OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING QARORI
Oliy taʼlim tashkilotlariga oʻqishga qabul qilish jarayonlarini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasining “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Qonuni ijrosini taʼminlash hamda oliy taʼlim tashkilotlariga oʻqishga qabul qilish, talabalar oʻqishini koʻchirish, qayta tiklash, oʻqishdan chetlashtirish va akademik mobilligini tashkil etish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Oliy taʼlim tashkilotlarining bakalavriatiga oʻqishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
Oliy taʼlim tashkilotlarining magistraturasiga oʻqishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga muvofiq;
Oliy taʼlim tashkilotlari talabalari oʻqishini koʻchirish, qayta tiklash va oʻqishdan chetlashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 3-ilovaga muvofiq;
Oliy taʼlim tashkilotlari talabalarining akademik mobilligini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 5-ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 6-ilovaga muvofiq baʼzi qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
4. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi respublika oliy taʼlim tashkilotlarining bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha qabul parametrlariga takliflarni shakllantirishda quyidagilarni nazarda tutsin:
bilimli va iqtidorli yoshlarning taʼlim olishlari uchun imkoniyatlarni kengaytirish maqsadida davlat granti asosidagi qabul koʻrsatkichlarini oshirib borish;
ishlab chiqarishdan ajralmagan holda hamda uch yoshgacha farzandi bor ayol talabalarning taʼlim olishlari uchun qulaylik yaratish maqsadida masofaviy taʼlim shakli boʻyicha qabul parametrlarini bosqichma-bosqich oshirib borish.
5. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ikki oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri K.A. Sharipov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 13-sentabr,
578-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 13-sentabrdagi 578-son qaroriga
1-ILOVA
Oliy taʼlim tashkilotlarining bakalavriatiga oʻqishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasida faoliyat olib borayotgan davlat oliy taʼlim tashkilotlari (keyingi oʻrinlarda — oliy taʼlim tashkilotlari)ning bakalavriatiga talabalarni oʻqishga qabul qilish tartibini belgilaydi.
Ushbu Nizom oʻqishga qabul qilish jarayonlari alohida qonunchilik hujjatlariga muvofiq tartibga solinadigan oliy taʼlim tashkilotlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
2. Oliy taʼlim tashkilotlarining bakalavriatiga quyidagi parametrlar asosida oʻqishga qabul qilinadi:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli hujjatlari bilan tasdiqlangan bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha davlat granti, jumladan, taʼlim granti asosidagi davlat buyurtmasi parametrlari;
Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim tashkilotlariga qabul qilish boʻyicha davlat komissiyasi (keyingi oʻrinlarda — Davlat komissiyasi) tomonidan tasdiqlangan oliy taʼlim tashkilotlari, taʼlim shakllari va tillar kesimidagi bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha umumiy qabul parametrlari.
3. Oliy taʼlim tashkilotlarining mavjud taʼlim shakllariga abituriyentlar Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlangan kirish imtihonlari (test sinovlari, kasbiy (ijodiy) imtihon) natijalariga koʻra toʻplangan ballarning reyting tizimi boʻyicha oʻqishga qabul qilinadi.
Kirish imtihonlari quyidagi ikki boʻlimdan iborat boʻladi:
birinchi boʻlim — barcha bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari uchun majburiy uchta fan — ona tili, matematika va Oʻzbekiston tarixi fanlaridan test sinovlari;
ikkinchi boʻlim — abituriyent tanlagan bakalavriat taʼlim yoʻnalishiga mos ikkita fandan test sinovlari yoki test sinovlari bilan bir qatorda oʻtkaziladigan bakalavriat taʼlim yoʻnalishiga mos kasbiy (ijodiy) imtihonlar.
Davlat granti va toʻlov-kontrakt asosida qabul parametrlari doirasida hamda qabul parametrlaridan tashqari abituriyentlarni oʻqishga qabul qilish Davlat komissiyasi tomonidan ushbu Nizomda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Oliy taʼlim tashkilotlariga qabul teng huquqlilik, yagona qabul qoidalari va tanlov asosida amalga oshirilib, kirish imtihonlarida eng yuqori ball toʻplagan abituriyentlar taʼlim grantlari boʻyicha birinchi navbatda qabul qilinadi. Qolgan abituriyentlar toʻplagan ballari reytingi asosida belgilangan toʻlov-kontrakt asosidagi qabul parametrlari doirasida qabul qilinishi taʼminlanadi.
Tanlov:
davlat granti uchun — har bir bakalavriat taʼlim yoʻnalishi boʻyicha oliy taʼlim tashkilotining umumiy qabul parametriga nisbatan davlat granti kvotasining ulushi asosida;
toʻlov-kontrakt uchun — har bir oliy taʼlim tashkiloti boʻyicha taʼlim yoʻnalishlari, taʼlim tillari va taʼlim shakllariga koʻra alohida;
maqsadli qabul uchun — har bir taʼlim yoʻnalishi va hudud boʻyicha (hududlar kesimida maqsadli qabul parametrlari tasdiqlangan taqdirda) alohida oʻtkaziladi.
Bunda oliy taʼlim tashkilotining umumiy qabul parametriga nisbatan davlat grantining bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari kesimida ulushini taqsimlash jarayonida qoldigʻi 0,5 dan kichik boʻlgan sonlar 0 ga, 0,5 va undan yuqori boʻlgan sonlar esa 1 ga yaxlitlanadi.
4. Abituriyent umumtaʼlim tashkilotida qaysi tilda tahsil olganidan qatʼi nazar, test sinovlari va kasbiy (ijodiy) imtihonni oliy taʼlim tashkilotida oʻqiydigan tilda topshiradi.
5. Ayrim bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha test sinovlari bilan bir qatorda kasbiy (ijodiy) imtihonlar oʻtkaziladi. Kasbiy (ijodiy) imtihonlar oʻtkaziladigan taʼlim yoʻnalishlari roʻyxati tizimida oliy taʼlim tashkilotlari boʻlgan vazirlik va idoralar takliflari asosida Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
6. Maxsus sirtqi taʼlim shakliga faqat mos yoki turdosh bakalavriat taʼlim yoʻnalishi boʻyicha oʻrta maxsus, kasb-hunar, kasbiy taʼlim maʼlumotiga va bakalavriat taʼlim yoʻnalishiga muvofiq soha, kasb, lavozimlarda kamida uch yillik amaliy ish stajiga (pedagogik yoʻnalishlar uchun pedagogik stajga) hamda ishlab turgan soha tashkilotlaridan berilgan tavsiyanomaga ega boʻlgan, kirish imtihonlari (test sinovlari, kasbiy (ijodiy) imtihon, yozma imtihon)dan muvaffaqiyatli oʻtgan abituriyentlar hisobidan oʻqishga qabul qilinadi.
2-bob. Qabul komissiyalari faoliyatini tashkil etish va qabul jarayonlariga tayyorgarlik koʻrish
7. Oliy taʼlim tashkilotida oʻqishga qabul jarayonlarini tashkil etish boʻyicha kamida 9 nafar malakali mutaxassislardan iborat tarkibda qabul komissiyasi (keyingi oʻrinlarda — qabul komissiyasi) tuziladi.
Qabul komissiyasi tarkibi oliy taʼlim tashkiloti Kengashi tomonidan tasdiqlanadi.
Bunda oliy taʼlim tashkiloti rektori (direktori) lavozimi boʻyicha qabul komissiyasi raisi hisoblanadi.
Qabul komissiyasi va aʼzolarining vazifalari komissiya raisi tomonidan belgilanadi.
8. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari hamda oliy taʼlim tashkilotlari rektorlari (direktorlari) joylarda kirish imtihonlarini (test sinovlari, kasbiy (ijodiy) imtihon) oʻtkazish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilishini taʼminlaydi.
3-bob. Abituriyentlarni roʻyxatdan oʻtkazish
9. Oliy taʼlim tashkilotining bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga quyidagilar abituriyent sifatida roʻyxatdan oʻtishi mumkin:
umumiy oʻrta taʼlim (oʻn bir yillik taʼlim) tashkilotini tugatgan;
oʻrta maxsus taʼlim (toʻqqiz yillik tayanch oʻrta va ikki yillik oʻrta maxsus taʼlim) tashkilotini tugatgan;
boshlangʻich kasbiy taʼlim (toʻqqiz yillik tayanch oʻrta va ikki yillik boshlangʻich kasbiy taʼlim) tashkilotini tugatgan;
Oʻzbekiston Respublikasining “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Qonuni kuchga kirguniga (2020-yil 24-sentabr) qadar oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi (toʻqqiz yillik umumiy oʻrta va uch yillik oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi) tashkilotini tugatgan va bu haqidagi tegishli hujjatga ega boʻlgan shaxslar.
10. Oliy taʼlim tashkilotlariga qabul jarayonida abituriyentlarni onlayn roʻyxatdan oʻtkazish hamda yakuniy natijalarni olish Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligining (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) rasmiy veb-sayti orqali ikki bosqichda amalga oshiriladi.
Bunda abituriyentlar:
birinchi bosqichda har yili 5-iyundan 25-iyunga qadar (25-iyun kuni ham) test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi, taʼlim tili va test topshirish hududini hamda kirish imtihonlari tarkibida kasbiy (ijodiy) imtihon boʻlsa, ushbu imtihonni topshiradigan oliy taʼlim tashkilotini;
ikkinchi bosqichda test sinovi toʻliq yakunlangandan soʻng 15 kun davomida oliy taʼlim tashkiloti, bakalavriat taʼlim yoʻnalishi, taʼlim shakli va tanlov ustuvorligini tanlaydi.
Abituriyentlarga test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi va ketma-ketligi bir xil boʻlgan beshtagacha bakalavriat taʼlim yoʻnalishi hamda taʼlim shakllarini tanlash huquqi beriladi. Bunda kirish imtihonlari tarkibida kasbiy (ijodiy) imtihon mavjud boʻlganda, abituriyentlar muayyan bakalavriat taʼlim yoʻnalishi boʻyicha beshtagacha oliy taʼlim tashkilotini tanlashi mumkin boʻladi.
Abituriyentlarga roʻyxatdan oʻtish jarayonida belgilagan tanlov ustuvorligi (“taʼlim granti” yoki “taʼlim yoʻnalishi”) boʻyicha tanlagan bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari ketma-ketligida tanlovda ishtirok etish imkoniyati beriladi.
11. Koʻzi ojizlar toifasiga kiruvchi abituriyentlar bir bosqichda — har yili 5-iyundan 25-iyunga qadar (25-iyun kuni ham) roʻyxatdan oʻtkaziladi.
Bunda koʻzi ojizlar toifasiga kiruvchi abituriyentlar mazkur muddat davomida oliy taʼlim tashkiloti, bakalavriat taʼlim yoʻnalishi, taʼlim shakli va taʼlim tilini tanlaydi.
12. Fanlar majmuasida chet tili birinchi fan sifatida belgilangan taʼlim yoʻnalishlariga qabul xorijiy tilni bilish boʻyicha kamida B2 darajasidagi milliy yoki xalqaro sertifikat asosida amalga oshiriladi.
13. Abituriyentlarni roʻyxatga olishda umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlari bitiruvchilarining tugatgan taʼlim tashkiloti toʻgʻrisidagi maʼlumotlari Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda tizimida umumiy oʻrta va kasbiy taʼlim tashkilotlari boʻlgan vazirlik va idoralardan “Elektron hukumat” tizimining Idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali real vaqt rejimida olinadi.
Abituriyentlarning shaxsini tasdiqlovchi (pasporti yoki identifikatsiya ID-kartasi) hamda doimiy yashash joyi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar Ichki ishlar vazirligidan real vaqt rejimida olinadi.
14. Abituriyentlarni roʻyxatdan oʻtkazish uchun belgilangan muddatlar tugagandan soʻng maʼlumotlarga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
15. Test sinovlarida ishtirok etishi uchun abituriyentlardan bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizi miqdorida toʻlov undiriladi.
Bunda test sinovlari tashkil etilayotgan yilda taʼlim tashkilotlarini tugatgan abituriyentlar, nogironligi boʻlgan shaxslar (I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslar hamda nogironligi boʻlgan bolalar), toʻliq davlat taʼminotidagi shaxslar, “Kambagʻal oilalar reyestri” axborot modulida roʻyxatga olingan shaxslar va ularning farzandlari hamda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlardan test sinovida ishtirok etish uchun toʻlov undirilmaydi.
Toʻlovni amalga oshirmagan abituriyentlarga test sinovlari va kasbiy (ijodiy) imtihonlarda ishtirok etish uchun ruxsatnoma shakllantirilmaydi.
16. Talabalikka tavsiya etilgan abituriyentlar oliy taʼlim tashkiloti qabul komissiyasiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
ushbu Nizomning 9-bandida qayd etilgan hujjatlardan birining aslini (ilovasi bilan birga);
qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda imtiyozga ega boʻlgan abituriyentlar imtiyoz huquqini tasdiqlovchi hujjatning aslini.
4-bob. Kasbiy (ijodiy) imtihonlarni oʻtkazish
17. Yagona koʻp balli baholash tizimi boʻyicha kasbiy (ijodiy) imtihonlar Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan tasdiqlangan taʼlim yoʻnalishlari roʻyxati va ularga mos keluvchi fanlar majmuasiga muvofiq oʻtkaziladi.
18. Kasbiy (ijodiy) imtihonlarning asosiy maqsadi abituriyentlarning tanlangan bakalavriat taʼlim yoʻnalishi boʻyicha oʻqish va keyinchalik ishlab ketish imkoniyatlarini aniqlash, ularning tanlangan fanlar boʻyicha bilim, kasbiy koʻnikmalarini (ijodiy va jismoniy qobiliyatlarini) baholashdir.
19. Kasbiy (ijodiy) imtihon har bir bakalavriat taʼlim yoʻnalishi va oʻqitish tili boʻyicha alohida oʻtkaziladi.
Kasbiy (ijodiy) imtihonlar fanlar xususiyatidan kelib chiqqan holda amaliy, yozma, ogʻzaki shakllarda oʻtkazilishi mumkin.
Kasbiy (ijodiy) imtihon oʻtkaziladigan fanlar boʻyicha dastur, imtihonlar savollari va topshiriqlarining mazmuni umumiy oʻrta (11-sinf negizida), oʻrta maxsus taʼlim tashkilotlari dasturlariga muvofiqlashtirilgan boʻlishi lozim.
20. Kasbiy (ijodiy) imtihonlar har yili abituriyentlarni roʻyxatdan oʻtkazish yakunlangandan boshlab 20-iyulga qadar (20-iyul kuni ham) oliy taʼlim tashkilotlari tomonidan oʻtkaziladi.
Bunda abituriyentlarning test sinovlari va kasbiy (ijodiy) imtihon topshirish vaqtlari bir kunga toʻgʻri kelib qolmasligi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, tizimida oliy taʼlim tashkilotlari boʻlgan vazirlik va idoralar hamda Agentlik tomonidan muvofiqlashtiriladi.
21. Tizimida oliy taʼlim tashkiloti boʻlgan vazirlik va idoralar rahbarlari hamda oliy taʼlim tashkilotlari rektorlari (direktorlari) joylarda kasbiy (ijodiy) imtihonlarni oʻtkazish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilishini, shu jumladan, imtihonlar oʻtkaziladigan xonalarni koʻrgazmali vositalar, oʻquv qurollari va ashyolar bilan taʼminlaydi.
22. Oliy taʼlim tashkilotida imtihonlar boshlanishidan bir hafta oldin rektorning (direktorning) buyrugʻi bilan tegishli fanlar boʻyicha imtihonlarni tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha kamida 3 nafar tajribali va malakali professor-oʻqituvchilar hamda mutaxassislardan iborat tarkibda kasbiy (ijodiy) imtihon komissiyasi tuziladi.
