“Har bir bola e'tiborda" — yangi ijtimoiy loyihaga start berildi
Termiz iqtisodiyot va servis universitetida ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ijtimoiy moslashuvini kuchaytirish va ta’lim orqali imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan yangi ijtimoiy loyiha ishga tushirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligining Surxondaryo viloyati boshqarmasi vakillari hamda TISU Student Union jamoasi o‘rtasida hamkorlikda “Har bir bola e’tiborda: ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarni qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiylashtirish va ta’lim orqali rivojlantirish” loyihasini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Loyihaning asosiy maqsadi — ijtimoiy himoyaga muhtoj har bir bolaga individual yondashuv asosida uning qiziqishi, qobiliyati va salohiyatini aniqlash, rivojlantirish hamda jamiyatda munosib o‘rin egallashi uchun zarur imkoniyatlarni yaratish.
Loyiha doirasida bolalar bilan:
- kasb-hunar va amaliy ko‘nikmalarni shakllantirish;
- xorijiy tillarni o‘rganish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish;
- psixologik va ijtimoiy ko‘mak ko‘rsatish;
- ta’limiy, ma’rifiy va motivatsion treninglar o‘tkazish;
- sport, madaniyat va ijodiy to‘garaklarga jalb etish;
- muloqot, jamoada ishlash va mustaqil qaror qabul qilish ko‘nikmalarini rivojlantirish;
- ijtimoiy muhitga moslashuvini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshiriladi.
Loyihaning asosiy yondashuvi — bolaning mavjud ehtiyojlarini aniqlash va uning individual qobiliyati, qiziqishi va salohiyatini rivojlantirish uchun zarur imkoniyatlarni yaratishdan iborat.
Har bir bolaning qiziqishi — yangi imkoniyat.
Har bir qobiliyati — kelajak salohiyati.
Har bir e’tibor — uning hayotidagi muhim qadam.
“Har bir bola e’tiborda” loyihasi orqali ta’lim muassasasi, talabalar jamoasi va ijtimoiy himoya tizimi o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish, bolalar uchun qo‘shimcha rivojlanish muhitini yaratish hamda ularning jamiyatda faol ishtirokini qo‘llab-quvvatlash maqsad qilingan.
.jpg)
.jpg)