TISUda “Xavfsiz kiber makon” oyligi doirasida tadbir bo‘lib o‘tdi

Termiz iqtisodiyot va servis universitetida respublika miqyosida o‘tkazilayotgan “Xavfsiz kiber makon” oyligi doirasida navbatdagi targ‘ibot tadbiri bo‘lib o‘tdi. Tadbirda viloyat IIB Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoytalarga qarshi kurashish boshqarmasi xodimlari ishtirok etib, talabalarga mazkur yo‘nalishdagi dolzarb masalalar yuzasidan batafsil tushunchalar berishdi.
Mutaxassislar kiberjinoyatlarning turlari, ularning sodir etilish usullari, internetda uchraydigan firibgarlik sxemalari hamda ulardan himoyalanish choralariga alohida to‘xtalib o‘tishdi. Xususan, ijtimoiy tarmoqlarda shaxsiy ma’lumotlarni oshkor qilmaslik, shubhali havolalarga kirmaslik, ishonchsiz manbalardan dastur va ilovalarni yuklab olmaslik, parollardan to‘g‘ri foydalanish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.