Bloomberg terminali bo‘yicha trening
Termiz iqtisodiyot va servis universitetida professor-o‘qituvchilarning kasbiy bilim va ko‘nikmalarini yanada rivojlantirish, ularni zamonaviy moliyaviy texnologiyalar hamda xalqaro tajribalar bilan tanishtirish maqsadida navbatdagi onlayn trening tashkil etildi.
Treningni Buyuk Britaniyaning Nyukasl shahrida joylashgan nufuzli oliy ta’lim muassasasi — Northumbria universiteti Moliya kafedrasi professori Karimov Nodir olib bordi.
Trening davomida ishtirokchilarga Bloomberg terminalining moliya bozorlarini tahlil qilishdagi ahamiyati, xalqaro fond bozorlari, valyuta kurslari, investitsiya instrumentlari hamda real vaqt rejimida iqtisodiy ma’lumotlarni olish imkoniyatlari haqida tushunchalar berildi. Shuningdek, ushbu platforma orqali iqtisodiy ko‘rsatkichlarni tahlil qilish, bozor dinamikasini kuzatish hamda investitsiya jarayonlari bo‘yicha amaliy tahlillarni amalga oshirish usullari haqida batafsil ma’lumotlar taqdim etildi.
Onlayn trening jarayonida professor-o‘qituvchilar Bloomberg terminalidan ta’lim jarayonida foydalanish, talabalar uchun amaliy mashg‘ulotlar tashkil etish hamda ilmiy tadqiqotlarda zamonaviy ma’lumotlar bazasidan samarali foydalanish bo‘yicha muhim tavsiyalar oldilar. Trening interaktiv ruhda o‘tib, unda ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, mutaxassislardan batafsil javoblar olish imkoniga ega bo‘ldilar.


