Yoshlar bilan uchrashuv: imkoniyatlar va istiqbollar muhokamasi

Yoshlar bilan uchrashuv: imkoniyatlar va istiqbollar muhokamasi

  • 24.04.2026
  • 76
Blog Image

Mamlakatimizda yoshlar siyosatiga alohida e'tibor qaratilayotgan bir davrda, ularning ijtimoiy faolligini oshirish, kasbiy rivojlanishini qo'llab-quvvatlash hamda kelajakdagi faoliyatini to'g'ri yo'naltirish muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu munosabat bilan, "Yoshlar kuni" bayrami doirasida Boshqaruv samaradorligi agentligining Surxondaryo viloyati filiali rahbari A. Roziqov tomonidan Termiz iqtisodiyot va servis universitetida tahsil olayotgan bitiruvchi bosqich talabalari bilan ochiq muloqot shaklidagi uchrashuv tashkil etildi.

 

 Tadbir samimiy va ochiq ruhda kechib, unda yoshlarning kelgusidagi hayotiy rejalari, kasbiy maqsadlari, shuningdek, ularni qiynayotgan dolzarb muammolar va ilgari surayotgan innovatsion takliflari atroflicha muhokama qilindi. Uchrashuv ishtirokchilari bugungi kun yoshlari oldida turgan imkoniyatlar, shu bilan birga ular duch kelayotgan qiyinchiliklar haqida fikr-mulohazalarini erkin bayon etish imkoniyatiga ega bo'ldilar.

 

 Muloqot davomida filial rahbari A. Roziqov Boshqaruv samaradorligi agentligining faoliyati, asosiy vazifalari hamda yoshlar uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar haqida batafsil ma'lumot berdi. U, ayniqsa, davlat boshqaruvi sohasida iqtidorli yoshlarning ishtirokini ta'minlash, ularni zamonaviy kadrlar sifatida shakllantirish borasida olib borilayotgan islohotlar to'g'risida to'xtalib o'tdi. Shuningdek, davlat xizmatiga kirish tartiblari, tanlov jarayonlari va talab etiladigan malaka darajalari haqida talabalarga amaliy tavsiyalar berildi.

 

 Uchrashuv jonli muloqot shaklida davom etib, talabalar o'zlarini qiziqtirgan savollarni erkin bayon etdilar. Xususan, ular ta'limdan keyingi faoliyat, ishga joylashish jarayonlari, malaka oshirish kurslari, xorijiy tajribani o'rganish imkoniyatlari hamda davlat dasturlari doirasidagi grantlar to'g'risida batafsil ma'lumotlar oldilar. Bundan tashqari, bitiruvchilarni qiziqtirgan yana bir muhim masala — bu nazariy bilimlarni amaliyotga tatbiq etish va dastlabki ish tajribasini orttirish yo'llari bo'ldi.

 

 Ayniqsa, yoshlarning mintaqani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, ta'lim sifatini oshirish, raqamli texnologiyalarni joriy etish hamda ishbilarmonlik muhitini yaxshilashga qaratilgan tashabbuslari va innovatsion g'oyalari mas'ul xodimlar tomonidan diqqat bilan tinglandi. Har bir taklifga alohida e'tibor qaratilib, ularni amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi hamda tegishli yo'nalishdagi tavsiyalar berildi. Eng istiqbolli takliflar esa keyingi bosqichda o'rganib chiqilishi va tegishli organlarga taqdim etilishi belgilab olindi.

 

 Uchrashuv so'ngida filial rahbari A. Roziqov yoshlarga o'qishda muvaffaqiyatlar tilab, ularni tinimsiz izlanishga, o'z ustida muntazam ishlashga va jamiyat taraqqiyotiga munosib hissa qo'shishga da'vat etdi. Shu bilan birga, Boshqaruv samaradorligi agentligi yoshlarning har qanday konstruktiv tashabbuslarini doimiy ravishda qo'llab-quvvatlashga tayyor ekanligini alohida ta'kidladi.