“Termiz–2026” I Xalqaro tibbiyot olimpiadasi jarayonlari
Surxondaryo ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida joylashgan Termiz iqtisodiyot va servis universiteti Tibbiyot fakulteti klinik bazasida “Termiz–2026” I Xalqaro tibbiyot olimpiadasining amaliy bosqichlari davom etmoqda. Olimpiada jarayonlaridan olingan fotolavhalar ishtirokchilarning yuqori tayyorgarligi hamda musobaqaning qizg‘in va mas’uliyatli ruhda o‘tayotganini yaqqol namoyon etadi.
Mazkur bosqichda turli mamlakatlardan tashrif buyurgan iqtidorli talabalar tibbiyotning belgilangan yo‘nalishlari bo‘yicha o‘z bilim va ko‘nikmalarini sinovdan o‘tkazmoqda. Ishtirokchilar nazariy bilimlarini amaliy vazifalar orqali namoyish etib, klinik fikrlash, tahlil qilish hamda to‘g‘ri qaror qabul qilish bo‘yicha o‘z salohiyatlarini ko‘rsatmoqda.
Olimpiada jarayonlari tajribali professor-o‘qituvchilar va mutaxassislardan iborat hakamlar hay’ati tomonidan adolatlilik va shaffoflik tamoyillari asosida diqqat bilan nazorat qilinmoqda. Hakamlar har bir ishtirokchining faoliyatini belgilangan mezonlar asosida baholab, musobaqaning yuqori saviyada tashkil etilishini ta’minlamoqda.
Ta’kidlash joizki, “Termiz–2026” I Xalqaro tibbiyot olimpiadasi O‘zbekistonda oliy ta’lim va ilm-fan sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning amaliy natijasi sifatida e’tirof etilmoqda. Bunday xalqaro miqyosdagi ilmiy musobaqalar talaba-yoshlarning intellektual salohiyatini namoyon etish, ilmiy izlanishlarga bo‘lgan qiziqishini oshirish hamda turli mamlakatlar oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida akademik hamkorlikni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.


