Giyohvandlik – jamiyat kelajagiga tahdid
Termiz iqtisodiyot va servis universitetida talaba-yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, ularni turli zararli illatlardan, xususan, giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar ta’siridan himoya qilish maqsadida uchrashuv tashkil etildi.
Uchrashuv davomida mutaxassislar tomonidan yoshlar orasida giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar tarqalishining oldini olish, bu illatning jamiyat va inson salomatligiga yetkazadigan jiddiy zararlari haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Ayniqsa, giyohvandlikning nafaqat shaxs hayotiga, balki uning oilasi va yaqinlariga, hatto butun jamiyat taraqqiyotiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi alohida ta’kidlandi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi mas’ul xodimlari ham ishtirok etib, yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olish, noqonuniy moddalarning tarqalishiga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘z yuritdilar. Ular tomonidan giyohvandlik bilan bog‘liq jinoyatlar uchun belgilangan huquqiy javobgarlik, bu kabi holatlarga aralashib qolishning og‘ir oqibatlari haqida tushuntirishlar berildi.
Shuningdek, viloyat IIB Tezkor qidiruv xizmati Jinoyat qidiruv boshqarmasi xodimlari tomonidan talabalarga real hayotiy misollar asosida tushuntirishlar berilib, yoshlarni ogohlikka chaqiruvchi fikrlar bildirildi. Uchrashuvda ishtirok etgan narkolog shifokor esa giyohvandlikning inson organizmiga ko‘rsatadigan zararli ta’siri, ushbu illatning dastlabki belgilari, uning asta-sekinlik bilan inson hayotini izdan chiqarishi hamda og‘ir asoratlarga olib kelishi haqida atroflicha ma’ruza qildi.
Tadbir yakunida talabalarga sog‘lom turmush tarziga amal qilish, zararli odatlardan yiroq bo‘lish, hayotda to‘g‘ri yo‘l tanlash muhimligi yana bir bor eslatildi. Shu bilan birga, yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, sport va ilm-fan bilan shug‘ullanish orqali o‘z salohiyatlarini rivojlantirishlari zarurligi ta’kidlandi.