Termiz iqtisodiyot va servis universiteti mahalliy talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘ydi
Termiz iqtisodiyot va servis universiteti O‘zbekistonda birinchilardan bo‘lib mahalliy talabalar almashinuvi dasturini muvaffaqiyatli yo‘lga qo‘ydi. Mazkur tashabbus doirasida Toshkent shahridagi EMU universiteti bilan hamkorlikda ilk talabalar almashinuvi amalga oshirildi. Ushbu loyiha ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi akademik hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqib, talabalarga o‘z mutaxassisliklari bo‘yicha zamonaviy bilim va amaliy tajriba olish imkoniyatini yaratdi.
Talabalar almashinuvi dasturi asosida Termiz iqtisodiyot va servis universitetining stomatologiya yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalari EMU universitetida malaka oshirib, zamonaviy stomatologik uskunalar va ilg‘or davolash texnologiyalari bilan yaqindan tanishdilar. Ular tajribali mutaxassislar rahbarligida amaliy mashg‘ulotlarda qatnashib, kasbiy mahoratlarini yanada mustahkamlash imkoniga ega bo‘ldilar.
Shuningdek, EMU universitetining iqtisodiyot yo‘nalishi talabalari Termiz iqtisodiyot va servis universitetiga tashrif buyurib, universitetning zamonaviy Bloomberg laboratoriyasida maxsus amaliy mashg‘ulotlarda ishtirok etdilar. Laboratoriyada talabalar xalqaro moliya bozorlari, investitsiya tahlili, fond bozori ma’lumotlari va zamonaviy iqtisodiy dasturlar bilan ishlash bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni egalladilar.
Bu kabi mahalliy talabalar almashinuvi dasturlari talabalarning nazariy bilimlarini amaliyot bilan mustahkamlash, ularning kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirish va mamlakat oliy ta’lim tizimida integratsiya jarayonlarini jadallashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.



