Olima ayollar forumi

Olima ayollar forumi

  • 12.02.2026
  • 1402
Blog Image

11-fevral — “Ilm-fan sohasidagi ayollar va qizlar xalqaro kuni” munosabati bilan Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universitetida “Zamonaviy ilm-fan taraqqiyotida olima ayollarning o‘rni” mavzusida viloyat miqyosidagi forum bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbir ilm-fan sohasida faoliyat yuritayotgan xotin-qizlarning salohiyatini namoyon etish, ularning ilmiy izlanishlari va innovatsion tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda yosh avlodni ilmiy faoliyatga keng jalb etish maqsadida tashkil etildi.

 

Forumda viloyatdagi oliy ta’lim muassasalari vakillari, soha mutaxassislari, ilmiy tadqiqotchilar hamda professor-o‘qituvchilar ishtirok etdi. Xususan, Termiz iqtisodiyot va servis universitetining olima ayollari ham mazkur anjumanda faol qatnashib, ilm-fan va ta’lim sohasidagi tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar.

 

Tadbir davomida olima ayollarning zamonaviy ilm-fan rivojidagi o‘rni, ularning innovatsion faoliyatdagi tashabbuslari, ilmiy loyihalar yaratish va yangi texnologiyalarni o‘zlashtirish borasidagi yutuqlari keng muhokama qilindi. Ma’ruzachilar o‘z chiqishlarida ilm-fan sohasida gender tenglikni ta’minlash, xotin-qizlar uchun ilmiy izlanishlar olib borishda qulay muhit yaratish va ularning intellektual salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish bugungi kunning ustuvor vazifalaridan biri ekanini ta’kidladilar. Forum ilmiy hamkorlikni kengaytirish, tajriba almashish va yangi tashabbuslarni ilgari surish uchun samarali muloqot maydoniga aylandi.

 

Tadbir yakunida ilm-fan rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan bir qator faol olimalar viloyat hokimligining tashakkurnomasi bilan taqdirlandi. Ular orasida Termiz iqtisodiyot va servis universiteti Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha rektor maslahatchisi M. Norbosheva, filologiya fanlari doktori (DSc) O. O‘rolova hamda filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent O. Xazratqulova alohida e’tirof etildi. Ushbu mukofotlar ularning ilmiy faoliyati, ta’lim jarayonidagi fidokorona mehnati va jamiyat taraqqiyotiga qo‘shayotgan hissasining yuksak bahosi bo‘ldi.