Zamonaviy ta’limda sun’iy intellektni qo‘llashning istiqbollari va muammolari

Zamonaviy ta’limda sun’iy intellektni qo‘llashning istiqbollari va muammolari

  • 22.05.2026
  • 21
Blog Image

Termiz iqtisodiyot va servis universitetida “Zamonaviy ta’limda sun’iy intellektni qo‘llashning istiqbollari va muammolari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o‘z ishini boshladi.

 

Mazkur anjuman zamonaviy ta’lim tizimida sun’iy intellekt texnologiyalarining o‘rni, ularning amaliy ahamiyati hamda istiqboldagi imkoniyatlarini muhokama qilishga bag‘ishlandi. Tadbir doirasida mahalliy va xorijiy olimlar, ekspertlar hamda soha mutaxassislari o‘z ilmiy qarashlari va tajribalari asosida fikr almashmoqda.

 

Anjumanning asosiy yo‘nalishlari sifatida ta’lim sohasida sun’iy intellektning qo‘llanilishi, zamonaviy pedagogik texnologiyalar va raqamlashtirish jarayonlari, innovatsion yondashuv va metodikalar, iqtisodiyot hamda servis sohasida AI yechimlari, xalqaro hamkorlik va tajriba almashinuvi, shuningdek, ilm-fan va ta’lim integratsiyasining dolzarb masalalari belgilangan.

 

Nufuzli tadbirda mahalliy va xorijiy olimlar, ekspertlar hamda soha mutaxassislari ishtirok etib, sun’iy intellektning zamonaviy ta’limdagi o‘rni, raqamli transformatsiya jarayonlari va innovatsion yondashuvlar yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.

 

Anjumanda quyidagi xorijiy va mahalliy mutaxassislar ma’ruzalari bilan qatnashdi: Saxnovskaya Yelena Gennadevna — falsafa fanlari nomzodi, Toshkent tibbiyot universiteti Termiz filiali ijtimoiy-gumanitar fanlar kafedrasi assistenti; Denzil Britto — tibbiyot fanlari doktori, professor (Hindiston); Indiana Ayu Alwasilah va Riyadi Maulaya — Indoneziyadan tashrif buyurgan professorlar; Chemezov Sergey Aleksandrovich — tibbiyot fanlari nomzodi, Toshkent tibbiyot universiteti Termiz filiali farmakologiya va klinik farmakologiya kafedrasi dotsenti.

 

Mutaxassislar o‘z chiqishlarida sun’iy intellekt texnologiyalarining ta’lim sifatini oshirishdagi ahamiyati, o‘quv jarayonlarini avtomatlashtirish, ilmiy tadqiqotlarda innovatsion yechimlardan foydalanish hamda talabalar bilimini samarali baholashdagi imkoniyatlariga alohida to‘xtalib o‘tdilar.

 

Shuningdek, anjuman davomida sun’iy intellektdan foydalanishda yuzaga kelayotgan axloqiy, texnik va metodik muammolar, ularni bartaraf etish yo‘llari hamda xalqaro tajribalar keng muhokama qilindi. Mazkur xalqaro ilmiy-amaliy anjuman universitetda ilm-fan va innovatsiyalarni rivojlantirish, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash hamda zamonaviy ta’lim texnologiyalarini keng joriy etish borasidagi muhim qadamlardan biri sifatida e’tirof etilmoqda.