Markaziy bank va Intellektual mulk markazi mutaxassislari bilan uchrashuv
Termiz iqtisodiyot va servis universitetida Iqtisodiyot va axborot texnologiyalari fakulteti talaba-yoshlari hamda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki va Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk markazi xodimlari ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Markaziy bank, Markaziy bankning Surxondaryo viloyati Bosh boshqarmasi, Intellektual mulk markazining viloyat filiali xodimlari, universitet professor-o‘qituvchilari hamda talabalar qatnashdi.
Uchrashuv davomida mutaxassislar tomonidan moliyaviy savodxonlik, kiberxavfsizlik hamda intellektual mulk sohasiga oid muhim masalalar yuzasidan ma’ruzalar qilindi.
Dastlab O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Moliyaviy savodxonlik departamenti bo‘lim boshlig‘i M.Ibragimova so‘zga chiqib, “Bank kartalari bilan bog‘liq firibgarliklar va ularga qarshi kurashish” mavzusida ma’ruza qildi. U bank kartalari orqali sodir etilayotgan firibgarlik holatlari, ularning oldini olish choralari hamda bank tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida ma’lumot berdi. Shuningdek, 2026-yil 1-apreldan kuchga kiradigan yangi tartiblar yuzasidan ham to‘xtalib o‘tdi.
Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining Kiberxavfsizlik markazi bo‘lim boshlig‘i R.Boltayev talabalarga bugungi kunda keng tarqalayotgan kiberjinoyatlar, plastik kartalar bilan bog‘liq firibgarlik usullari haqida batafsil tushuntirish berdi. U soxta qo‘ng‘iroqlar, shubhali havolalar, zararli ilovalar (apk fayllar) hamda Telegram orqali masofadan boshqarish huquqini beruvchi dasturlar orqali sodir etilayotgan firibgarliklardan ehtiyot bo‘lish va ulardan himoyalanish bo‘yicha muhim tavsiyalarni bildirdi.
Tadbir davomida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi “Intellektual mulk markazi” davlat muassasasining Surxondaryo viloyati filiali bosh maslahatchisi X.Tojiyev ham so‘zga chiqib, universitetda olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar va ularning natijasida olinayotgan patent hamda guvohnomalar sonining oshishida kafedralarning o‘rni muhim ekanini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, bu jarayon mamlakatimizning intellektual mulk sohasidagi salohiyatini rivojlantirish, ixtirochilik faoliyatini rag‘batlantirish hamda ilmiy-texnik ijodkorlik natijalarini amaliyotga tatbiq etishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Uchrashuv yakunida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan batafsil javoblar oldi.