Shoymardonov Faxriddin Samatovich - “Mirzo Ulug‘bek vorislari” tanlovining viloyat bosqichida g‘olib

Tibbiyot va biotexnologiya sohasida amalga oshirilayotgan izlanishlar nafaqat mamlakatimizda, balki butun dunyo miqyosida dolzarb masalalardan biri bo‘lib qolmoqda. Surxondaryoda bu yo‘nalishda bilimli, izlanuvchan, fidoyi yoshlar yetishib chiqmoqda. Ana shunday iqtidorli yoshlar qatoridan munosib o‘rin egallayotganlardan biri — Termiz iqtisodiyot va servis universiteti davolash yo‘nalishi 3-bosqich talabasi, yosh tadqiqotchi Faxriddin Shaymardonovdir. Uning ilmga bo‘lgan ishtiyoqi, ustozlari bilan olib borayotgan ilmiy izlanishlari va erishayotgan yutuqlari ko‘plab tengdoshlariga namuna bo‘la oladi.
Yosh izlanuvchi yaqinda bo‘lib o‘tgan “Mirzo Ulug‘bek vorislari” respublika tanlovining viloyat bosqichida o‘zining ilmiy loyihasi bilan muvaffaqiyatli ishtirok etib, respublika bosqichiga yo‘lanmani qo‘lga kiritdi. Bu yutuq – uning ilmga, tadqiqotga bo‘lgan chin dildan intilishi va ustozi Tibbiy fundamental kafedrasi mudiri Oybek Ro‘ziyev bilan olib borayotgan samarali ilmiy izlanishlarining natijasidir.
Faxriddin ayni paytda biotexnologiyalar orqali kasalliklarni tezroq va samarali davolash usullarini tadqiq etish yo‘nalishida izlanish olib bormoqda. Xususan, u yaratgan tibbiyot plasteri qandli diabet, qon bosimi oshishi kabi kasalliklarni davolashda, shuningdek, oshqozon osti bezi faoliyatini yaxshilashda qo‘l keladi.
— Bundan tashqari, universitetimiz qoshida “MedCampus Academy”
markazini tashkil etish loyihasi ustida ustozim bilan birga ish olib borayapmiz, — deydi Faxriddin Shaymardonov. — Ushbu loyiha – TISU tibbiyot fakulteti talabalari uchun nazariy bilim va amaliy tajribani oshirishga qaratilgan noyob platformadir. “MedCampus Academy” doirasida talabalar uchun turli kurslar, seminarlar, testlar, tibbiy olimpiadalar va magistraturaga tayyorgarlik materiallari taqdim etiladi. Loyihada, shuningdek, xorijiy tibbiy adabiyotlarni o‘zbek tiliga tarjima qilish, ilg‘or xalqaro tajribalarni o‘rganish va talabalar o‘rtasida yetakchilarni saralab olish kabi maqsadlar ham belgilangan. Bu esa talabalar salohiyatini oshirish, ularni ilm-fan va amaliyotda faol ishtirok etishga undashga xizmat qiladi.
Qahramonimiz “Mening O‘zbekistonim”, “Surxondaryo bo‘yicha turistik gid”, “Surxondaryoning turistik merosi” nomli kitoblar muallifi sanaladi. Qolaversa, uning 20 ga yaqin maqolalari chop etilgan. Uning alohida tashabbuslari O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, U-Report, YUNISEF va viloyat hokimligi tomonidan bir necha marotaba diplom va minnatdorlik xatlari bilan taqdirlangan.
Faxriddin Shaymardonovning hozirgi faoliyati nafaqat uning shaxsiy yutuqlarini, balki universitet va butun yurtimizning tibbiyot sohasida yetuk mutaxassislar yetishtirish borasidagi yuksak salohiyatini namoyon etadi. Kelgusida u kabi yoshlar tufayli Tibbiyot fakultetining porloq bitiruvchilari safi yanada kengayadi.