Termiz iqtisodiyot va servis universitetiga amaliy tashrif
Bugun Termiz iqtisodiyot va servis universitetida muhim tashrif amalga oshirildi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari oʻrinbosari Hilola Umarova hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Eʻzoza Karimova universitet faoliyati bilan yaqindan tanishish maqsadida tashrif buyurdilar.
Tashrif davomida H.Umarova va E.Karimovalar oliygohda yaratilgan shart-sharoitlar, zamonaviy jihozlangan o‘quv xonalari, multimedia texnologiyalari bilan ta’minlangan auditoriyalar bilan tanishdi.
Tashrif doirasida talaba-yoshlar bilan ochiq va samimiy suhbat o‘tkazildi. Bugun Prezidentimiz tomonidan yoshlarga yaratilayotgan keng imkoniyatlar, grantlar, xorijiy ta’lim dasturlari va ilmiy loyihalarni qo‘llab-quvvatlash tizimi haqida so‘z yuritildi.
Shuningdek, universitetda ingliz tilini o‘qitish sifatini tubdan yaxshilash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi. Xususan, University of Cambridge metodikasi asosida ishlab chiqilayotgan yangi o‘quv tizimi, zamonaviy baholash usullari hamda xalqaro standartlarga mos dasturlar joriy etilayotgani alohida ta’kidlandi.
Uchrashuv davomida Hilola Umarova universitetdagi zamonaviy infratuzilma, innovatsion yondashuv va yoshlar salohiyatini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yangi tashabbuslardan mamnun ekanligini bildirdi.
Jarayonda universitet ta'sischisi Jamshid Pardayevga Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Eʻzoza Karimova tomonidan "Ta'lim homiysi" ko‘krak nishoni topshirildi.

.jpg)

