TISUda O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosib nishonlandi

TISUda O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosib nishonlandi

  • 28.09.2026
  • 32
Blog Image

O‘qituvchi va murabbiy — yosh avlodga nafaqat bilim, balki hayot sabog‘i, ma’naviy tarbiya va ezgu maqsadlar sari intilish ruhini beradigan sharafli kasb egalaridir. Ularning fidokorona mehnati, zahmat va mas’uliyati jamiyat taraqqiyoti hamda kelajak avlod kamolotida beqiyos ahamiyat kasb etadi.

1-oktabr — O‘qituvchilar va murabbiylar kuni munosabati bilan Termiz iqtisodiyot va servis universiteti professor-o‘qituvchilari va xodimlari uchun TISU Cambridge xalqaro maktabi hovlisida bayram tadbiri tashkil etildi.

Bayram tadbiri ko‘tarinki kayfiyat, samimiy tilaklar va unutilmas lahzalarga boy bo‘ldi.

Tadbir avvalida universitet rektori Anvar Absamatov hamda TISU Cambridge xalqaro maktabi direktori Jahongir Shaturayev so‘zga chiqib, professor-o‘qituvchilar va jamoa a’zolarini qutlug‘ ayyom bilan samimiy muborakbod etdilar. O‘z tabriklarida ustozlarning universitet hayotidagi o‘rni, yoshlar ta’lim-tarbiyasiga qo‘shayotgan hissasi va fidokorona mehnatini alohida e’tirof etdilar.

Shuningdek, jamoa a’zolariga mustahkam sog‘lik, oilaviy xotirjamlik, kasbiy faoliyatlarida muvaffaqiyat va ezgu maqsadlar yo‘lida yangi zafarlar tilandi.

Bayram tadbirining muhim va hayajonli lahzalaridan biri — o‘z kasbiga sadoqat bilan xizmat qilib kelayotgan bir guruh professor-o‘qituvchilar hamda universitetning eng fidoiy xodimlarini munosib taqdirlash marosimi bo‘ldi.

Universitet rahbariyati tomonidan ta’lim-tarbiya jarayonidagi samarali mehnati, jamoa rivojiga qo‘shayotgan munosib hissasi va tashabbuskorligi bilan ajralib turgan xodimlarga ehtirom ko‘rsatilib, ularga diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Bu kabi e’tirof va rag‘bat jamoa a’zolarining mehnatini qadrlash, ularni yangi marralar sari ruhlantirish hamda universitetda sog‘lom va samimiy mehnat muhitini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Tadbirning bayramona ruhini el ardog‘idagi san’atkorlar — Milena Matmusayeva va Jenisbek Piyazov, Hosila Raximovaning chiqishlari yanada ko‘tardi. Ijodkorlarning dilga yaqin kuy-qo‘shiqlari yig‘ilganlarga ko‘tarinki kayfiyat ulashib, bayramga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi.

Samimiy tabassumlar, ezgu tilaklar, jarangdor kuy-qo‘shiqlar va ehtiromga yo‘g‘rilgan lahzalar uyg‘unlashgan bayram tadbiri TISU jamoasi uchun unutilmas taassurotlarga boy bo‘ldi.

Zero, ustozni qadrlash — uning mashaqqatli mehnatini e’zozlash, kelajak avlodga hurmat va kelajakka ishonchni namoyon etishdir.