Kasbiy (ijodiy) imtihonlar qabul komissiyasi raisi tomonidan tasdiqlangan jadvalga muvofiq oʻtkaziladi.
Kasbiy (ijodiy) imtihonlarga ajratiladigan vaqt qabul komissiyasining qarori bilan belgilanadi.
Abituriyentlarning yozma (amaliy) shaklda bajaradigan imtihon ishlari shifrlash orqali tekshiriladi va baholanadi.
23. Kasbiy (ijodiy) imtihonlar ushbu Nizom talablariga muvofiq oʻtkazilishi va imtihon jarayonlari videotasvirga olinishi uchun qabul komissiyasi hamda kasbiy (ijodiy) imtihon komissiyasi aʼzolari masʼul hisoblanadi.
24. Kasbiy (ijodiy) imtihon ishlari hamda jarayonlarining videotasvirlari qabul komissiyalarining maxsus xonalarida uch yil davomida saqlanadi va ushbu muddat oʻtganidan soʻng belgilangan tartibda yoʻq qilinadi.
25. Qabul komissiyasi kasbiy (ijodiy) imtihonlar boshlanishidan kamida bir hafta oldin imtihon dasturi, baholash mezoni, maslahatlar va imtihonlar jadvalini oliy taʼlim tashkilotining rasmiy veb-sayti orqali eʼlon qiladi.
Bunda bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha yagona kasbiy (ijodiy) imtihonlar dasturlari hamda baholash mezonlari tegishli vazirliklar va idoralar tomonidan Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi.
26. Kasbiy (ijodiy) imtihonlar test sinovlari majmualaridagi fanning egallagan oʻrniga qarab, belgilangan eng koʻp ballning 0 dan 100 foizgacha boʻlgan oraligʻida yagona koʻp balli tizim boʻyicha baholanadi.
Agar kasbiy (ijodiy) imtihon bakalavriat taʼlim yoʻnalishi doirasidagi bir nechta mustaqil fanlar boʻyicha oʻtkaziladigan boʻlsa, baholash uchun belgilangan ballarning umumiy miqdori har bir fanning xususiyatlaridan kelib chiqib, differensial tartibda uning tarkibidagi fanlarga boʻlinadi.
27. Kasbiy (ijodiy) imtihonlar oʻtkaziladigan binoga kirishda abituriyent lugʻat, jadval, kitob, uyali telefon, kompyuter, telekommunikatsiya vositalari va shpargalkalar olib kirishga harakat qilsa yoki olib kirgan boʻlsa, shuningdek, kasbiy (ijodiy) imtihonlar davomida imtihon topshiriqlarini boshqa abituriyentga uzatsa yoki yordam bersa, kasbiy (ijodiy) imtihonlar uchun ajratilgan vaqt tugaganidan soʻng imtihon materiallarini topshirishdan bosh tortsa, imtihon materiallarini guruhdan tashqariga chiqarsa, kasbiy (ijodiy) imtihon oʻtkazish tartibini buzgan hisoblanadi va kasbiy (ijodiy) imtihon komissiyasi tomonidan dalolatnoma tuzilib, imtihondan chetlashtiriladi.
28. Tegishli bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga muvofiq fanlar majmuasidagi har bir fan boʻyicha imtihon natijalari kasbiy (ijodiy) imtihon xususiyatiga qarab, imtihon oʻtkazilganidan keyin uch kun muddat ichida oliy taʼlim tashkiloti rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi.
29. Jadval boʻyicha kasbiy (ijodiy) imtihonlarga (imtihon bosqichi yoki turiga) kelmagan abituriyentlar uchun qayta kasbiy (ijodiy) imtihonlar oʻtkazilmaydi, ular navbatdagi bosqich kirish imtihonlariga qoʻyilmaydi hamda oʻqishga qabul qilinmaydi.
30. Oliy taʼlim tashkiloti rektori (direktori)ning buyrugʻi bilan 3 nafardan kam boʻlmagan tarkibda sohaning yetuk mutaxassislari va oliy taʼlim tashkilotining tajribali xodimlari, professor-oʻqituvchilaridan iborat apellyatsiya komissiyasi tashkil etiladi.
Apellyatsiya komissiyasi tarkibiga kasbiy (ijodiy) imtihon komissiyasi aʼzolarining kiritilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Imtihonni qabul qilgan kasbiy (ijodiy) imtihon komissiyasi aʼzosi apellyatsiya jarayonida qatnashib, oʻz fikrini bildirish huquqiga ega.
Apellyatsiya shikoyatlari imtihon natijalari eʼlon qilingan vaqtdan boshlab 24 soat ichida qabul qilinadi va apellyatsiya komissiyasi tomonidan uch kun muddat ichida koʻrib chiqiladi.
Abituriyent apellyatsiya shikoyatini koʻrib chiqishda ishtirok etish huquqiga ega. Apellyatsiya arizasining koʻrib chiqilish vaqti va joyi haqida abituriyentga kamida bir kun oldin xabar beriladi.
31. Kasbiy (ijodiy) imtihonlar natijalari fanlar kesimida alohida imtihon qaydnomalariga kiritiladi.
Ushbu imtihon qaydnomalarining har biri kasbiy (ijodiy) imtihon komissiyasi raisi va qabul komissiyasining masʼul kotibi tomonidan imzolanadi hamda muhrlanadi.
32. Kasbiy (ijodiy) imtihonlarning yakuniy natijalari qaydnomasi qabul komissiyasi raisi va masʼul kotibi tomonidan imzolanadi.
33. Kasbiy (ijodiy) imtihon natijalari qabul komissiyasi tomonidan Agentlikning maxsus dasturiga kiritiladi hamda har yili 25-iyulga qadar kasbiy (ijodiy) imtihonlar natijalari qaydnomalar asosida tekshirilib, qabul komissiyasi masʼul kotibi tomonidan tasdiqlanadi.
5-bob. Test sinovlariga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazish
34. Taʼlim yoʻnalishlari roʻyxati, ularga mos keluvchi fanlar majmuasi, test topshiriqlari soni, baholash mezonlari va javoblar varaqasi namunasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan tasdiqlanadi hamda test sinovlari boshlanishidan kamida olti oy oldin rasmiy veb-sayti orqali eʼlon qilinadi.
Fanlar majmuasi ona tili va adabiyot, matematika, fizika, kimyo, biologiya, tarix, geografiya, chet tili va huquqshunoslik fanlari boʻyicha shakllantiriladi.
Abituriyent roʻyxatdan oʻtishda tanlagan bakalavriat taʼlim yoʻnalishining fanlar majmuasida chet tili fani mavjud boʻlsa, test sinovini ingliz, nemis, fransuz, ispan, italyan, turk, xitoy, koreys, yapon, arab, fors, dariy, urdu, uygʻur va hindiy tillaridan birida topshirishi mumkin. Bunda mazkur chet tillaridan biri abituriyent tomonidan roʻyxatdan oʻtishning birinchi bosqichida tanlanadi.
35. Test topshiriqlari umumiy oʻrta taʼlimning oʻquv dasturlari asosida tuziladi.
Test topshiriqlari roʻyxatdan oʻtishda test topshirish tili sifatida oʻzbek yoki qoraqalpoq tilini tanlagan abituriyentlar uchun lotin alifbosida shakllantiriladi.
36. Test sinovlari Agentlik tomonidan mavjud taʼlim shakllari uchun har yili iyul-avgust oylarida, qoida tariqasida, kuniga ikki smenada oʻtkaziladi.
Test sinovlarini oʻtkazish va roʻyxatdan oʻtishning ikkinchi bosqichini (abituriyent tomonidan oliy taʼlim tashkiloti, bakalavriat taʼlim yoʻnalishi, taʼlim shakli va tanlov ustuvorligini tanlash) amalga oshirish muddatlari Davlat komissiyasi tomonidan belgilanadi hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi va Agentlikning rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi.
37. Test sinovlari Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 3-apreldagi 261-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim muassasalarining bakalavriatiga oʻqishga qabul qilish uchun kirish test sinovlarini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq oʻtkaziladi.
38. Abituriyentning test sinovida toʻplagan ballari haqidagi maʼlumot test sinovi oʻtkazilgan kunning ertasiga, uning talabalikka tavsiya etilgani yoki etilmagani boʻyicha belgilangan tartibda tasdiqlangan tanlov natijasi roʻyxatdan oʻtishning ikkinchi bosqichi (abituriyent tomonidan oliy taʼlim tashkiloti, bakalavriat taʼlim yoʻnalishi, taʼlim shakli va tanlov ustuvorligini tanlash) toʻliq yakunlangandan soʻng bir hafta muddat ichida Agentlikning rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi.
6-bob. Bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga kirish uchun belgilangan imtiyozlarni qoʻllash
39. Mehribonlik uylari, kichik hajmli bolalar uylari, bolalar shaharchalari, SOS — bolalar mahallalari va oilaviy bolalar uylarining bitiruvchilari boʻlgan, shuningdek, vasiylikka, homiylikka yoki oilaga tarbiyaga olingan (patronat) yetim bolalar hamda ota-onalik huquqidan mahrum qilingani, bedarak yoʻqolgan yoki muomalaga layoqatsiz deb topilgani sababli ota-ona yoki yolgʻiz ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan, shuningdek, topib olingan (tashlab ketilgan) ota-onasi nomaʼlum boʻlgan bolalar hamda nikohda boʻlmagan onaning (yolgʻiz onaning) vafot etgani natijasida boquvchisiz qolgan bolalar (yigirma besh yoshga toʻlganlar bundan mustasno) uchun oliy taʼlim tashkilotlariga abituriyentlarni qabul qilishning umumiy soniga qoʻshimcha ravishda bir foizgacha davlat granti asosidagi qabul parametrlari ajratiladi.
Mazkur qabul parametrlari Davlat komissiyasi tomonidan oliy taʼlim tashkilotlari, taʼlim shakllari kesimida taqsimlanadi.
40. Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan oʻtkaziladigan tegishlicha “Tarbiyachi” va “Hamshira” respublika tanlovlari gʻoliblari Davlat komissiyasining qarori bilan mos bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga tanlovdan tashqari kirish imtihonlari (test sinovlari, kasbiy (ijodiy) imtihon, yozma imtihon)siz qoʻshimcha davlat granti asosida qabul qilinadi.
41. “Kambagʻal oilalar reyestri”ga kiritilgan oila farzandlari uchun bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga ajratilgan davlat granti asosidagi qabul parametrlariga nisbatan 10 foizgacha boʻlgan miqdorda qoʻshimcha davlat granti boʻyicha qabul parametrlari ajratiladi.
“Kambagʻal oilalar reyestri”ga kiritilgan oila farzandlari uchun ajratiladigan davlat granti asosidagi qabul koʻrsatkichlarining bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari kesimidagi taqsimoti Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi.
Bunda muayyan bakalavriat taʼlim yoʻnalishi boʻyicha taʼlim grantiga oʻtish ballining 80 foizi va undan yuqori ball toʻplagan “Kambagʻal oilalar reyestri”ga kiritilgan oilalarning farzandlari ajratilgan davlat granti asosidagi qabul parametrlari doirasida ballar ketma-ketligiga qatʼiy rioya qilingan holda talabalikka tavsiya etiladi.
Mazkur imtiyoz:
abituriyent roʻyxatdan oʻtishda tanlagan birinchi bakalavriat taʼlim yoʻnalishiga nisbatan qoʻllanadi;
muayyan oʻquv yili uchun bakalavriat taʼlim yoʻnalishiga kirishda Davlat komissiyasi tomonidan taʼlim grantiga belgilangan minimal oʻtish balidan past ball toʻplagan abituriyentlarga nisbatan qoʻllanmaydi.
42. “B” va undan yuqori darajadagi “A level” hamda 32 va undan yuqori ballga teng “International Baccalaureate” sertifikatlariga ega boʻlgan abituriyentlar sertifikat berilgan fan kirish imtihonlari tarkibida mavjud bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha oliy taʼlim tashkilotlariga bazaviy toʻlov-kontrakt miqdori asosida qoʻshimcha ravishda oʻqishga qabul qilinadi.
Bunda abituriyent tomonidan “International Baccalaureate” sertifikatlari Agentlikka elektron tarzda (IB Secure Website orqali) yuborilishi lozim.
“College Board” tashkiloti tomonidan oʻtkaziladigan “Scholastic Aptitude Test — SAT” xalqaro imtihonida toʻplash mumkin boʻlgan eng yuqori ballning 75 foizi — 1200 ball va undan yuqori natijadagi sertifikatga ega abituriyentlar sertifikat berilgan fan kirish imtihonlari tarkibida mavjud bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha oliy taʼlim tashkilotlariga qoʻshimcha davlat granti asosida oʻqishga qabul qilinadi.
Bunda abituriyent tomonidan “Scholastic Aptitude Test — SAT” sertifikatlari Agentlikka elektron tarzda (DI kod orqali) yuborilishi lozim.
43. Imtihonsiz qoʻshimcha ravishda davlat granti asosida talabalikka tavsiya etish imtiyoziga ega boʻlgan abituriyentlar Davlat komissiyasining qaroriga muvofiq taʼlim shaklidan qatʼi nazar, roʻyxatdan oʻtishda imtiyoz amal qiladigan doirada, tanlagan birinchi bakalavriat taʼlim yoʻnalishiga qoʻshimcha davlat granti asosida oʻqishga qabul qilinadi.
Bunda xalqaro sport musobaqalari gʻoliblari jismoniy tarbiya va sport sohasidagi bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga sport turlarining soha boʻyicha mos kelishiga qatʼiy rioya qilingan holda qoʻshimcha davlat granti asosida imtihonsiz oʻqishga qabul qilinadi.
44. Imtiyozlarni qoʻllashda Davlat komissiyasi tomonidan belgilanadigan minimal oʻtish ballariga qatʼiy amal qilinadi.
45. Umumtaʼlim fanlari va chet tilidan milliy yoki xalqaro sertifikatlarning amal qilish muddatini hisobga olishda abituriyent roʻyxatdan oʻtgan sana inobatga olinadi. Bunda:
umumtaʼlim fanlaridan B+, B, C+, C darajadagi milliy sertifikatga ega abituriyentlar roʻyxatdan oʻtishning birinchi bosqichida ushbu sertifikatdan mutaxassislik fani uchun foydalanishni tasdiqlashi yoki rad etishi mumkin;
sertifikatdan foydalanishni tasdiqlagan abituriyent ushbu fandan test sinovi topshirmaydi va unga ushbu fandan sertifikatdagi foizga mos ravishda ball beriladi;
sertifikatdan foydalanishni rad etgan abituriyent umumiy tartibda test sinovida ishtirok etadi;
sertifikat majburiy fanlardan biri boʻyicha olingan boʻlsa, abituriyent sertifikatdan mutaxassislik fani uchun foydalanishni tasdiqlashi yoki rad etishidan qatʼi nazar, unga tegishli majburiy fandan maksimal ball beriladi va abituriyent ushbu majburiy fan boʻyicha test sinovi topshirmaydi;
umumtaʼlim fanlari (oʻzbek tili va adabiyoti, rus tili va adabiyoti, qoraqalpoq tili va adabiyoti fanlari bundan mustasno) boʻyicha milliy yoki xalqaro sertifikatga ega abituriyentlar imtihonni qaysi tilda topshirishidan qatʼi nazar, belgilangan tartibda imtiyoz qoʻllaniladi.
46. Abituriyentlarda bir toifadagi ikki yoki undan ortiq imtiyoz mavjud boʻlsa, imtiyozlarning qoʻllash ketma-ketligi Agentlik tomonidan belgilanadi.
