Jaholatga qarshi ma’rifat
Termiz iqtisodiyot va servis universitetida Surxondaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi hamda Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi hamkorligida “Jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurash” hamda “Inson qadri va huquqlarining ustuvorligi – taraqqiyot poydevori” mavzularida ma’naviy-ma’rifiy davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbir yoshlarda yuksak ma’naviyat, huquqiy madaniyat va fuqarolik mas’uliyatini shakllantirish, ularni turli yot g‘oyalardan asrash hamda jamiyatda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashga qaratildi.
Davra suhbatida Surxondaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi mutaxassisi A. Choriyev so‘zga chiqib, bugungi globallashuv sharoitida yoshlarning ongini turli zararli axborot va ekstremistik g‘oyalardan himoya qilish muhim vazifa ekanini ta’kidladi. U jaholat va radikalizmga qarshi kurashishda eng samarali yo‘l – bu ilm-ma’rifat, tanqidiy fikrlash va sog‘lom dunyoqarashni shakllantirish ekanini qayd etdi.
Shuningdek, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi mas’uli A. Abduvohidov o‘z nutqida buyuk allomalarimiz merosi, xususan, Imom Termiziyning ilmiy va ma’naviy qarashlari bugungi kunda ham yoshlar tarbiyasida muhim o‘rin tutishini alohida ta’kidladi. U inson qadri va huquqlarining ustuvorligi har qanday taraqqiyotning asosi ekanini, jamiyat ravnaqi bevosita adolat va ma’rifat bilan bog‘liqligini bildirib o‘tdi.
Tadbir davomida talaba-yoshlar bilan ochiq muloqot tashkil etilib, ularning fikr-mulohazalari tinglandi, qiziqtirgan savollariga atroflicha javoblar berildi. Davra suhbati yoshlarning ma’naviy immunitetini mustahkamlash, huquqiy bilimlarini oshirish va sog‘lom hayotiy pozitsiyani shakllantirishga xizmat qildi.
Mazkur uchrashuvda universitet inspektori Sh. Allayarov faol ishtirok etdi. Tadbir yakunida yoshlarni ilm olishga, mustaqil fikrlashga va jamiyat hayotida faol fuqarolik pozitsiyasini egallashga chaqirildi.
.jpg)

