Yoshlar – giyohvandlikka qarshi
Termiz iqtisodiyot va servis universitetida talaba-yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish hamda zararli illatlarning oldini olish maqsadida “Yoshlar – giyohvandlikka qarshi” shiori ostida ijodiy tanlovlar o‘tkazildi.
Mazkur tadbir doirasida “Eng yaxshi rasmlar” va “Eng yaxshi insholar” yo‘nalishlarida ko‘rik-tanlov tashkil etilib, unda universitetning barcha fakultetlaridan iqtidorli va tashabbuskor talabalar ishtirok etdi.
“Eng yaxshi rasmlar” tanlovi o‘ziga xos ko‘rgazma shaklida tashkil etildi. Ko‘rgazmaga qo‘yilgan har bir ishda "asr vabosi"ning ayanchli oqibatlari ta’sirchan va falsafiy ruhda yoritilgan bo‘lib, tomoshabinni hushyorlikka chorlaydi. “Eng yaxshi insholar” tanlovida iqtidorli yoshlar o‘z ijodiy ishlarida giyohvandlikning jamiyat tanazzuliga sabab bo‘lishi, sog‘lom hayot — porloq kelajak garovi ekanligi, yoshlar o‘rtasida mafkuraviy immunitetni shakllantirish zarurligini dalillar bilan asoslab berdilar.
Tanlov jarayonlari soha mutaxassislari va tajribali ustozlardan iborat hakamlar hay’ati tomonidan odilona baholab borilmoqda. Tanlov yakunida eng yuqori natija ko‘rsatgan g‘oliblar diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanadi.

.jpg)