47. Alohida qabul parametrlari doirasida tanlovda ishtirok etish uchun asos boʻluvchi imtiyozga ega abituriyentlar (nogironligi boʻlgan shaxslar hamda yigirma besh yoshga toʻlmagan Mehribonlik uylari, kichik hajmli bolalar uylari, bolalar shaharchalari, SOS — bolalar mahallalari va oilaviy bolalar uylarining bitiruvchilari boʻlgan, shuningdek, vasiylikka, homiylikka yoki oilaga tarbiyaga olingan (patronat) yetim bolalar hamda ota-onalik huquqidan mahrum qilingani, bedarak yoʻqolgan yoki muomalaga layoqatsiz deb topilgani sababli ota-ona yoki yolgʻiz ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan, shuningdek, topib olingan (tashlab ketilgan) ota-onasi nomaʼlum boʻlgan bolalar hamda nikohda boʻlmagan onaning (yolgʻiz onaning) vafot etgani natijasida boquvchisiz qolgan bolalar bundan mustasno) ular uchun ajratilgan alohida qabul parametrlari doirasida, tanlagan birinchi bakalavriat taʼlim yoʻnalishi boʻyicha tanlovda ishtirok etadi. Bunda:
Oʻzbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi uchun tanlovni amalga oshirishda qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan imtiyozlar tatbiq etilmaydi;
birinchi oliy taʼlim tashkiloti sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasini tanlagan abituriyentlar, istisno tariqasida, ikkinchi (tanlov) sifatida tanlagan oliy taʼlim tashkiloti (Oʻzbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi boʻlganda esa ketma-ketlik boʻyicha navbatdagi oliy taʼlim tashkiloti) uchun ajratilgan alohida qabul parametrlari doirasida tanlovda ishtirok etadi;
alohida qabul parametrlari doirasida tanlovda qatnashib, talabalikka tavsiya etilmagan abituriyentlar roʻyxatdan oʻtishda tanlangan bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha umumiy tartibda tanlovda ishtirok etadi.
48. Imtiyoz bilan davlat granti asosida talabalikka tavsiya etilgan abituriyentlarga (keyingi muddatlarda) ushbu imtiyozdan takroran foydalanishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Davlat granti yoki toʻlov-kontrakt asosida talabalikka qabul qilingan abituriyentlarning ikkinchi marta mazkur taʼlim bosqichida davlat granti asosida oliy taʼlim olishiga ruxsat etilmaydi.
49. Imtiyozga ega boʻlgan abituriyentlar oliy taʼlim tashkilotlariga Davlat komissiyasi tomonidan har yili 1-mayga qadar tasdiqlanadigan oliy taʼlim tashkilotlarining bakalavriatiga oʻqishga kirish uchun beriladigan imtiyozlarning yagona reyestriga muvofiq oʻqishga qabul qilinadi.
50. Imtiyozga ega abituriyentlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar har yili 1-iyunga qadar manfaatdor vazirlik va idoralar tomonidan Agentlikning maxsus axborot tizimiga kiritib boriladi.
Nogironligi boʻlgan shaxslar, jumladan, koʻzi ojiz shaxslarning maʼlumotlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligining tegishli axborot tizimidan real vaqt rejimida olinadi.
51. Agentlik har yili abituriyentlarni roʻyxatga olishning ikkinchi bosqichi yakunlangandan soʻng imtihonsiz qoʻshimcha davlat granti asosida talabalikka tavsiya etish imtiyoziga ega boʻlgan abituriyentlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni Davlat komissiyasiga taqdim etadi.
52. Yangi joriy etiladigan imtiyozlarning qoʻllanish tartibi va mexanizmi majburiy tartibda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Agentlik bilan kelishiladi.
7-bob. Maqsadli qabul parametrlariga oʻqishga qabul qilish
53. Maqsadli qabul parametrlari ajratilgan taʼlim yoʻnalishlarini tanlagan abituriyentlar har bir bakalavriat taʼlim yoʻnalishi boʻyicha dastlab maqsadli, soʻngra umumiy qabul parametrlari doirasida tanlovda ishtirok etadi.
Bunda:
davlat organlari va tashkilotlari hamda ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan xoʻjalik jamiyatlari har yili 15-maydan 1-iyunga qadar kadrlarga boʻlgan oʻz ehtiyojlaridan kelib chiqib, maqsadli qabul kvotasiga takliflarni taʼlim yoʻnalishlari kesimida Davlat komissiyasiga taqdim etadi;
Davlat komissiyasi mavjud davlat buyurtmasi parametrlaridan kelib chiqib, hududlar va taʼlim yoʻnalishlari kesimida maqsadli qabul parametrlarini tasdiqlaydi;
maqsadli qabul parametrlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmoyishi bilan tasdiqlanadigan davlat oliy taʼlim tashkilotlariga bakalavriatning kunduzgi taʼlim shakli boʻyicha davlat buyurtmasi asosida oʻqishga qabul qilish parametrlari doirasida ajratiladi;
maqsadli qabul parametrlari doirasida talabalikka tavsiya etilgan abituriyentlar bilan manfaatdor tuman (shahar) hokimligi, tegishli davlat organi (tashkiloti) hamda oliy taʼlim tashkiloti oʻrtasida toʻrt tomonlama shartnoma tuziladi;
maqsadli qabul parametri doirasida tahsil olgan talabani ish bilan taʼminlash va uning oʻqishni yakunlagandan soʻng muayyan hududda (tashkilotda) ishlab berishini monitoring qilish har bir kadrlar buyurtmachilari (tegishli davlat organi yoki tashkiloti) zimmasiga yuklanadi.
54. Abituriyent maqsadli qabul parametrlari doirasida talabalikka tavsiya etilgan taqdirda, umumiy qabul parametrlari doirasida tanlovda ishtirok etmaydi.
55. Oliy taʼlim tashkilotlari uchun belgilangan qabul parametrlari tarkibida hududlar kesimida maqsadli qabul parametrlari tasdiqlangan taʼlim yoʻnalishlariga qabul muayyan hududda doimiy yashaydigan (roʻyxatga olingan doimiy yashash joyi boʻyicha), belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtib, kirish imtihonlari (test sinovlari, kasbiy (ijodiy) imtihon, yozma imtihon)dan muvaffaqiyatli oʻtgan abituriyentlar hisobidan amalga oshiriladi.
8-bob. Koʻzi ojiz abituriyentlarni oʻqishga qabul qilishning oʻziga xos jihatlari
56. Koʻzi ojizlar toifasiga quyidagi abituriyentlar kiradi:
a) umumiy oʻrta (oʻn bir yillik taʼlim), oʻrta maxsus (toʻqqiz yillik tayanch oʻrta va ikki yillik oʻrta maxsus taʼlim), boshlangʻich kasbiy taʼlim (toʻqqiz yillik tayanch oʻrta va ikki yillik boshlangʻich kasbiy taʼlim), shuningdek, “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni kuchga kirguniga (2020-yil 24-sentabr) qadar oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi (toʻqqiz yillik umumiy oʻrta va uch yillik oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi) tashkilotini tugatganligi haqidagi hujjatga hamda koʻzi boʻyicha 1-guruh nogironligi toʻgʻrisida belgilangan shakldagi maʼlumotnomaga ega boʻlgan shaxslar;
b) koʻzi boʻyicha 2-guruh nogironligi toʻgʻrisida belgilangan shakldagi maʼlumotnomaga ega boʻlgan quyidagi shaxslar:
maxsus maktab-internatlar tomonidan koʻzi ojizlar uchun berilgan oʻrta taʼlim (11-sinf negizida) yetuklik attestatiga ega boʻlgan;
imkoniyati cheklangan shaxslar uchun ixtisoslashgan boshlangʻich kasbiy taʼlim tashkilotlari (kasb-hunar kollejlari) tomonidan koʻzi ojizlar uchun berilgan diplomga ega boʻlgan;
9 yillik koʻzi ojizlar maxsus maktab-internatida oʻqigan va oʻrta maxsus yoki kasb-hunar yoxud boshlangʻich kasbiy taʼlim tashkilotlari diplomiga ega boʻlgan.
57. Koʻzi ojiz abituriyentlar oliy taʼlim tashkilotlariga kirish imtihonlarini taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha fanlar majmuasiga mos keluvchi koʻp balli yoki besh balli baholash tizimi boʻyicha, anʼanaviy shaklda topshiradilar.
58. Fanlar boʻyicha kirish imtihonlarini oʻtkazish shakli (yozma yoki ogʻzaki) qabul komissiyasi tomonidan belgilanadi.
59. Koʻzi ojiz abituriyentlar bilan tushuntirish ishlarini olib borish uchun qabul komissiyasi tomonidan maxsus masʼul xodim ajratiladi.
60. Qabul komissiyasi raisi kirish imtihonlarini oʻtkazish uchun fanlar boʻyicha komissiyalarni tashkil etadi.
61. Fan boʻyicha kirish imtihonlarining dasturlari va baholash mezonlari umumiy oʻrta taʼlimning umumtaʼlim fanlari dasturlariga toʻla muvofiq holda tuziladi va qabul komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi.
62. Fan komissiyasi tarkibiga koʻzi ojizlar yoki nogironlar jamiyatining vakili kiritiladi.
63. Qabul komissiyasi koʻzi ojiz abituriyentlar uchun kirish imtihonlari fanlari boʻyicha maxsus tuzilgan jadvalga binoan maslahatlar tashkil etadi.
64. Koʻzi ojiz abituriyentlar uchun kirish imtihonlari har yili iyul oyida qabul komissiyalari tomonidan belgilanib, eʼlon qilingan muddatlarda oʻtkaziladi.
65. Oliy taʼlim tashkilotlari rektorlari (direktorlari) joylarda koʻzi ojiz abituriyentlarning kirish imtihonlarini oʻtkazish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilishini taʼminlaydi.
66. Koʻzi ojiz abituriyentlarning kirish imtihonlarini ushbu Nizom talablariga muvofiq oʻtkazilishi va imtihon jarayonlari videotasvirga olinishi uchun qabul komissiyasi hamda fan boʻyicha imtihon komissiyasi aʼzolari masʼul hisoblanadi.
Imtihon jarayonlarining videotasvirlari qabul komissiyalarining maxsus xonalarida uch yil saqlanadi va ushbu muddat oʻtganidan soʻng belgilangan tartibda yoʻq qilinadi.
67. Oliy taʼlim tashkiloti rektori (direktori)ning buyrugʻi bilan koʻzi ojiz abituriyentlar uchun oʻtkaziladigan imtihonlar davrida belgilangan tartibda apellyatsiya shikoyatlarini koʻrib chiqish boʻyicha 3 nafardan kam boʻlmagan tarkibda apellyatsiya komissiyasi tashkil etiladi.
68. Apellyatsiya shikoyatlari imtihon natijalari eʼlon qilingan vaqtdan boshlab 24 soat ichida qabul qilinadi va apellyatsiya komissiyasi tomonidan uch kun muddat ichida koʻrib chiqiladi.
69. Oliy taʼlim tashkilotlari tomonidan koʻzi ojiz abituriyentlar va kirish imtihonlari natijalari haqidagi maʼlumotlar Davlat komissiyasiga kiritish uchun kirish imtihonlari yakunlangandan soʻng uch kun muddat ichida Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligiga taqdim etiladi.
70. Kirish imtihonlaridan muvaffaqiyatli oʻtgan (koʻp balli tizimda baholanganda — maksimal ballning 55 foizi va undan yuqori ball olgan, besh balli baholash tizimida baholanganda — “3”, “4” yoki “5” baho olgan) abituriyentlar Davlat komissiyasi qaroriga muvofiq oliy taʼlim tashkiloti rektori (direktori)ning buyrugʻi bilan tanlovsiz, qoʻshimcha davlat granti asosida talabalikka qabul qilinadi.
Abituriyent tomonidan ushbu Nizomning 56-bandiga muvofiq koʻzi ojizlar toifasiga kirishini tasdiqlovchi hujjatlarning asli (nogironlik toʻgʻrisida belgilangan shakldagi maʼlumotnomaning asli koʻrsatiladi) qabul komissiyasiga taqdim etilmasligi oliy taʼlim tashkiloti tomonidan ushbu abituriyentni oʻqishga qabul qilish boʻyicha buyruqning rasmiylashtirilmasligiga asos boʻladi.
9-bob. Abituriyentlarni toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga qabul qilish, oʻqish uchun toʻlov tartibi va miqdori
71. Abituriyentlarni oliy taʼlim tashkilotlariga toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga qabul qilish belgilangan tartibda tasdiqlangan qabul parametrlari doirasida yagona qabul qoidalari asosida kirish imtihonlari (test sinovlari, kasbiy (ijodiy) imtihon)ning ballar reytingi boʻyicha Davlat komissiyasi tomonidan amalga oshiriladi.
Davlat komissiyasi tomonidan abituriyentlarni toʻlov-kontrakt asosida talabalikka tavsiya etish toʻgʻrisida qaror qabul qilingandan soʻng oliy taʼlim tashkiloti bilan yuridik yoki jismoniy shaxslar oʻrtasida belgilangan tartibda shartnoma (kontrakt) rasmiylashtiriladi.
Belgilangan namunadagi shartnoma blankalari Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining “kontrakt.edu.uz” elektron platformasi orqali oliy taʼlim tashkiloti tomonidan abituriyentlarning talabalikka tavsiya etilgani eʼlon qilingan kundan boshlab beriladi.
Toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga tavsiya etilgan abituriyentlar uchun belgilangan toʻlov miqdorining kamida 25 foizi har yili 15-sentabrdan yoki Davlat komissiyasi tomonidan belgilangan muddatdan kechiktirilmasdan toʻlanishi lozim.
Shartnoma shartlari va tomonlarning majburiyatlari, ularning amalga oshirilishi tartibi qonunchilik hujjatlariga muvofiq belgilanadi.
72. Oliy taʼlim tashkilotlari mavjud ilmiy-pedagogik salohiyati va talabalar uchun sifatli taʼlim jarayonini tashkil etish imkoniyatini beradigan moddiy-texnik bazasidan hamda tanlov va toʻplangan ballar miqdoridan kelib chiqib, umumiy belgilangan qabul parametrlaridan tashqari qoʻshimcha (keyingi oʻrinlarda — qoʻshimcha qabul) va tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt asosida abituriyentlarni oʻqishga qabul qilishi mumkin.
73. Oliy taʼlim tashkilotlari qoʻshimcha qabulni Davlat komissiyasi qarori bilan belgilangan qabul koʻrsatkichlariga muvofiq toʻplagan ballari Davlat komissiyasi tomonidan belgilanadigan minimal balldan kam boʻlmagan va asosiy qabul chegaralariga 4 ballgacha yetmagan abituriyentlar orasidan ballar ketma-ketligiga qatʼiy rioya qilingan holda amalga oshiradi.
Bunda toʻlov-kontrakt miqdori amalda oʻrnatilgan bazaviy toʻlov-kontrakt miqdoriga nisbatan quyidagi miqdorlarda belgilanadi:
1,05 ballgacha yetmagan abituriyentlar uchun — bazaviy toʻlov-kontrakt miqdorining 1,5 barobari;
1,06 balldan 2,05 ballgacha yetmagan abituriyentlar uchun — bazaviy toʻlov-kontrakt miqdorining 2,0 barobari;
2,06 balldan 3,05 ballgacha yetmagan abituriyentlar uchun — bazaviy toʻlov-kontrakt miqdorining 2,5 barobari;
3,06 balldan 4,05 ballgacha yetmagan abituriyentlar uchun — bazaviy toʻlov-kontrakt miqdorining 3,0 barobari.
