Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligi
Pedagogika va ijtimoiy-gumanitar fanlar fakultetida Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligiga bag‘ishlangan tantanali bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tadbir universitetda tarixiy merosni chuqur o‘rganish, milliy qadriyatlarimizni ulug‘lash hamda talaba-yoshlar qalbida vatanparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlash maqsadida tashkil etildi. Unda fakultet professor-o‘qituvchilari, talaba-yoshlar hamda mehmonlar ishtirok etdi.
Tadbir avvalida tarix fanlari bo‘yicha professor-o‘qituvchilar so‘zga chiqib, Sohibqiron Amir Temurning hayot yo‘li, uning buyuk sarkarda sifatidagi jasorati, strategik tafakkuri hamda markazlashgan qudratli davlat barpo etish yo‘lida amalga oshirgan islohotlari haqida batafsil ma’lumot berdilar. Shuningdek, Amir Temurning ilm-fan, madaniyat va bunyodkorlikka bergan yuksak e’tibori, uning tarixiy merosi bugungi kunda ham yoshlar uchun ibrat maktabi bo‘lib xizmat qilayotgani alohida ta’kidlandi.
Tadbir davomida talabalar tomonidan Sohibqiron Amir Temur siymosiga bag‘ishlangan she’rlar ifodali tarzda o‘qildi. Yoshlar buyuk sarkardaning qat’iyati, adolatparvarligi, dono siyosati va yurt ravnaqi yo‘lidagi xizmatlarini o‘z chiqishlarida chuqur ehtirom bilan yodga oldilar. Shuningdek, talaba-yoshlar tomonidan sahnalashtirilgan badiiy ko‘rinishlar orqali Amir Temur hayotidagi muhim tarixiy voqealar, uning sarkardalik mahorati va davlat boshqaruvidagi dono qarorlari jonli tarzda namoyish etildi.
Sahna ko‘rinishlari tadbir ishtirokchilarida katta taassurot qoldirib, buyuk ajdodlarimiz merosini yanada chuqurroq anglashga xizmat qildi. Talabalar ijrosidagi badiiy chiqishlar tadbirga o‘zgacha ruh bag‘ishladi.
Tadbir yakunida milliy kuy-qo‘shiqlar ijro etilib, ishtirokchilar uchun ko‘tarinki kayfiyat yaratildi. Bayramona ruhda o‘tgan mazkur tadbir talaba-yoshlar qalbida tarixiy merosimizga hurmat, milliy g‘urur va vatanparvarlik tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.



