Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari universitetimizda
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Sardor Rajabov Termiz iqtisodiyot va servis universitetiga tashrif buyurdi.
Tashrif davomida S.Rajabov universitetning moddiy-texnik bazasi, o‘quv binolari va talabalar uchun yaratilgan infratuzilma bilan yaqindan tanishdi. O‘quv xonalaridagi sharoitlar, EDU HUB markazining faoliyati va raqamli ta’lim texnologiyalarining dars jarayoniga tatbiq etilishiga alohida e’tibor qaratdi.
Shuningdek, universitetda ingliz tilini o‘qitish sifatini yangi bosqichga olib chiqish borasida Cambridge universiteti metodikasi asosida yaratilayotgan yangi tizim, nufuzli xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan olib borilayotgan hamkorlik aloqalari haqida ijobiy fikrlar bildirildi.
Oliy ta’limdagi islohotlarning tub mohiyati sifatli kadr tayyorlashga qaratilgan. S.Rajabov universitet talabalari bilan suhbatlashar ekan, yoshlarga yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalanish, nafaqat nazariy bilim, balki amaliy ko‘nikmalarni ham egallash zarurligini ta’kidladi.
Uchrashuv davomida universitet jamoasining so‘nggi yillarda erishgan yutuqlari va ilmiy-tadqiqot ishlariga ham to‘xtalib o‘tildi. Jumladan, universitetning ilmiy salohiyatini yanada oshirish, professor-o‘qituvchilarning xalqaro reytinglardagi nufuzli nashrlarda maqolalar e’lon qilishi hamda innovatsion ishlanmalarni ishlab chiqarishga joriy etish masalalari muhokama qilindi.
Tashrif yakunida o‘quv dasturlarini xalqaro standartlar asosida takomillashtirish va ilmiy tadqiqotlar ko‘lamini kengaytirish va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash borasida takliflar bildirildi.
Ushbu tashrif Termiz iqtisodiyot va servis universitetining yurtimizdagi yetakchi oliy ta’lim muassasalaridan biri sifatidagi mavqeini yanada mustahkamlashga hamda ta’lim sifatini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.