Davlat komissiyasi tomonidan belgilangan muddatlarda ushbu miqdorlar boʻyicha toʻlov-kontrakt shartlarining birinchi oʻquv yili uchun kamida 50 foizi bajarilgandan soʻng abituriyent oliy taʼlim tashkiloti rektori (direktori)ning buyrugʻi bilan oʻqishga qabul qilinadi.
74. Kirish imtihonlari (test sinovlari, kasbiy (ijodiy) imtihon)da toʻplagan ballari Davlat komissiyasi tomonidan belgilanadigan minimal balldan kam boʻlmagan, belgilangan qabul parametrlari doirasida hamda qoʻshimcha qabul asosida qabul qilinmagan va oʻqish istagini bildirgan abituriyentlarga birinchi oʻquv yilida amalda oʻrnatilgan toʻlov-kontrakt miqdoriga nisbatan Davlat komissiyasi tomonidan belgilanadigan tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt miqdorida toʻlovni amalga oshirish sharti bilan oʻqishga kirish huquqi beriladi.
Bunda Qishloq xoʻjaligi vazirligi tizimidagi oliy taʼlim tashkilotlariga kirish uchun belgilangan qabul chegarasidan kam ball toʻplagan abituriyentlar uchun tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt miqdori muayyan bakalavriat taʼlim yoʻnalishi uchun belgilangan toʻlov-kontrakt miqdorining 50 foizi miqdorida belgilanishi mumkin.
Tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt asosida oʻqish istagini bildirgan abituriyent Davlat komissiyasi tomonidan belgilangan muddatlarda toʻlov-kontrakt shartlarining birinchi oʻquv yili uchun kamida 50 foizini bajargandan soʻng oliy taʼlim tashkiloti rektori (direktori)ning buyrugʻi bilan oʻqishga qabul qilinadi.
Tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga qabul qilingan talaba oʻqishning birinchi bosqichida talabalar safidan chetlashtirilgan taqdirda, oʻqishini tiklashida tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt miqdorining qolgan qismini toʻlashi talab etiladi.
75. Oliy taʼlim tashkilotlariga qoʻshimcha va tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt asosida qabul qilingan talabalar birinchi oʻquv yilini muvaffaqiyatli tugatgandan soʻng keyingi oʻquv yilidan boshlab umumiy belgilangan tartibda oʻqishini davom ettiradi.
10-bob. Oʻqishga qabul qilish tartibi
76. Quyidagi holatlarda abituriyentlarning oliy taʼlim tashkilotlariga oʻqishga kirish uchun oʻtkaziladigan tanlovda ishtirok etishiga ruxsat etilmaydi va oʻqishga qabul qilinmaydi:
test sinovida ishtirok etmagan (test sinovlari bilan bir qatorda oʻtkaziladigan kasbiy (ijodiy) imtihonlarda ishtirok etganligidan qatʼi nazar);
kasbiy (ijodiy) imtihonlarda (yoki bir turida) ishtirok etmagan (test sinovida ishtirok etganligidan qatʼi nazar);
oliy harbiy taʼlim tashkilotlariga hujjat topshirib, talabalikka tavsiya etilgan;
“Chaqiriqqacha harbiy taʼlim” taʼlim yoʻnalishiga kirishda kasbiy (ijodiy) imtihonlarda toʻplash mumkin boʻlgan maksimal ballning 33,3 foizidan kam ball toʻplagan.
Mazkur tartib qonunchilik hujjatlariga muvofiq belgilangan imtiyoz asosida kirish imtihonlaridan (yoki bir turidan) ozod etilgan abituriyentlarga nisbatan muayyan imtihon (yoki turi) boʻyicha qoʻllanmaydi.
77. Tanlov kirish imtihonlarining (test sinovlari, kasbiy (ijodiy) imtihon) fanlar majmuasi va undagi fanlar ketma-ketligining mosligi, abituriyent belgilagan tanlov ustuvorligi va bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari ketma-ketligi asosida oʻtkaziladi.
Bunda kirish imtihonlari (kasbiy (ijodiy) imtihon, test sinovlari) natijalariga koʻra bitta bakalavriat taʼlim yoʻnalishi (taʼlim shakli va taʼlim tilini inobatga olgan holda) boʻyicha oxirgi qabul oʻrni uchun ikki yoki undan koʻp abituriyentning toʻplagan umumiy ballari teng boʻlib qolganda, ushbu teng balli abituriyentlarning barchasi mazkur bakalavriat taʼlim yoʻnalishiga mos ravishda davlat granti yoki toʻlov-kontrakt asosida talabalikka tavsiya etiladi.
78. Test sinovlari natijalari boʻyicha tanlovlar quyidagi tartibda oʻtkaziladi:
a) “Taʼlim granti” ustuvorligini tanlagan abituriyentlar uchun:
abituriyentning toʻplagan ballari u tanlagan birinchi bakalavriat taʼlim yoʻnalishi boʻyicha taʼlim granti asosida oʻqishga qabul qilishga yetarli boʻlgan taqdirda, uning test sinovi natijalari ushbu bakalavriat taʼlim yoʻnalishida eʼlon qilinadi va unga tanlagan ikkinchi — beshinchi bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha tanlovda ishtirok etishga ruxsat etilmaydi;
abituriyentning toʻplagan ballari u tanlagan birinchi bakalavriat taʼlim yoʻnalishi boʻyicha taʼlim granti asosida oʻqishga qabul qilishga yetarli boʻlmay, u tanlagan ikkinchi bakalavriat taʼlim yoʻnalishi boʻyicha taʼlim granti asosida oʻqishga qabul qilishga yetarli boʻlgan taqdirda, uning test sinovi natijalari ushbu bakalavriat taʼlim yoʻnalishida eʼlon qilinadi va unga tanlagan uchinchi — beshinchi bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha tanlovda ishtirok etishga ruxsat etilmaydi;
abituriyentning toʻplagan ballari u tanlagan birinchi va ikkinchi bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha taʼlim granti asosida oʻqishga qabul qilishga yetarli boʻlmay, u tanlagan uchinchi bakalavriat taʼlim yoʻnalishi boʻyicha taʼlim granti asosida oʻqishga qabul qilishga yetarli boʻlgan taqdirda, uning test sinovi natijalari ushbu bakalavriat taʼlim yoʻnalishida eʼlon qilinadi va unga tanlagan toʻrtinchi va beshinchi bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha tanlovda ishtirok etishga ruxsat etilmaydi;
abituriyentning toʻplagan ballari u tanlagan birinchi — uchinchi bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha taʼlim granti asosida oʻqishga qabul qilishga yetarli boʻlmay, u tanlagan toʻrtinchi bakalavriat taʼlim yoʻnalishi boʻyicha taʼlim granti asosida oʻqishga qabul qilishga yetarli boʻlgan taqdirda, uning test sinovi natijalari ushbu bakalavriat taʼlim yoʻnalishida eʼlon qilinadi va unga tanlagan beshinchi bakalavriat taʼlim yoʻnalishi boʻyicha tanlovda ishtirok etishga ruxsat etilmaydi;
abituriyentning toʻplagan ballari u tanlagan birinchi — toʻrtinchi bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha taʼlim granti asosida oʻqishga qabul qilishga yetarli boʻlmay, u tanlagan beshinchi bakalavriat taʼlim yoʻnalishi boʻyicha taʼlim granti asosida oʻqishga qabul qilishga yetarli boʻlgan taqdirda, uning test sinovi natijalari ushbu bakalavriat taʼlim yoʻnalishida eʼlon qilinadi;
abituriyent birinchi — beshinchi bakalavriat taʼlim yoʻnalishlaridan biriga taʼlim granti asosida talabalikka tavsiya etilgan taqdirda, unga tanlagan bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha toʻlov-kontrakt asosida tanlovda ishtirok etishga ruxsat etilmaydi;
abituriyentning toʻplagan ballari u tanlagan birinchi — beshinchi bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha taʼlim granti asosida oʻqishga qabul qilishga yetarli boʻlmagan taqdirda, tanlagan bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari doirasida toʻlov-kontrakt asosida mazkur bandning “a” kichik bandi ikkinchi — oltinchi xatboshilarida keltirilgan ketma-ketlik boʻyicha tanlovda ishtirok etadi;
b) “Taʼlim yoʻnalishi” ustuvorligini tanlagan abituriyentlar uchun:
abituriyentning toʻplagan ballari u tanlagan birinchi bakalavriat taʼlim yoʻnalishi boʻyicha taʼlim granti yoki toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga qabul qilishga yetarli boʻlgan taqdirda, uning test sinovi natijalari ushbu bakalavriat taʼlim yoʻnalishida eʼlon qilinadi va unga tanlagan ikkinchi — beshinchi bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha tanlovda ishtirok etishga ruxsat etilmaydi;
abituriyentning toʻplagan ballari u tanlagan birinchi bakalavriat taʼlim yoʻnalishi boʻyicha oʻqishga qabul qilishga yetarli boʻlmay, u tanlagan ikkinchi bakalavriat taʼlim yoʻnalishi boʻyicha taʼlim granti yoki toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga qabul qilishga yetarli boʻlgan taqdirda, uning test sinovi natijalari ushbu bakalavriat taʼlim yoʻnalishida eʼlon qilinadi va unga tanlagan uchinchi — beshinchi bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha tanlovda ishtirok etishga ruxsat etilmaydi;
abituriyentning toʻplagan ballari u tanlagan birinchi va ikkinchi bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha oʻqishga qabul qilishga yetarli boʻlmay, u tanlagan uchinchi bakalavriat taʼlim yoʻnalishi boʻyicha taʼlim granti yoki toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga qabul qilishga yetarli boʻlgan taqdirda, uning test sinovi natijalari ushbu bakalavriat taʼlim yoʻnalishida eʼlon qilinadi va unga tanlagan toʻrtinchi va beshinchi bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha tanlovda ishtirok etishga ruxsat etilmaydi;
abituriyentning toʻplagan ballari u tanlagan birinchi — uchinchi bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha oʻqishga qabul qilishga yetarli boʻlmay, u tanlagan toʻrtinchi bakalavriat taʼlim yoʻnalishi boʻyicha taʼlim granti yoki toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga qabul qilishga yetarli boʻlgan taqdirda, uning test sinovi natijalari ushbu bakalavriat taʼlim yoʻnalishida eʼlon qilinadi va unga tanlagan beshinchi bakalavriat taʼlim yoʻnalishi boʻyicha tanlovda ishtirok etishga ruxsat etilmaydi;
abituriyentning toʻplagan ballari u tanlagan birinchi — toʻrtinchi bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha oʻqishga qabul qilishga yetarli boʻlmay, u tanlagan beshinchi bakalavriat taʼlim yoʻnalishi boʻyicha taʼlim granti yoki toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga qabul qilishga yetarli boʻlgan taqdirda, uning test sinovi natijalari ushbu bakalavriat taʼlim yoʻnalishida eʼlon qilinadi.
Abituriyentning toʻplagan ballari u tanlagan birinchi-beshinchi bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha oʻqishga qabul qilishga yetarli boʻlmagan taqdirda, uning test sinovi natijalari birinchi bakalavriat taʼlim yoʻnalishida eʼlon qilinadi.
Beshtadan kam bakalavriat taʼlim yoʻnalishini tanlagan abituriyentlar, oʻzlari tanlagan bakalavriat taʼlim yoʻnalishlarida mazkur bandda belgilangan tartibga mos ravishda tanlovda ishtirok etadi.
79. Davlat komissiyasining abituriyentlarni oliy taʼlim tashkilotlariga oʻqishga qabul qilish toʻgʻrisidagi qarori qabul qilingan kundan boshlab oliy taʼlim tashkilotlari:
bir hafta muddatda abituriyentlarning darslarga qatnashishiga ruxsat berish toʻgʻrisidagi buyruq (farmoyish);
ushbu Nizomning 9-bandida qayd etilgan hujjatlar oliy taʼlim tashkiloti qabul komissiyasiga taqdim etilgandan soʻng talabalar safiga qabul qilish haqidagi buyruqlarni rasmiylashtiradi.
Toʻlov-kontrakt asosida talabalikka tavsiya etilgan abituriyentlarni 2-sentabrdan boshlab darslarga qatnashishga ruxsat etish toʻgʻrisida oliy taʼlim tashkiloti rektori (direktori)ning buyrugʻi (farmoyishi) rasmiylashtiriladi.
Toʻlov-kontrakt asosida abituriyentlarni oʻqishga qabul qilish yuridik yoki jismoniy shaxslar tomonidan oʻqish uchun shartnomada belgilangan toʻlov miqdori har yili 15-sentabrdan yoki Davlat komissiyasi tomonidan belgilangan muddatlardan kechiktirilmay toʻlangandan soʻng, oliy taʼlim tashkiloti rektori (direktori)ning buyrugʻi bilan rasmiylashtiriladi.
Abituriyent tomonidan ushbu Nizomning 9-bandida qayd etilgan hujjatlar qabul komissiyasiga taqdim etilmasligi oliy taʼlim tashkilotining ushbu abituriyentni oʻqishga qabul qilmasligiga asos boʻladi.
80. Abituriyent tomonidan taqdim etilgan (topshirilgan) hujjatlarning qalbakiligi aniqlangan taqdirda, abituriyent kirish imtihonlaridan (talabalikka qabul qilingan boʻlsa, oliy taʼlim tashkiloti talabalari safidan) chetlashtiriladi hamda bu haqda belgilangan tartibda huquqni muhofaza qilish organlari xabardor qilinadi.
11-bob. Xorijiy fuqarolarni oʻqishga qabul qilish
81. Xorijiy fuqarolar oliy taʼlim tashkiloti tomonidan oʻtkaziladigan suhbat natijasiga koʻra toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga qabul qilinadi.
Xorijiy fuqarolar oliy taʼlim tashkilotlari tomonidan bir oʻquv yilida, qoida tariqasida, ikki marotaba oʻqishga qabul qilinishi mumkin.
82. Oliy taʼlim tashkilotlariga umumiy oʻrta yoki oʻrta maxsus, kasbiy taʼlim, kasb-hunar taʼlimi maʼlumotiga yoki unga tenglashtirilgan maʼlumotga ega xorijiy fuqarolar qabul qilinadi.
83. Xorijiy fuqarolarni toʻlov-kontrakt asosida oʻqitish qiymati tegishli bakalavriat taʼlim yoʻnalishi va mutaxassislik uchun Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga nisbatan belgilangan bazaviy toʻlov-kontrakt miqdoridan kam boʻlmagan miqdorda muayyan oliy taʼlim tashkiloti tomonidan boʻysunuvi boʻyicha vazirlik va idoralar bilan kelishilgan holda mustaqil belgilanadi, Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida boshqacha tartib nazarda tutilgan holatlar bundan mustasno.
84. Oliy taʼlim tashkilotlariga oʻqishga qabul qilingan xorijiy fuqarolarni oʻqitish taʼlim dasturlarida nazarda tutilgan tillarda olib boriladi.
85. Oʻqishni muvaffaqiyatli tugatgan xorijiy fuqaroga belgilangan namunadagi oliy maʼlumot toʻgʻrisidagi tegishli hujjat (diplom) beriladi.
12-bob. Yakunlovchi qoida
86. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradi.
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 13-sentabrdagi 578-son qaroriga
2-ILOVA
Oliy taʼlim tashkilotlarining magistraturasiga oʻqishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasida faoliyat yuritayotgan davlat oliy taʼlim tashkilotlari (keyingi oʻrinlarda — oliy taʼlim tashkilotlari)ning magistraturasiga oʻqishga qabul qilish tartibini belgilaydi.
