GUANCHJOU — SANOATGA AYLANGAN SHAHAR

GUANCHJOU — SANOATGA AYLANGAN SHAHAR

  • 25.12.2025
  • 121
Blog Image

Joriy yilning 22-27 noyabr kunlari universitetimiz delegatsiyasi Xitoyning Guanchjou shahridagi sanoat korxonalarida bo‘lishdi. Xitoyning janubidagi yirik sanoat va innovatsiya markazi — Guanchjou bugungi globallashuv jarayonida Osiyoning eng qudratli iqtisodiy dvigatellaridan biri sifatida maydonga chiqmoqda. Bu shaharni ko‘pincha “Dunyo fabrikasi”ning yuragi, sanoat ishlab chiqarishning xalqaro laboratoriyasi deb atashadi. Guanchjoudagi korxonalarga sayohat esa, nafaqat jadal ishlab chiqarish tizimini ko‘rish, balki texnologiya va tartib uyg‘unligini his etish imkonini beradi.

 

Guanchjou sanoat zonalariga kirganingizda, birinchi navbatda, ulkan hududlar bo‘ylab bunyod etilgan, yuqori texnologiyalar asosida ishlaydigan korxonalar e’tiborni tortadi. Avtomatlashtirilgan yig‘uv liniyalari, robot texnikalar, raqamli nazorat tizimlari va sun’iy intellekt asosidagi boshqaruv mexanizmlari — bularning barchasi ishlab chiqarish jarayonining asosiy bo‘g‘iniga aylangan.

 

Shaharda avtomobilsozlik, elektronika, kimyo sanoati, to‘qimachilik, maishiy texnika, qurilish materiallari va logistika infratuzilmasi eng yuqori rivojlangan yo‘nalishlar hisoblanadi. Ayniqsa, “Guangzhou Automobile Group” (GAC) avtomobil zavodiga tashrif san’at darajasiga yetkazilgan yig‘uv liniyasini ko‘rish uchun alohida qiziqish uyg‘otadi.

 

Robotlar yordamida bajariladigan payvandlash ishlari, 3D-lazerli sifat tekshiruv platformalari va ekologik toza bo‘yoq kameralar zamonaviy avtomobilsozlikning yangi mezonini belgilab beradi.

 

Raqamlashtirilgan hududning yangi qiyofasi

Bugun Guanchjou korxonalarining aksariyati “aqlli zavod” konsepsiyasi asosida faoliyat yuritadi. Ishlab chiqarishdagi har bir jarayon markaziy raqamli boshqaruv tizimi tomonidan kuzatib boriladi. Operatorlar jarayonni masofadan turib boshqarishi, nosozliklarni oldindan aniqlashi va real vaqtning o‘zida tahlil qilishi mumkin.

Bu tizim nafaqat unumdorlikni oshiradi, balki inson omili tufayli yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xatoliklarni minimum darajaga tushiradi.

 

Ekologiya – sanoatning ajralmas bo‘g‘ini

Guanchjou sanoat sayohatining eng e’tiborga molik jihatlaridan biri — bu ishlab chiqarish jarayonining ekologik talablarga to‘liq mosligi. Ko‘plab korxonalarda:

· chiqindilarni qayta ishlash markazlari;

· suvni tozalash stansiyalari;

· havo monitoringi sensori bilan jihozlangan sexlar;

· energiya tejovchi texnologiyalar

muvaffaqiyatli joriy etilgan. Shahar “yashil sanoat” konsepsiyasi bo‘yicha Xitoyning ilg‘or hududlaridan biri hisoblanadi.

Quyosh energiyasidan foydalanish, ishlab chiqarish jarayonida issiqlikni qayta ishlash, chiqindi gazlarni filtrlash tizimlari korxonalarning kundalik faoliyatiga aylangan.

Shavkat OTAMURODOV,

Xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektor,

iqtisodiyot fanlari doktori, dotsent