Ilimli ayol — jamiyat ko‘zgusi
Termiz iqtisodiyot va servis universitetida 11-fevral — Xalqaro ilm-fan sohasidagi xotin-qizlar kuni munosabati bilan “Ilimli ayol — jamiyat ko‘zgusi” shiori ostida keng ko‘lamli ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi. Mazkur tadbirning asosiy maqsadi ilm-fan sohasida samarali faoliyat yuritib kelayotgan ayol olimalarning jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni va rolini yoritish, yosh avlodni ilmga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirishdan iborat bo‘ldi.
Tadbirda universitetda faoliyat olib borayotgan namunali ayol professor-o‘qituvchilarning hayot yo‘li, ilmiy izlanishlari, kasbiy faoliyati hamda ta’lim-tarbiya sohasidagi fidokorona mehnati haqida mazmunli va ibratli suhbatlar tashkil etildi. Ularning ilm-fan yo‘lidagi mashaqqatli mehnati, erishgan yutuqlari va jamiyat rivojiga qo‘shayotgan munosib hissasi alohida e’tirof etildi. Ushbu chiqishlar talaba-yoshlarda ilmli bo‘lish, bilim orqali jamiyatga xizmat qilish kabi ezgu g‘oyalarning mustahkamlanishiga xizmat qildi.
Shuningdek, tadbir davomida iqtidorli talabalar tomonidan she’r va g‘azallar ifodali o‘qildi, ayol zotining jamiyatdagi o‘rni, uning ma’naviy-ma’rifiy hayotdagi ahamiyati madh etilgan badiiy chiqishlar namoyish etildi. Musiqiy chiqishlar tadbirga yanada fayz va ko‘tarinkilik bag‘ishlab, unda ishtirok etgan mehmonlar va talabalarda chuqur taassurot qoldirdi.
Tadbir jarayonida ilmli va ziyoli ayollarning nafaqat ta’lim va ilm-fan sohasida, balki jamiyatning barcha jabhalarida yetakchi kuch ekani, ularning yosh avlod tarbiyasidagi beqiyos hissasi alohida ta’kidlandi. Bugungi kunda ayol olimalarning jamiyat taraqqiyotida muhim o‘rin tutayotgani, ularning ilmiy salohiyati yurt kelajagi uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilayotgani qayd etildi.
Tadbir so‘ngida ta’lim va ilm-fan rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan ayol o‘qituvchilar hamda o‘qish va jamoat ishlarida faol ishtirok etayotgan iqtidorli talabalar tashakkurnomalar va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.