Ushbu Nizom oʻqishga qabul qilish jarayonlari alohida qonunchilik hujjatlariga muvofiq tartibga solinadigan oliy taʼlim tashkilotlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
2. Oliy taʼlim tashkilotlarining magistraturasiga quyidagi parametrlar asosida oʻqishga qabul qilinadi:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli hujjatlari bilan tasdiqlangan davlat grantlari asosidagi qabul parametrlari;
Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim tashkilotlariga qabul qilish boʻyicha davlat komissiyasi (keyingi oʻrinlarda — Davlat komissiyasi) tomonidan tasdiqlangan oliy taʼlim tashkilotlari va tillar kesimidagi magistratura mutaxassisliklari boʻyicha qabul parametrlari.
3. Oliy taʼlim tashkilotlarining magistraturasida oʻqitish tili belgilangan qabul parametrlari doirasida hujjatlar qabul qilingunga qadar vazirlik va idoralar takliflariga muvofiq Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi.
4. Magistraturaga oʻqishga qabul qilish jarayonlari oliy taʼlim tashkiloti qabul komissiyasi (keyingi oʻrinlarda — qabul komissiyasi) tomonidan muvofiqlashtiriladi. Bunda magistraturaga oʻqishga qabul qilish boʻyicha qabul komissiyasi masʼul kotibining oʻrinbosari tayinlanadi.
5. Abituriyent tamomlagan bakalavriat taʼlim yoʻnalishiga mos yoki turdosh magistratura mutaxassisligi boʻyicha oʻqishga qabul qilinadi.
Abituriyent tamomlagan muayyan bakalavriat taʼlim yoʻnalishi negizidagi magistratura mutaxassisligi mos mutaxassislik hisoblanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi (keyingi oʻrinlarda — Vazirlik) har yili 1-iyulga qadar oliy taʼlim tashkilotlari magistraturasiga qabul qilish boʻyicha turdosh oliy taʼlim yoʻnalishlarining roʻyxatini tasdiqlaydi hamda Vazirlikning rasmiy veb-sayti orqali eʼlon qiladi.
2-bob. Abituriyentlarni roʻyxatdan oʻtkazish
6. Magistraturaga tanlovlar boshlanishidan bir oy oldin qabul komissiyasi magistraturaga qabul qilish muddatlari, mutaxassisliklar nomlari va ajratilgan oʻrinlar haqidagi axborotni oliy taʼlim tashkilotining rasmiy veb-sayti orqali eʼlon qiladi.
7. Abituriyentlar oliy taʼlim tashkilotlari magistraturasiga oʻqishga kirish uchun Vazirlikning rasmiy veb-sayti yoki Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidan biri (keyingi oʻrinlarda — elektron platforma) orqali roʻyxatdan oʻtadi.
Abituriyentlar har yili 1-iyuldan 30-iyulgacha (30-iyul kuni ham) roʻyxatdan oʻtkaziladi.
Abituriyentlar roʻyxatdan oʻtish uchun quyidagi hujjatlarni elektron platformaga yuklaydi:
a) oliy maʼlumot toʻgʻrisidagi hujjat nusxasi (yoki diplomdan koʻchirma nusxa — oliy taʼlim tashkilotlarini davlat granti boʻyicha oʻqib tugatganlar uchun) hamda unga ilova nusxasi.
Bunda 2020/2021 oʻquv yilidan boshlab oliy taʼlim tashkiloti tomonidan berilgan diplom maʼlumotlari (oʻrtacha balli bilan) Vazirlikning “Oliy taʼlim jarayonlarini boshqarish — HEMIS” axborot tizimida avtomatik ravishda shakllantirilishi sababli ushbu toifadagi diplom va uning ilovasini elektron platformaga yuklash talab etilmaydi;
b) xorijiy tilni bilish boʻyicha belgilangan darajadagi sertifikat nusxasi, qonunchilik hujjatlariga muvofiq tanlovdan tashqari magistraturaga kirish boʻyicha imtiyozga ega abituriyentlar bundan mustasno.
Bunda xorijiy tilni bilish darajasini belgilovchi milliy yoki xalqaro sertifikatlar quyidagi darajalarda talab etiladi:
xorijiy tillar yoʻnalishlari boʻyicha — kamida S1 darajasida;
gumanitar, biologik va turdosh fanlar, matematika va statistika, biznes va boshqaruv, huquq, xizmat koʻrsatish, ijtimoiy va xulq-atvorga mansub fanlar, jurnalistika va axborot, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari taʼlim sohalari boʻyicha — kamida V2 darajasida;
boshqa taʼlim sohalari hamda madaniyat va sport mutaxassisliklari boʻyicha — kamida V1 darajasida;
v) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmon va qarorlari hamda Vazirlar Mahkamasining qarorlariga muvofiq imtiyozga ega boʻlgan abituriyentlarning imtiyoz huquqini tasdiqlovchi hujjat nusxasi.
8. Magistraturaga qabul boʻyicha roʻyxatdan oʻtgan abituriyentlarning hujjatlari har yili 10-avgustgacha qabul komissiyalari tomonidan koʻrib chiqiladi va ularning arizalari qabul qilingani elektron platformadagi shaxsiy kabinetlari orqali maʼlum qilinadi.
Arizasi qabul qilinmagan abituriyentlarga arizani qabul qilishni rad etish sababi koʻrsatilgan holda elektron platformadagi shaxsiy kabinetlari orqali maʼlum qilinadi.
9. Elektron platforma orqali roʻyxatdan oʻtgan abituriyentlar arizasi holatini oʻzlarining shaxsiy kabineti orqali kuzatib boradi.
10. Abituriyent tomonidan belgilangan muddatda roʻyxatdan oʻtishda elektron platformaga talab etilgan maʼlumotlar va hujjatlar asliga mos hamda toʻliq belgilangan talablarga muvofiq kiritilganda, qabul komissiyasi tomonidan hujjatlarni qabul qilish rad etilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
3-bob. Tanlovni oʻtkazish
11. Magistraturaga davlat granti va toʻlov-kontrakt asosida, abituriyentlarning bakalavriat diplomi boʻyicha toʻplagan ballari oʻrtacha koʻrsatkichining ketma-ketligiga koʻra Davlat komissiyasi tomonidan oʻqishga qabul qilinadi.
Magistraturaga qabul tegishli bakalavriat taʼlim yoʻnalishi va Vazirlik tomonidan belgilangan turdosh (magistraturaga qabul boʻyicha) oliy taʼlim yoʻnalishlari roʻyxati boʻyicha bakalavr darajasiga hamda xorijiy tilni bilish boʻyicha belgilangan darajadagi sertifikatga ega boʻlgan shaxslar oʻrtasida tanlov asosida amalga oshiriladi.
Tanlov har bir oliy taʼlim tashkiloti boʻyicha magistratura mutaxassisligi, oʻqitish tili va shakliga koʻra alohida oʻtkaziladi. Ayrim magistratura mutaxassisliklari boʻyicha hududlar kesimida, shuningdek, kadrlar buyurtmachilari kesimida maqsadli qabul parametrlari tasdiqlangan taqdirda, tanlov har bir hudud, shuningdek, kadrlar buyurtmachilari (oliy taʼlim tashkiloti) boʻyicha alohida oʻtkaziladi.
12. Magistraturaga qabul barcha uchun teng huquqlilik, yagona qabul qoidalari va yagona tanlov asosida amalga oshirilib, bakalavriat diplomi boʻyicha toʻplagan ballari oʻrtacha koʻrsatkichi eng yuqori boʻlgan abituriyentlarning davlat grantlari boʻyicha birinchi navbatda qabul qilinishi taʼminlanadi. Qolgan abituriyentlar bakalavriat diplomi boʻyicha toʻplagan ballari oʻrtacha koʻrsatkichi ketma-ketligiga koʻra belgilangan toʻlov-kontrakt asosidagi qabul parametrlari doirasida qabul qilinadi.
Ajratilgan qabul parametrlari doirasida eng oxirgi abituriyentning tanlov baliga teng koʻrsatkichga ega abituriyent (abituriyentlar) ham mos ravishda qoʻshimcha oʻrin asosida talabalikka tavsiya etiladi.
13. Koʻrish, eshitish va nutqida nuqsoni boʻyicha I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslarni magistraturaga qabul qilishda ularning xorijiy tilni bilish toʻgʻrisida milliy yoki xalqaro sertifikatga ega boʻlishi talab etilmaydi.
14. Magistraturaga oʻqishga qabul qilishda koʻzi ojiz abituriyentlar toifasiga quyidagilar kiradi:
a) koʻzi boʻyicha 1-guruh nogironligi toʻgʻrisida belgilangan shakldagi maʼlumotnomaga ega boʻlgan shaxslar;
b) koʻzi boʻyicha 2-guruh nogironligi toʻgʻrisida belgilangan shakldagi maʼlumotnomaga ega boʻlgan quyidagi shaxslar:
maxsus maktab-internatlar tomonidan koʻzi ojizlar uchun berilgan oʻrta taʼlim (11-sinf negizida) yetuklik attestatiga ega boʻlgan;
imkoniyati cheklangan shaxslar uchun ixtisoslashgan boshlangʻich kasbiy taʼlim tashkilotlari (kasb-hunar kollejlari) tomonidan koʻzi ojizlar uchun berilgan diplomga ega boʻlgan;
9 yillik koʻzi ojizlar maxsus maktab-internatida oʻqigan va oʻrta maxsus yoki kasb-hunar yoxud boshlangʻich kasbiy taʼlim tashkilotlari diplomiga ega boʻlgan.
15. Koʻzi ojiz abituriyentlarning bakalavriat diplomi boʻyicha toʻplagan ballari oʻrtacha koʻrsatkichi 100 ballik reyting tizimi boʻyicha 71 ball va undan yuqori yoki “5” balli baholash tizimi boʻyicha “4” va undan yuqori boʻlganda, ular qoʻshimcha davlat granti asosida oʻqishga qabul qilinadi.
16. “College Board” tashkiloti tomonidan oʻtkaziladigan “Scholastic Aptitude Test — SAT” xalqaro imtihonida toʻplash mumkin boʻlgan eng yuqori ballning 75 foizi — 1200 ball va undan yuqori natija boʻyicha sertifikatga ega abituriyentlar sertifikat berilgan fanga mos va tamomlagan bakalavriat taʼlim yoʻnalishiga mos va turdosh magistratura mutaxassisliklariga qoʻshimcha davlat granti asosida talabalikka qabul qilinadi.
Bunda abituriyent tomonidan “Scholastic Aptitude Test — SAT” sertifikatlari Vazirlikka elektron tarzda (DI kod orqali) yuborilishi lozim.
17. Imtiyozga ega boʻlgan abituriyentlar oliy taʼlim tashkilotlariga Davlat komissiyasi tomonidan har yili 1-mayga qadar tasdiqlanadigan oliy taʼlim tashkilotlarining magistraturasiga oʻqishga kirish uchun beriladigan imtiyozlarning yagona reyestriga muvofiq oʻqishga qabul qilinadi.
18. Vazirlik oliy taʼlim tashkilotlarining magistratura mutaxassisliklariga qabul qilish natijalarini har yili 20-avgustga qadar Davlat komissiyasiga tasdiqlash uchun kiritadi.
19. Oliy taʼlim tashkilotida abituriyentlarning apellyatsiya shikoyatlarini koʻrib chiqish boʻyicha qabul komissiyasi aʼzolari, fakultetlar dekanlari va tajribali professor-oʻqituvchilardan iborat tarkibda apellyatsiya komissiyasi tuziladi.
Abituriyent tanlov natijasidan norozi boʻlgan taqdirda, natijalar eʼlon qilingan vaqtdan boshlab 24 soat davomida ariza bilan apellyatsiya komissiyasiga murojaat etishi mumkin. Apellyatsiya shikoyatini koʻrib chiqish muddati ikki kundan oshmasligi lozim.
Abituriyent apellyatsiya shikoyatini koʻrib chiqishda ishtirok etish huquqiga ega. Apellyatsiya shikoyati koʻrib chiqiladigan kun va joyi haqida qabul komissiyasi tomonidan abituriyentga kamida bir kun oldin xabar beriladi.
4-bob. Oʻqishga qabul qilish tartibi
20. Davlat komissiyasining oliy taʼlim tashkilotlari magistraturasiga oʻqishga qabul qilish toʻgʻrisidagi qarori har yili 25-avgustgacha qabul qilinadi.
21. Talabalikka tavsiya etilgan abituriyentlar qabul komissiyasiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
oliy maʼlumot toʻgʻrisidagi hujjatning asl nusxasi (yoki diplomdan koʻchirmaning asl nusxasi — oliy taʼlim tashkilotlarini davlat granti boʻyicha oʻqib tugatganlar uchun) hamda unga ilova;
xorijiy tilni bilish boʻyicha belgilangan darajadagi sertifikat nusxasi;
qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda imtiyozga ega boʻlgan abituriyentlar imtiyoz huquqini tasdiqlovchi hujjatning asli.
Abituriyent tomonidan taqdim etilgan (topshirilgan) hujjatlarning qalbakiligi aniqlansa, abituriyent talabalikka qabul qilinmaydi (talabalikka qabul qilingan boʻlsa, oliy taʼlim tashkiloti talabalari safidan chetlashtiriladi) hamda bu haqda belgilangan tartibda huquqni muhofaza qilish organlari xabardor qilinadi.
22. Davlat komissiyasining qarori asosida bir hafta muddatda abituriyentlarni davlat grantlari boʻyicha talabalar safiga qabul qilish haqidagi oliy taʼlim tashkilotlari rektorlari (direktorlari)ning buyruqlari rasmiylashtiriladi.
23. Abituriyentlarni toʻlov-kontrakt asosida magistratura mutaxassisliklariga tavsiya etish toʻgʻrisida Davlat komissiyasining qarori qabul qilingandan soʻng oliy taʼlim tashkiloti bilan yuridik yoki jismoniy shaxslar oʻrtasida belgilangan tartibda shartnoma rasmiylashtiriladi.
Davlat komissiyasi tomonidan toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga tavsiya etilgan abituriyentlar uchun toʻlov har yili shartnomada koʻrsatilgan muddatlarda amalga oshiriladi.
Shartnoma shartlari va tomonlarning majburiyatlari, ularni amalga oshirish tartibi qonunchilik hujjatlariga muvofiq belgilanadi.
Toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga qabul qilish yuridik yoki jismoniy shaxslar tomonidan oʻqish uchun belgilangan toʻlov miqdori belgilangan tartibda toʻlangandan soʻng, oliy taʼlim tashkiloti rektori (direktori)ning buyrugʻi bilan rasmiylashtiriladi.
24. Tanlov natijalariga koʻra, belgilangan qabul parametrlari doirasida magistraturaga talabalikka tavsiya etilmagan abituriyentlar arizalariga muvofiq oliy taʼlim tashkilotlarining mavjud quvvatlari, moddiy-texnik bazasi hamda professor-oʻqituvchilari tarkibini inobatga olib, Vazirlik bilan kelishilgan holda, oliy taʼlim tashkilotlarining qaroriga asosan qoʻshimcha qabul parametrlari asosida magistraturaga oʻqishga qabul qilinishi mumkin.
Magistratura mutaxassisliklariga qoʻshimcha qabul parametrlari asosida oʻqishga qabul qilingan abituriyentlarning toʻlov-kontrakt miqdori bir talabaga toʻgʻri keladigan real xarajatlardan kelib chiqib, oliy taʼlim tashkiloti tomonidan mustaqil belgilanadi.
25. Abituriyent tomonidan ushbu Nizomning 21-bandida qayd etilgan hujjatlar qabul komissiyasiga taqdim etilmasligi oliy taʼlim tashkilotining uni oʻqishga qabul qilmasligiga asos boʻladi.
5-bob. Xorijiy fuqarolarni oʻqishga qabul qilish
26. Xorijiy fuqarolar oliy taʼlim tashkiloti tomonidan oʻtkaziladigan suhbat natijasiga koʻra toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga qabul qilinadi.
