to‘xtaldi.
Anjumanda Istanbul universiteti professori Sevtap Kadioglu ham so‘z yuritib, Istanbul universiteti adabiyot fakultetida til ta'limi masalalariga to'xtalib o'tdi.
Xalqaro ilmiy-amaliy anjumanda Ozarbayjon Iqtisodiyot davlat universiteti dotsenti Aysel Xalilova va Elmira Ismaylova globallashuv sharoitida oliy ta’limda til siyosati va ta’lim sifati masalalariga e’tibor qaratish zarurligini ta’kidlashdi. Ular tilni baholashning zamonaviy modellari hamda xalqaro standartlarga mos yondashuvlar haqida ma’lumot berishdi.
Shuningdek, Yaponiyaning Kamiyama Gakuin yapon tili maktabi direktori Shinji Kamiyama o‘z ma’ruzasida o‘zini o‘zi boshqaruvchi ta’lim amaliyoti orqali o‘quvchilarda mustaqil fikrlash va o‘quv mas’uliyatini rivojlantirish yo‘llarini tahlil qildi.
O‘zbekiston Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi vakili Santosh Kumari “Til o‘rganishda inqilob: ingliz tilini xorijiy o‘quvchilarga o‘qitishda sun’iy intellektning roli” mavzusida ma’ruza qildi.