TISUda xalqaro ilmiy anjuman

Termiz iqtisodiyot va servis universitetida 25-26-aprel kunlari “Raqamli transformatsiya sharoitida ta'lim va tarbiyaning dolzarb muammolari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi.
Ertalabdan anjuman ishtirokchilarini kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi. Vohamizdagi va respublikamizdagi nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan professor-o‘qituvchilar, Tojikiston, Keniya va Janubiy Afrika, Rossiya davlatlaridan tashrif buyurgan mehmonlar munosib kutib olindi.
Xalqaro ilmiy anjumanda Keniya Respublikasidan Samuel Nyabere, Janubiy Afrikadan Khan Adhel, Termiz davlat universiteti, Buxoro davlat universiteti, Tojikiston milliy universiteti hamda Rossiya Federatsiyasidagi Adigey davlat universiteti professor-o‘qituvchilari ishtirok etishdi.
Asosan, oliy ta’lim tizimini ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlari ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda, fan, ta’lim va ishlab chiqarishning mustahkam integratsiyasini ta’minlash asosida ta’lim sifatini yaxshilash, raqobatbardosh kadrlar tayyorlash, ilmiy va innovatsion faoliyatni samarali tashkil etish tizimidagi muammolar va ularni hal etish yo‘llari, ilg‘or pedagogik tajriba va innovatsiyalarni
umumlashtirish va ommalashtirish hamda ilmiy va amaliy yutuqlar muhokama qilindi.
Shuningdek, globallashuv sharoitida bola tarbiyasiga nisbatan yondashuvlar va ta’lim-tarbiyaning rivojlanish istiqbollari, atrof-muhit muhofazasi, aholi salomatligi va sog‘liqni saqlashning dolzarb masalalari, raqamli iqtisodiyot va axborot texnologiyalarini takomillashtirish, informatsion jamiyatni shakllantirishning ijtimoiy-falsafiy muommolari kabi masalalar muhokamalar markazida bo‘ldi.