Xorijiy fuqarolar oliy taʼlim tashkilotlari tomonidan bir oʻquv yilida, qoida tariqasida, ikki marotaba oʻqishga qabul qilinishi mumkin.
27. Oliy taʼlim tashkilotlarining magistratura mutaxassisliklariga bakalavriat taʼlim bosqichi maʼlumotiga yoki unga tenglashtirilgan maʼlumotga ega xorijiy fuqarolar qabul qilinadi.
28. Xorijiy fuqarolarni toʻlov-kontrakt asosida oʻqitish qiymati tegishli magistratura mutaxassisligi uchun Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga nisbatan belgilangan bazaviy toʻlov-kontrakt miqdoridan kam boʻlmagan miqdorda, muayyan oliy taʼlim tashkiloti tomonidan boʻysunuvi boʻyicha vazirlik va idoralar bilan kelishilgan holda mustaqil belgilanadi, Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida boshqacha tartib nazarda tutilgan holatlar bundan mustasno.
29. Oliy taʼlim tashkilotlariga oʻqishga qabul qilingan xorijiy fuqarolarni oʻqitish taʼlim dasturlarida nazarda tutilgan tillarda olib boriladi.
30. Oʻqishni muvaffaqiyatli tugatgan xorijiy fuqarolarga belgilangan namunadagi oliy maʼlumot toʻgʻrisidagi tegishli hujjat (diplom) beriladi.
6-bob. Yakunlovchi qoida
31. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradi.
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 13-sentabrdagi 578-son qaroriga
3-ILOVA
Oliy taʼlim tashkilotlari talabalari oʻqishini koʻchirish, qayta tiklash va oʻqishdan chetlashtirish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Qonuni va oliy taʼlim sohasiga oid qonunchilik hujjatlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasidagi davlat oliy taʼlim tashkilotlariga (keyingi oʻrinlarda — oliy taʼlim tashkilotlari) bakalavriat va magistratura bosqichi talabalari oʻqishini koʻchirish, qayta tiklash va ularni oʻqishdan chetlashtirish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizom talabalar oʻqishini koʻchirish, qayta tiklash va ularni oʻqishdan chetlashtirish alohida qonunchilik hujjatlari bilan tartibga solinadigan oliy taʼlim tashkilotlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
3. Talabalar oʻqishini koʻchirish, qayta tiklash va ularni oʻqishdan chetlashtirish bilan bogʻliq jarayonlarni (shu jumladan, tegishli hujjatlarni koʻrib chiqish) muvofiqlashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi (keyingi oʻrinlarda — Vazirlik) tomonidan amalga oshiriladi.
4. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllanadi:
mos taʼlim yoʻnalishlari (mutaxassisliklar) — oliy taʼlim tashkilotlari talabalari oʻqishini koʻchirish va qayta tiklashda nomlanishi bir xil boʻlgan bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari (magistratura mutaxassisliklari);
turdosh taʼlim yoʻnalishlari — kadrlar tayyorlash yoʻnalishlari, oʻquv rejalari va dasturlari mazmunan yaqin boʻlgan bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari. Bunda ularning roʻyxati Vazirlik tomonidan tasdiqlanadi;
oʻqishni koʻchirish — talabaning arizasiga muvofiq uning oʻqishini bir oliy taʼlim tashkilotidan boshqasiga yoki bir oliy taʼlim tashkiloti doirasida bir taʼlim yoʻnalishidan boshqasiga belgilangan tartibda Davlat komissiyasi yoki Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi (tegishli vazirlik (idora)) yoxud oliy taʼlim tashkiloti qaroriga asosan koʻchirilishi;
oʻqishni koʻchirib tiklash — sobiq talabaning arizasiga muvofiq uning oʻqishining boshqa oliy taʼlim tashkilotida yoki bir oliy taʼlim tashkiloti doirasida boshqa bakalavriat taʼlim yoʻnalishida davom ettirishi uchun belgilangan tartibda Davlat komissiyasi yoki tegishli vazirlik (idora) yoxud oliy taʼlim tashkiloti qaroriga asosan koʻchirib tiklanishi;
oʻqishni qayta tiklash — sobiq talabaning arizasiga muvofiq uning oʻqishining muayyan bakalavriat taʼlim yoʻnalishi yoki magistratura mutaxassisligida davom ettirishi uchun qayta tiklanishi.
5. Oliy taʼlim tashkilotlarining biridan boshqasiga talabalar oʻqishini mos va turdosh taʼlim yoʻnalishiga (mos mutaxassislikka), muayyan hududdagi oliy taʼlim tashkilotlarida mos va turdosh taʼlim yoʻnalishi (mos mutaxassislik) mavjud boʻlmagan taqdirda turdosh boʻlmagan taʼlim yoʻnalishiga (mos boʻlmagan mutaxassislikka) koʻchirishga quyidagi holatlarda ruxsat beriladi:
talaba turmush qurishi munosabati bilan turmush oʻrtogʻi doimiy yashaydigan hududdagi oliy taʼlim tashkilotiga oʻqishni koʻchirish uchun murojaat qilganda;
davlat organlari xodimlarining ish joyi tegishli vazirlik va idoralar tomonidan oʻzgartirilgan taqdirda, uning turmush oʻrtogʻi yoki voyaga yetmagan farzandi muayyan vazirlik yoki idora rahbari tavsiyasi asosida oʻqishini koʻchirish uchun murojaat qilganda.
6. Oliy taʼlim tashkilotlari, tizimida oliy taʼlim tashkilotlari boʻlgan vazirlik va idoralar hamda Davlat komissiyasi qarorlari asosida talabalarning oʻqishi koʻchirilishi yoki qayta tiklanishi mumkin.
7. Bir oliy taʼlim tashkiloti doirasida oliy taʼlimning mos va turdosh taʼlim yoʻnalishlari hamda mos mutaxassisliklar boʻyicha talabalar oʻqishini koʻchirish va qayta tiklash shu oliy taʼlim tashkiloti rektori (direktori)ning buyrugʻi asosida amalga oshiriladi.
8. Mos va turdosh taʼlim yoʻnalishlari hamda mos mutaxassisliklar boʻyicha bir oliy taʼlim tashkilotidan boshqasiga talabalar oʻqishini koʻchirish va koʻchirib tiklash talabani qabul qilayotgan oliy taʼlim tashkiloti boʻysunadigan vazirlik, idora qarori asosida amalga oshiriladi.
9. Quyidagi hollarda talabalar oʻqishini koʻchirish va koʻchirib tiklash Davlat komissiyasi qarori bilan amalga oshiriladi:
bir vazirlik yoki idora yoxud turli vazirlik va idoralar tizimidagi oliy taʼlim tashkilotlariga oliy taʼlimning turdosh boʻlmagan taʼlim yoʻnalishlariga, mos boʻlmagan mutaxassisliklarga, bir taʼlim dasturidan boshqa taʼlim dasturiga;
bir oliy taʼlim tashkiloti doirasida mos va turdosh taʼlim yoʻnalishlari mavjud boʻlmagan holatlarda turdosh boʻlmagan taʼlim yoʻnalishi va mos boʻlmagan mutaxassisliklarga;
respublikaning oliy harbiy yoki harbiylashtirilgan taʼlim tashkilotlaridan salomatligi tufayli oʻqishdan chetlashtirilgan talabalarning oʻqishini oliy taʼlim tashkilotlariga oʻqigan taʼlim yoʻnalishiga mazmunan mos va turdosh (kadrlar tayyorlash yoʻnalishlari, oʻquv rejalari va dasturlari mazmunan yaqin boʻlgan) taʼlim yoʻnalishlariga toʻlov-kontrakt asosida koʻchirib tiklash;
xorijiy va nodavlat oliy taʼlim tashkilotlaridan davlat oliy taʼlim tashkilotlariga asosli sabablar koʻrsatilganda mos va turdosh taʼlim yoʻnalishlariga toʻlov-kontrakt asosida, istisno tariqasida, oʻqishni koʻchirish.
10. Quyidagi holatlar fuqaroning oʻqishini koʻchirish va qayta tiklash haqidagi arizasiga rad javobi berilishiga asos boʻladi:
xorijiy davlatlarning akkreditatsiyaga ega boʻlmagan oliy taʼlim tashkilotlarida yoki ularning filiallarida oʻqiganlarga;
oliy taʼlim tashkilotlarining markazlari, boʻlimlari, oʻquv-maslahat punktlari va boshqalarda oʻqiganlarga;
birinchi kursning birinchi semestriga oʻqishni koʻchirishga (talabaga kasallik tufayli akademik taʼtil berilgan holatlar, oʻqigan taʼlim yoʻnalishi mavjud boʻlmaganda, koʻchirib tiklash holatlari bundan mustasno);
oliy taʼlim tashkilotida mos (turdosh) taʼlim yoʻnalishi (mos mutaxassislik) yoki taʼlim shakli mavjud boʻlmasa;
toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga tavsiya etilganlar toʻlovni belgilangan muddatda amalga oshirmaganda;
talabaning shaxsiy yigʻmajildi (akademik maʼlumotnoma) belgilangan muddatlarda taqdim etilmaganda;
oliy taʼlim tashkilotiga davlat granti asosida koʻchirish va qayta tiklashda davlat granti asosida taʼlim oluvchilar soni (qabul parametrlari) doirasida boʻsh oʻrinlar mavjud boʻlmasa;
oliy taʼlim tashkiloti moddiy-texnik bazasining imkoniyati cheklanganda;
maqsadli qabul qilinganlar boshqa taʼlim yoʻnalishi yoki taʼlim shakliga yoxud boshqa oliy taʼlim tashkilotiga;
bir taʼlim shaklidan maxsus sirtqi taʼlim shakliga hamda maxsus sirtqi taʼlim shaklidan boshqa taʼlim shakliga;
talaba Oʻzbekiston va xorijiy oliy taʼlim tashkilotlarining oʻzaro kelishuvi asosida qabul qilinib, qoʻshma taʼlim dasturlari asosida tahsil olgan yoki tahsil olayotgan boʻlsa (mazkur qoʻshma dasturning oʻzi bundan mustasno);
qonunchilik hujjatlarida belgilangan boshqa holatlarda.
Talabani oʻqimagan semestrdan keyingi semestrga oʻqishga tavsiya etishga ruxsat berilmaydi.
11. Talabalarning oʻqishini koʻchirish (koʻchirib tiklash) va qayta tiklashni rasmiylashtirishda oliy taʼlim tashkiloti rektori (direktori) belgilangan tartibda oʻquv rejalari va dasturlardagi mavjud akademik qarzlarni yoki farqlarni topshirish tartibi va muddatlarini (joriy semestr davomida), oʻqitish kursi (semestri) hamda oʻqishga qabul qilishning qonunchilikda belgilangan boshqa shartlarini belgilaydi.
Bunda talabaning oʻqishni muayyan kursdan (semestrdan) davom ettirishi uchun undan quyidagilar talab etiladi:
a) talabalar bilimini nazorat qilish va baholashning reyting tizimida — oʻquv rejalaridagi umumkasbiy va ixtisoslik fanlari boʻyicha farqlar 4 tadan oshmasligi lozim;
b) talabalar oʻquv yuklamasi hajmini aniqlashning shartli birliklari (kreditlar)ni oʻtkazish va jamlash tizimida — talaba oʻqishi koʻchirilayotgan taʼlim yoʻnalishi (mutaxassislik)ning namunaviy oʻquv rejasidagi fanlar boʻyicha GPA koʻrsatkichi 2,4 va undan yuqori boʻlishi lozim.
ushbu talablar bajarilmagan holatda talabaga uning arizasiga muvofiq namunaviy oʻquv rejasidagi fanlar farqini (GPA koʻrsatkichini) inobatga olgan holda, oʻqishini quyi kursdan (semestrdan) davom ettirishga ruxsat berilishi mumkin.
12. Toʻlov-kontrakt asosida talabalar oʻqishini koʻchirish va qayta tiklashda toʻlov-kontraktni tuzish tartibi va shartlari, jumladan, toʻlov miqdorlari va muddatlari qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
13. Talabalar oʻquv yuklamasi hajmini aniqlashning shartli birliklari (kreditlar)ni oʻtkazish va jamlash tizimida aniqlangan fanlar farqi (akademik qarzdorlik, oʻzlashtirilmagan kredit) ushbu kreditlar miqdoriga mos ravishda bazaviy toʻlov-kontrakt miqdoridan kelib chiqqan holda, toʻlov amalga oshirilgandan soʻng oʻzlashtiriladi (qayta oʻzlashtiriladi).
Akademik taʼtildan belgilangan muddatda qaytgan talabaga fanlar (kreditlar) farqi aniqlangan taqdirda, bepul bir martalik oʻzlashtirish imkoniyati beriladi.
2-bob. Oliy taʼlim tashkilotlari talabalari oʻqishini koʻchirish
14. Oliy taʼlim tashkilotlariga talabalar oʻqishini koʻchirish (koʻchirib tiklash) boʻyicha arizalarni roʻyxatdan oʻtkazish Vazirlikning rasmiy veb-sayti yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidan biri (keyingi oʻrinlarda — elektron platforma) orqali bir oʻquv yilida ikki marta:
kuzgi semestr oʻquv mashgʻulotlari boshlanishidan oldin — 15-iyuldan 5-avgustgacha (5-avgust kuni ham);
bahorgi semestr oʻquv mashgʻulotlari boshlanishidan oldin — 10-yanvardan 20-yanvargacha (20-yanvar kuni ham) elektron platforma orqali amalga oshiriladi.
Bahorgi semestr oʻquv mashgʻulotlari boshlanishidan oldin talabalar oʻqishini bir oliy taʼlim tashkilotidan boshqasiga koʻchirib tiklash toʻgʻrisidagi arizalar qabul qilinmaydi va koʻrib chiqilmaydi.
15. Oʻqishini koʻchirish (koʻchirib tiklash) istagini bildirgan fuqarolar elektron platformaga oʻzining shaxsiy identifikatsiya maʼlumotlarini kiritadi va oʻziga tegishli quyidagi hujjatlarni yuklaydi:
ushbu Nizomning 5-bandida nazarda tutilgan holatlarni (sabablarni) asoslovchi hujjatlar nusxasi;
reyting daftarchasi yoki belgilangan shakldagi akademik maʼlumotnoma yoxud transkript nusxasi.
16. Bahorgi semestr oʻquv mashgʻulotlari boshlanishidan oldin — 10-yanvardan 20-yanvargacha (20-yanvar kuni ham) talabalar oʻqishini koʻchirish toʻgʻrisidagi arizalar oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirining buyrugʻi bilan tashkil etiladigan hududiy ishchi guruhlari tomonidan qabul qilinishi ham mumkin.
17. Oliy taʼlim tashkilotlariga talabalar oʻqishini koʻchirish (koʻchirib tiklash) boʻyicha roʻyxatdan oʻtkazilgan ariza tegishliligiga koʻra elektron platforma orqali oliy taʼlim tashkilotiga yoki tizimida oliy taʼlim tashkilotlari boʻlgan vazirlik va idoralar yoxud Davlat komissiyasiga yuboriladi.
18. Oliy taʼlim tashkilotlari talabalari oʻqishini koʻchirish (koʻchirib tiklash) toʻgʻrisidagi arizalarni koʻrib chiqish va qaror qabul qilish:
kuzgi semestr oʻquv mashgʻulotlari boshlanishidan oldin — 6-avgustdan 30-avgustgacha (30-avgust kuni ham);
bahorgi semestr oʻquv mashgʻulotlari boshlanishidan oldin — 21-yanvardan 10-fevralgacha (10-fevral kuni ham) amalga oshiriladi.
