“Kibergigiyena” kuni

“Kibergigiyena” kuni

  • 21.05.2026
  • 54
Blog Image

Termiz iqtisodiyot va servis universitetida “Kibergigiyena” kuni doirasida Tibbiyot fakulteti talabalari uchun targ‘ibot tadbiri tashkil etildi. Mazkur tadbir yoshlar orasida axborot xavfsizligi madaniyatini oshirish, internetdan to‘g‘ri va xavfsiz foydalanish ko‘nikmalarini shakllantirish hamda kiberjinoyatlarga qarshi immunitetni kuchaytirishga qaratildi.



Tadbirda Viloyat ichki ishlar boshqarmasi huzuridagi Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi Kiberprofilaktika bo‘limining katta inspektori S.Majidov, tibbiyot fakulteti dekani B.Bobomurodov, ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha dekan o‘rinbosari S. Jo‘rayev va universitet porfilaktik inspektori Sh.Allayorovlar ishtirok etib, “Men va tengdoshlarim kiberjinoyatga qarshi kurashamiz” mavzusida keng qamrovli targ‘ibot ma’ruzasini o‘tkazdi. Ular o‘z chiqishlarida bugungi kunda internet tarmoqlarida uchrayotgan eng ko‘p tarqalgan kiberjinoyat turlari, ijtimoiy tarmoqlardagi firibgarlik sxemalari hamda ulardan himoyalanish usullari haqida atroflicha to‘xtalib o‘tdi.


 

Shuningdek, talabalarga shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish, murakkab parollar yaratish, shubhali havolalarga kirmaslik va notanish manbalardan kelgan xabarlarni ehtiyotkorlik bilan baholash bo‘yicha amaliy tavsiyalar berdi. Inspektor yoshlarni kiberjinoyatlarga qarshi kurashda befarq bo‘lmaslikka, har bir fuqaro o‘z xavfsizligi uchun mas’ul ekanligini unutmaslikka chaqirdi.



Tadbir doirasida talabalar bilan davra suhbati ham tashkil etildi. Unda ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarni berib, real hayotda uchrayotgan kiberxavflar yuzasidan mutaxassisdan batafsil javoblar oldilar. Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda shaxsiy akkauntlarni himoya qilish va onlayn firibgarliklardan saqlanish bo‘yicha berilgan tavsiyalar talabalar uchun juda foydali bo‘ldi.