Ilmiy-amaliy konferensiya

Ilmiy-amaliy konferensiya

  • 27.04.2026
  • 102
Blog Image

Termiz iqtisodiyot va servis universitetida “Milliy iqtisodiyotda buxgalteriya hisobi, moliyaviy barqarorlik va turizmni rivojlantirish masalalari” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tmoqda. Mazkur anjuman mamlakatimiz iqtisodiy taraqqiyoti, zamonaviy moliyaviy boshqaruv tizimlari hamda turizm sohasini rivojlantirishga qaratilgan dolzarb masalalarni muhokama qilish uchun muhim ilmiy maydon vazifasini bajarmoqda.

 

Konferensiyada respublikaning turli oliy ta’lim muassasalari, ilmiy markazlari hamda iqtisodiyot yo‘nalishidagi mutaxassis olimlar, professor-o‘qituvchilar va tadqiqotchilar ishtirok etmoqda. Tadbir davomida milliy iqtisodiyotda buxgalteriya hisobi tizimini takomillashtirish, moliyaviy barqarorlikni ta’minlash mexanizmlari, turizmni iqtisodiy o‘sish omili sifatida rivojlantirish, shuningdek, innovatsion yondashuvlarni amaliyotga tatbiq etish masalalari yuzasidan ilmiy ma’ruzalar tinglanmoqda.

 

Konferensiyada iqtisodiyot va moliya sohasida faoliyat yuritayotgan taniqli olimlar o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etmoqda. Jumladan, Urganch davlat universiteti professori Baxtiyar Ruzmetov, Diplomat universiteti professori, iqtisodiyot fanlari doktori Go'zalbegim Raximova, Termiz davlat universiteti “Moliya” kafedrasi dotsenti, iqtisodiyot fanlari nomzodi Bahodir Qodirov hamda Samarqand iqtisodiyot va servis instituti professori, iqtisodiyot fanlari doktori Mamayunus Pardayevlar konferensiyaning ilmiy mazmunini boyitmoqda.

 

Anjuman doirasida iqtisodiyotning turli yo‘nalishlariga oid zamonaviy ilmiy tadqiqotlar natijalari taqdim etilib, amaliyotda uchrayotgan muammolar va ularning yechimlari yuzasidan fikr almashilmoqda.