Bunda:
a) bir oliy taʼlim tashkiloti doirasida mos va turdosh taʼlim yoʻnalishlari hamda mos mutaxassisliklar boʻyicha talabalar oʻqishini koʻchirish va qayta tiklash toʻgʻrisidagi arizalar oliy taʼlim tashkiloti tomonidan koʻrib chiqilib, qaror qabul qilinadi va bu haqda talabgorga elektron platforma orqali maʼlum qilinadi;
b) mos va turdosh taʼlim yoʻnalishlari hamda mos mutaxassisliklar boʻyicha bir oliy taʼlim tashkilotidan boshqasiga talabalar oʻqishini koʻchirish va koʻchirib tiklash toʻgʻrisidagi arizalar:
tegishli vazirlik (idora) tomonidan koʻrib chiqilib, qaror qabul qilinadi va bu haqda talabgorga elektron platforma orqali maʼlum qilinadi;
ijobiy hal etilgan taqdirda, tegishli vazirlik va idoralar oliy taʼlim tashkilotiga oʻqishi koʻchirilishi (koʻchirib tiklanishi) ruxsat etilgan talabalar roʻyxati ilova qilingan xat yoʻllaydi;
v) ushbu Nizomning 9-bandida koʻrsatilgan holatlar boʻyicha arizalar Davlat komissiyasi tomonidan koʻrib chiqilib, tegishli qaror qabul qilinadi.
Arizalar koʻrib chiqilib, ijobiy hal etilgan taqdirda, Davlat komissiyasi tomonidan oliy taʼlim tashkilotiga oʻqishi koʻchirilishi (koʻchirib tiklanishi)ga ruxsat etilgan talabalar roʻyxati ilova qilingan xat yuboriladi.
19. Oʻqishning barcha shakllarida oliy taʼlimning mos va turdosh yoʻnalishlari hamda mos mutaxassisliklari boʻyicha davlat grantlari oʻrinlariga koʻchirishga davlat grantlari asosida tahsil olgan talabalar arizasiga koʻra oliy taʼlim tashkilotlarida tegishli oʻquv yilidagi qabul parametrlarida belgilangan davlat grantlarining soni doirasida ruxsat etiladi.
Koʻzi ojizlar toifasiga kiruvchi sifatida hamda nogironligi boʻlgan shaxslar, yetim bolalarga ajratilgan qabul parametrlari doirasida davlat granti asosida tahsil olayotgan talabalar oʻqishini oliy taʼlimning mos va turdosh taʼlim yoʻnalishlari hamda mos mutaxassisliklariga ushbu Nizomning 5-bandiga muvofiq davlat granti asosida koʻchirishga yoki oliy taʼlim tashkiloti va taʼlim yoʻnalishi oʻzgarmagan holda taʼlim shaklini oʻzgartirishga ruxsat etiladi.
Sport musobaqalari gʻolibi sifatida imtiyoz bilan oliy taʼlim tashkilotlariga davlat granti asosida kunduzgi taʼlim shakliga oʻqishga qabul qilingan talabalarga:
ushbu Nizomning 5-bandiga muvofiq oʻqishini sirtqi taʼlim shaklidagi mos va turdosh taʼlim yoʻnalishiga (sirtqi taʼlim shakli mavjud boʻlgan taqdirda) davlat granti asosida koʻchirishga;
oliy taʼlim tashkiloti va taʼlim yoʻnalishi oʻzgarmagan holda sirtqi taʼlim shaklida (sirtqi taʼlim shakli mavjud boʻlgan taqdirda) davlat granti asosida oʻqishini davom ettirishga ruxsat beriladi.
Boshqa hollarda oʻqishni koʻchirish toʻlov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.
20. Oʻzbekiston va xorijiy oliy taʼlim tashkilotlarining oʻzaro kelishuvi asosida tashkil etilgan qoʻshma taʼlim dasturlarida tahsil olayotgan talabalar oʻqishini koʻchirish Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi va xorijiy hamkor oliy taʼlim tashkilotlarining qoʻshma taʼlim dasturlari asosida taʼlim faoliyatini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2021-yil 6-iyuldagi 421-son qaroriga muvofiq amalga oshiriladi.
Bunda:
oʻqishni koʻchirish toʻgʻrisidagi arizalar talaba oʻqishi koʻchirilishi soʻralayotgan oliy taʼlim tashkiloti tomonidan qabul qilinib, koʻrib chiqiladi va talaba tahsil olgan oliy taʼlim tashkiloti bilan kelishilgan holda qaror qabul qilinadi;
arizalarni qabul qilish hamda koʻrib chiqib, qaror qabul qilish 15-iyuldan 30-avgustgacha (30-avgust kuni ham) boʻlgan muddatda amalga oshiriladi;
arizalarni koʻrib chiqish natijasi yuzasidan oliy taʼlim tashkiloti tomonidan ariza beruvchiga yozma ravishda javob beriladi.
3-bob. Xorijiy va nodavlat oliy taʼlim tashkilotlaridan talabalar oʻqishini koʻchirish
21. Xorijiy va nodavlat oliy taʼlim tashkilotlaridan talabalar oʻqishini koʻchirish (koʻchirib tiklash) toʻgʻrisidagi arizalar har yili 15-iyuldan 5-avgustgacha (5-avgust kuni ham) Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligining (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) rasmiy veb-sayti orqali roʻyxatdan oʻtkaziladi.
22. Roʻyxatdan oʻtkazilgan arizalar Agentlikning rasmiy veb-sayti orqali tegishliligi boʻyicha oliy taʼlim tashkilotlariga yuboriladi.
Roʻyxatdan oʻtkazilgan arizalarning ushbu Nizomga muvofiqligi hamda koʻchirilishi soʻralayotgan taʼlim yoʻnalishining talaba tahsil olgan taʼlim yoʻnalishiga mazmunan mos yoki turdosh ekanligi oliy taʼlim tashkiloti tomonidan tekshiriladi.
Tekshirish natijasiga koʻra ariza qabul qilinishi tasdiqlanadi yoki rad etiladi. Arizani qabul qilish rad etilgan taqdirda, oliy taʼlim tashkiloti tomonidan Agentlikning rasmiy veb-saytidagi talabaning shaxsiy kabineti orqali rad etish sababi maʼlum qilinadi.
23. Xorijiy va nodavlat oliy taʼlim tashkilotlaridan davlat oliy taʼlim tashkilotlarining mos va turdosh bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga oʻqishini koʻchirish (koʻchirib tiklash) istagini bildirgan fuqarolar oʻqishi koʻchirilayotgan oliy taʼlim tashkilotlarining muayyan taʼlim yoʻnalishiga oʻqishga kirish fanlari boʻyicha, oʻqiydigan tilida maxsus sinov (test, kasbiy (ijodiy) imtihon) (keyingi oʻrinlarda — maxsus sinov) topshiradi.
Maxsus sinovlar davlat oliy taʼlim tashkilotlarining bakalavriatiga talabalarni oʻqishga qabul qilishda belgilangan tartib asosida oʻtkaziladi. Jumladan, kasbiy (ijodiy) imtihonlar muayyan oliy taʼlim tashkilotlari tomonidan oʻtkaziladi va Agentlikning maxsus tizimiga kiritib boriladi.
Maxsus sinovlar boʻyicha oʻtish ballari tizimida oliy taʼlim tashkilotlari boʻlgan vazirlik va idoralarning takliflariga asosan Vazirlik tomonidan har yili 15-iyulga qadar tasdiqlanadi va rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi.
24. Maxsus sinovlar oʻtgan oʻquv yili uchun (koʻchirilayotgan oʻquv yiliga nisbatan) belgilangan tartibda tasdiqlangan respublika oliy taʼlim tashkilotlarining bakalavriat taʼlim yoʻnalishiga mos test sinovlari topshiriladigan fanlar majmuasi, test topshiriqlari soni va baholash mezonlariga muvofiq oʻtkaziladi.
25. Maxsus sinovlar Vazirlik bilan kelishilgan holda Agentlik tomonidan belgilangan muddatlarda oʻtkaziladi.
26. Test sinovlari Agentlik tomonidan oʻtkazilib, natijalar kasbiy (ijodiy) imtihonlar natijalari bilan umumlashtirilgan holda bir hafta muddatda Agentlikning rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi va oliy taʼlim tashkilotlariga yuboriladi.
27. Oʻtkazilgan maxsus sinovlar natijalariga koʻra:
oʻtish baliga teng va undan yuqori ball toʻplagan talabalarning oʻqishi muayyan taʼlim yoʻnalishiga belgilangan bazaviy toʻlov-kontrakt asosida koʻchirilishiga ruxsat etiladi;
oʻtish balidan past ball toʻplagan talabalar arizalariga koʻra qoʻshimcha va tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga qabul qilinishi mumkin.
Toʻplagan ballari Davlat komissiyasi tomonidan bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga kirishda belgilanadigan minimal balldan kam boʻlmagan va oʻtish baliga 4 ballgacha yetmagan talabalar arizalariga koʻra qoʻshimcha toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga qabul qilinishi mumkin.
Bunda toʻlov-kontrakt miqdori amalda oʻrnatilgan bazaviy toʻlov-kontrakt miqdoriga nisbatan quyidagi miqdorlarda belgilanadi:
1,05 ballgacha yetmagan abituriyentlar uchun — bazaviy toʻlov-kontrakt miqdorining 1,5 barobari;
1,05 balldan 2,05 ballgacha yetmagan abituriyentlar uchun — bazaviy toʻlov-kontrakt miqdorining 2,0 barobari;
2,05 balldan 3,05 ballgacha yetmagan abituriyentlar uchun — bazaviy toʻlov-kontrakt miqdorining 2,5 barobari;
3,05 balldan 4,05 ballgacha yetmagan abituriyentlar uchun — bazaviy toʻlov-kontrakt miqdorining 3,0 barobari.
Davlat komissiyasi tomonidan belgilangan muddatlarda ushbu miqdorlar boʻyicha toʻlov-kontrakt shartlarining birinchi oʻquv yili uchun kamida 50 foizi bajarilgandan soʻng talabgor oliy taʼlim tashkiloti rektori (direktori)ning buyrugʻi bilan oʻqishga qabul qilinadi.
28. Toʻplagan ballari Davlat komissiyasi tomonidan bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga kirishda belgilanadigan minimal balldan kam boʻlmagan, biroq oʻtish baliga 4 dan ortiq ball yetmagan va oʻqish istagini bildirgan talabalarga birinchi oʻquv yilida amalda oʻrnatilgan toʻlov-kontrakt miqdoriga nisbatan Davlat komissiyasi tomonidan belgilanadigan tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt miqdorida toʻlovni amalga oshirish sharti bilan oʻqishni koʻchirish huquqi beriladi.
Tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt asosida oʻqishini koʻchirish istagini bildirgan talaba Davlat komissiyasi tomonidan belgilangan muddatlarda toʻlov-kontrakt shartlarining birinchi oʻquv yili uchun kamida 50 foizini bajargandan soʻng oliy taʼlim tashkiloti rektori (direktori)ning buyrugʻi bilan oʻqishga qabul qilinadi.
29. Talabalar oʻqishini xorijiy davlatlardagi oliy taʼlim tashkilotlaridan davlat oliy taʼlim tashkilotlarining mos va turdosh boʻlmagan bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga koʻchirishga ruxsat etilmaydi.
Talabalar oʻqishini Oʻzbekiston Respublikasida faoliyat yuritayotgan xorijiy va nodavlat oliy taʼlim tashkilotlaridan davlat oliy taʼlim tashkilotlarining mos va turdosh boʻlmagan taʼlim yoʻnalishlariga koʻchirish oʻrnatilgan tartibda, tegishli bakalavriat taʼlim yoʻnalishi uchun belgilangan tabaqalashtirilgan toʻlov-kontraktning minimal miqdoriga teng boʻlgan toʻlov asosida amalga oshiriladi.
30. Agentlikning oʻqishni koʻchirish boʻyicha oʻtkazilgan test sinovlari natijalari boʻyicha qaydnomasi oliy taʼlim tashkiloti rektori (direktori)ning talabgorlarni test sinovlari natijalariga koʻra belgilangan tartibda talabalikka tavsiya etish boʻyicha buyruqni rasmiylashtirishiga asos boʻladi.
31. Turmush oʻrtogʻi yoki ota-onasi xorijiy davlatdagi davlat xizmatini oʻtash joyi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasiga oʻtkazilgan, Hukumat qarorlari va topshiriqlari hamda tizimida oliy taʼlim tashkilotlari boʻlgan vazirlik va idoralar tomonidan davlat buyurtmasi bilan xorijga oʻqishga yuborilganlarning oʻqishi oliy taʼlim tashkilotlariga imtihonlarsiz Davlat komissiyasi qaroriga asosan koʻchiriladi.
32. Xorijiy va nodavlat oliy taʼlim tashkilotlarining magistratura bosqichida tahsil olayotgan talabalar oʻqishining oliy taʼlim tashkilotlariga koʻchirilishiga ruxsat etilmaydi.
33. Xorijiy fuqarolarning oʻqishi xorijiy va nodavlat oliy taʼlim tashkilotlaridan davlat oliy taʼlim tashkilotlariga suhbat asosida muayyan oliy taʼlim tashkiloti rektori (direktori)ning buyrugʻiga asosan koʻchiriladi (koʻchirib tiklanadi). Ularning toʻlov-kontrakt miqdorlari qonunchilik hujjatlariga muvofiq belgilanadi.
4-bob. Talabalar oʻqishini koʻchirish (koʻchirib tiklash) boʻyicha hujjatlarni rasmiylashtirish
34. Vazirlik va idora yoki Davlat komissiyasining qaroriga muvofiq yuborilgan koʻrsatma xati asosida oliy taʼlim tashkiloti rektori (direktori)ning talabaning darslarga qatnashishiga ruxsat etish toʻgʻrisidagi buyrugʻi rasmiylashtiriladi hamda ushbu oliy taʼlim tashkiloti tomonidan talaba ilgari taʼlim olgan oliy taʼlim tashkilotiga uning shaxsiy yigʻmajildini joʻnatish uchun soʻrovnoma yuboriladi.
Shaxsiy yigʻmajildni oliy taʼlim tashkilotiga taqdim etishning soʻnggi muddati (20 ish kunidan kam boʻlmagan muddatda) oliy taʼlim tashkiloti rektori (direktori) tomonidan belgilanadi.
35. Soʻrovnoma olingandan soʻng talaba ilgari taʼlim olgan oliy taʼlim tashkiloti rektori (direktori)ning talabalar safidan chetlashtirish haqidagi buyrugʻi asosida uch kun muddatda talabaning shaxsiy yigʻmajildi (roʻyxati bilan) uni oʻqishga qabul qilgan oliy taʼlim tashkilotiga yuboriladi yoki ariza asosida oʻqishi koʻchirilgan talabaga beriladi.
Shaxsiy yigʻmajild joʻnatilishi mumkin boʻlmagan hollarda (yopiq yoʻnalishlar va mutaxassisliklar boʻyicha kadrlar tayyorlash) oliy taʼlim tashkiloti rektori (direktori) tomonidan imzolangan va gerbli muhr bilan tasdiqlangan akademik maʼlumotnoma talabani oʻqishga qabul qilgan oliy taʼlim tashkilotiga yuboriladi.
Oʻqishi koʻchirilishiga ruxsat etilgan talabaning maqsadli qabul asosida oʻqiyotgani u oʻqib turgan oliy taʼlim tashkiloti tomonidan tekshiriladi va haqiqatda maqsadli qabul asosida oʻqiyotgani aniqlangan taqdirda, uch kun muddatda soʻrovnoma yuborgan oliy taʼlim tashkilotiga hamda talabaga mazkur talabaning oʻqishi koʻchirilishi mumkin emasligi toʻgʻrisida xat yuboriladi.
36. Talaba ilgari taʼlim olgan oliy taʼlim tashkilotida uning akademik maʼlumotnomasi, reyting daftarchasi, oʻquv kartochkasi, shuningdek, yuborilayotgan hujjatlar roʻyxatining nusxasi qoldiriladi.
37. Oʻqishi koʻchirilishi ruxsat etilgan talabalarning arizalarini koʻrib chiqish va qaror qabul qilishda oliy taʼlim tashkilotida tashkil etilgan Talabalar oʻqishini koʻchirish va qayta tiklash boʻyicha komissiya (keyingi oʻrinlarda — Komissiya) tomonidan talaba oʻqigan va oʻqishi koʻchirilishi soʻralayotgan taʼlim yoʻnalishlarining mos yoki turdosh ekanligi hamda koʻchirish uchun ushbu Nizomning 5-bandida qayd etilgan holatlarni asoslovchi hujjatlar sinchiklab tekshiriladi.
Ushbu holatlarni asoslovchi hujjatlar talab darajasida boʻlmagan taqdirda, oliy taʼlim tashkiloti rektori (direktori)ning talabalikka qabul qilish toʻgʻrisidagi buyrugʻi rasmiylashtirilmaydi.
38. Oʻqishi koʻchirilgan fuqaroning taqdim etgan (topshirgan) hujjatlarining qalbakiligi yoki belgilangan talablarga javob bermasligi aniqlangan taqdirda, ushbu fuqaro talablikka qabul qilinmaydi (agar talabalikka qabul qilingan boʻlsa, talabalar safidan chetlashtiriladi).
39. Komissiya:
a) ushbu Nizomning 5-bandida qayd etilgan holatlarni asoslovchi hujjatlarning aslini tekshiradi;
b) oʻqishni koʻchirishda haqiqatda qayd etilgan holat aniqlangan, ammo muayyan hududdagi oliy taʼlim tashkilotlarida mos va turdosh taʼlim yoʻnalishi mavjud boʻlmagan holatda talaba roʻyxatdan oʻtishda tanlagan taʼlim yoʻnalishi u oʻqigan taʼlim yoʻnalishidan mazmunan keskin farq qilsa, talabaning oʻqigan taʼlim yoʻnalishiga mazmunan yaqin boʻlgan taʼlim yoʻnalishiga tavsiya etish boʻyicha;
qayd etilgan holat tufayli turdosh boʻlmagan taʼlim yoʻnalishiga oʻqishni koʻchirish boʻyicha roʻyxatdan oʻtgan, ammo ushbu oliy taʼlim tashkiloti joylashgan hududdagi oliy taʼlim tashkilotlarida mos va turdosh taʼlim yoʻnalishlari mavjud boʻlganda, ushbu mos yoki turdosh taʼlim yoʻnalishiga tavsiya etish boʻyicha takliflarni, talabaning bu boradagi arizasini ilova qilgan holda boʻysunuvi boʻyicha vazirlik yoki idoraga (talaba ariza bilan murojaat qilgan kundan boshlab bir hafta muddatda) taqdim etadi.
Oliy taʼlim tashkilotlarining ushbu bandning “b” kichik bandida qayd etilgan takliflari tizimida oliy taʼlim tashkiloti boʻlgan vazirlik yoki idora tomonidan oʻn kun muddatda koʻrib chiqiladi va tizimidagi oliy taʼlim tashkilotining mos yoki turdosh taʼlim yoʻnalishiga koʻchirishga ruxsat etiladi. Bunda mos va turdosh taʼlim yoʻnalishi boshqa vazirlik yoki idora tizimidagi oliy taʼlim tashkilotida mavjud boʻlgan taqdirda, ushbu vazirlik yoki idoraga takliflar yuboriladi.
40. Oʻqishi koʻchirilgan fuqarolarni talabalar safiga qabul qilish toʻgʻrisidagi oliy taʼlim tashkiloti rektori (direktori)ning buyrugʻi ular tomonidan belgilangan muddatda va miqdorda shartnoma toʻlovlari amalga oshirilgandan soʻng 10 kun muddatda qabul qilinadi.
41. Talabani boshqa oliy taʼlim tashkilotiga oʻqishini koʻchirib tiklashda uning ilgari taʼlim olgan oliy taʼlim tashkiloti roziligi talab etilmaydi.
5-bob. Oliy taʼlim tashkilotlari talabalari oʻqishini qayta tiklash
42. Oliy taʼlim tashkilotlari talabalarining oʻqishini qayta tiklash boʻyicha arizalarni qabul qilish bir oʻquv yilida ikki marta:
kuzgi semestr oʻquv mashgʻulotlari boshlanishidan oldin — 15-iyuldan 5-avgustgacha (5-avgust kuni ham);
bahorgi semestr oʻquv mashgʻulotlari boshlanishidan oldin — 10-yanvardan 20-yanvargacha (20-yanvar kuni ham) muayyan oliy taʼlim tashkiloti tomonidan amalga oshiriladi.
Arizalar oliy taʼlim tashkilotlari tomonidan elektron shaklda ham qabul qilinishi mumkin.
43. Oʻqishini qayta tiklash istagini bildirgan talaba tomonidan arizasiga reyting daftarchasi yoki belgilangan shakldagi akademik maʼlumotnoma yoxud transkript nusxasi ilova qilinadi.
44. Oliy taʼlim tashkilotlari talabalari oʻqishini qayta tiklash toʻgʻrisidagi arizalarni koʻrib chiqish va qaror qabul qilish:
kuzgi semestr uchun — 6-avgustdan 31-avgustgacha;
bahorgi semestr uchun — 21-yanvardan 10-fevralgacha amalga oshiriladi.
45. Barcha oʻquv shakllari boʻyicha talabalar safiga qayta tiklash toʻlov-kontrakt asosida mazkur Nizom talablariga rioya qilingan holda amalga oshiriladi.
Davlat grantlari boʻyicha taʼlim olgan yetimlar, I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslar hamda nogironligi boʻlgan bolalar, shuningdek, muddatli harbiy xizmatni oʻtagan (zaxiraga boʻshagan kunlaridan boshlab bir yil mobaynida), akademik taʼtildan belgilangan muddatda qaytgan shaxslar, Hukumat qarorlari va topshiriqlari hamda tizimida oliy taʼlim tashkilotlari boʻlgan vazirlik va idoralar tomonidan davlat buyurtmasi bilan xorijga oʻqishga yuborilgan va belgilangan muddatda qaytgan talabalar, istisno tariqasida, oʻqishga (muayyan kursga) davlat grantlari oʻrinlariga qayta tiklanishi (davom ettirishi) mumkin.
46. Hukumatlararo yoki idoralararo yoxud oliy taʼlim tashkilotlariaro kelishuv doirasida xorijiy oliy taʼlim tashkilotida Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tashkilotida tahsil olgan taʼlim yoʻnalishiga mos boʻlgan yoʻnalish boʻyicha, bir yoki bir necha semestr oʻqib, belgilangan muddatda qaytgan talabalarning xorijiy oliy taʼlim tashkilotida taʼlim olgan muddatlarini (semestr) inobatga olgan holda (muayyan taʼlim yoʻnalishi va taʼlim shaklida, jumladan, davlat granti asosida tahsil olgan talabalar — davlat granti asosida) oʻqishini davom ettirishiga ruxsat etiladi.
Bunda muayyan taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha oʻquv rejalaridagi fanlar farqini tegishli oʻquv semestri davomida qayta oʻzlashtirishga ruxsat etiladi.
Belgilangan muddatdan kech qaytgan talabalar oʻqishining tiklanishi umumiy tartibda koʻrib chiqiladi.
47. Oliy taʼlim tashkiloti rektori (direktori)ning talabani talabalar safiga qayta tiklashga, belgilangan tartib va muddatlarda darslarga qatnashishiga ruxsat etish toʻgʻrisidagi buyrugʻi rasmiylashtiriladi.
Toʻlov-kontrakt asosida oʻqishi tiklanganlarni talabalar safiga oʻqishga qabul qilish toʻgʻrisidagi oliy taʼlim tashkiloti rektori (direktori)ning buyrugʻi ular tomonidan belgilangan muddatda shartnoma toʻlovlari bajarilgandan soʻng 10 kun muddatda qabul qilinadi.
48. Talabani oʻqishdan chetlashtirilgan oʻquv yilida (tahsil olgan kursiga, semestriga) oʻqishga qayta tiklashga (koʻchirib tiklashga) yoʻl qoʻyilmaydi.
6-bob. Oliy taʼlim tashkilotlari talabalarini oʻqishdan chetlashtirish
49. Talabani oliy taʼlim tashkilotidan chetlashtirishga quyidagilar asos boʻladi:
a) oʻz xohishiga koʻra;
b) oʻqishining boshqa taʼlim tashkilotiga koʻchirilishi;
v) oliy taʼlim tashkilotining ichki tartib-qoidalari hamda odob-axloq qoidalarini buzgani;
g) bir semestr davomida darslarni uzrli sabablarsiz 74 soatdan ortiq qoldirgani (salomatligi sababli belgilangan shakldagi tibbiy maʼlumotnoma taqdim etilgan holat bundan mustasno);
d) oʻqish uchun belgilangan toʻlov oʻz vaqtida amalga oshirilmagani (toʻlov-kontrakt boʻyicha tahsil olayotganlar uchun);
e) talaba sud tomonidan ozodlikdan mahrum etilgani;
j) sud qaroriga koʻra kirish imtihonlarida belgilangan tartibni buzgani aniqlanganda (ushbu holatda talabalar safidan chetlashtirilganlar talabalar safiga qayta tiklanmaydi);
z) kursda qoldirilgan talaba oʻqishini davom ettirish boʻyicha belgilangan muddatlarda murojaat qilmaganda;
i) talaba abituriyent sifatida oliy taʼlim tashkiloti qabul komissiyasiga taqdim etgan (topshirgan) hujjatlarining qalbakiligi yoki belgilangan talablarga javob bermasligi aniqlansa;
k) vafot etgani.
Harbiy xizmatni oʻtash, salomatligini tiklash, homiladorlik va tugʻish, shuningdek, bolalarni parvarish qilish taʼtillari davrida hamda oilasining betob aʼzosini (otasi, onasi yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar, turmush oʻrtogʻi, farzandi) parvarish qilish uchun talabaga belgilangan tartibda akademik taʼtil berilishi mumkin.
50. Talabalar oliy taʼlim tashkiloti rektori (direktori)ning buyrugʻi bilan quyidagi hollarda kursdan-kursga qoldiriladi:
belgilangan muddatlarda fanlarni oʻzlashtira olmaganda (akademik qarzdor boʻlganda), oʻquv jarayoni kredit-modul tizimi asosida tashkil etilgan taʼlim yoʻnalishlari bundan mustasno;
oʻquv jarayoni kredit-modul tizimi asosida tashkil etilgan taʼlim yoʻnalishlarida semestr va oʻquv yili yakuni natijalari boʻyicha GPA oʻtish ballini toʻplay olmaganda;
malakaviy amaliyotga qatnashmagan, shuningdek, malakaviy amaliyot yakunlari boʻyicha qoniqarsiz baholanganda.
51. Kursda qoldirilgan talaba toʻlov-kontrakt asosida oʻqishini oʻzlashtirmagan tegishli oʻquv semestri boshidan boshlaydi.
Talabalar oʻquv yuklamasi hajmini aniqlashning shartli birliklari (kreditlar)ni oʻtkazish va jamlash tizimi joriy etilgan oliy taʼlim tashkilotlarida akademik qarzdorligi tufayli kursda qoldirilgan talabalar tegishli oʻquv semestridan boshlab faqat oʻzlashtira olmagan fanlarini (modullarni) takroran oʻqiydi.
Kursda qoldirilgan talaba oʻqishni davom ettirishi uchun talabalar oʻqishini qayta tiklash uchun belgilangan muddatlarda oliy taʼlim tashkilotiga ariza bilan murojaat qiladi.
Kursda qoldirilgan talaba ushbu Nizomning 49-bandidagi holatlar boʻyicha talabalar safidan chetlashtirilishi mumkin.
52. Talabalar oʻqishini koʻchirish (koʻchirib tiklash) va qayta tiklash jarayonida shaxsiy yigʻmajilddagi hujjatlar toʻliq taqdim etilmagan yoki taqdim etilgan hujjatlarga oʻzgartirishlar kiritilgani yoxud hujjatlar oʻrnatilgan tartibda tasdiqlanmagani aniqlangan hollarda oliy taʼlim tashkiloti rektori (direktori) mazkur hujjatlarni tekshirish va buyruq chiqarmaslik huquqiga ega.
53. Talabaning shaxsiy yigʻmajildida quyidagi hujjatlar boʻlishi talab etiladi:
umumiy oʻrta (oʻn bir yillik taʼlim), oʻrta maxsus (toʻqqiz yillik tayanch oʻrta va ikki yillik oʻrta maxsus taʼlim), boshlangʻich kasbiy taʼlim (toʻqqiz yillik tayanch oʻrta va ikki yillik boshlangʻich kasbiy taʼlim), shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Qonuni kuchga kirguniga (2020-yil 24-sentabr) qadar oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi (toʻqqiz yillik umumiy oʻrta va uch yillik oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi) tashkilotini tugatganligi haqidagi hujjat va uning ilovasining asli;
oʻqigan oliy taʼlim tashkilotiga talabalikka qabul qilinganlik toʻgʻrisidagi buyruqdan koʻchirma;
oxirgi oʻqigan kursiga oʻtganlik toʻgʻrisidagi buyruqdan koʻchirma;
belgilangan shakldagi akademik maʼlumotnoma yoki transkriptning asli;
talabalar safidan chetlatilganlik toʻgʻrisidagi buyruqdan koʻchirma;
talabaning tahsil olgan oliy taʼlim tashkilotiga yuborilgan soʻrovnomaning javob xati.
54. Oliy taʼlim tashkilotiga oʻqishini koʻchirgan yoki qayta tiklagan talabalarning shaxsiy yigʻmajildiga tegishli buyruqdan koʻchirma, ariza va akademik maʼlumotnoma yoki transkript tikib qoʻyiladi.
55. Oʻquv rejalardagi fanlari boʻyicha farqlar aniqlanganda, talaba akademik qarzdor sifatida oʻqishga qabul qilinadi.
Fanlardan akademik qarzdor talabalar muayyan semestr davomida tegishli fanlardan oʻzlashtirilmagan kreditlar miqdoriga mos ravishda bazaviy toʻlov-kontrakt miqdoridan kelib chiqqan holda toʻlovni amalga oshirgandan soʻng oʻzlashtirilmagan fanlarni oʻz hisobidan qayta oʻqiydi.
56. Talabalar oʻqishini koʻchirish, qayta tiklash va ularni oʻqishdan chetlashtirish toʻgʻrisidagi taqdim etilgan hujjatlarning toʻgʻri rasmiylashtirilishi va ularning qonuniyligi uchun javobgarlik oliy taʼlim tashkilotlariga yuklanadi.
Zarurat boʻlganda rektor hujjatlarni yuborgan oliy taʼlim tashkilotlaridan rasmiy xat orqali maʼlumotlar toʻgʻriligini tasdiqlashni soʻrashi mumkin.
7-bob. Yakunlovchi qoida
57. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradi.
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 13-sentabrdagi 578-son qaroriga
4-ILOVA
Oliy taʼlim tashkilotlari talabalarining akademik mobilligini tashkil etish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom oliy taʼlim tashkilotlari bakalavriat va magistratura bosqichida tahsil olayotgan talabalarining Oʻzbekiston Respublikasidagi oliy taʼlim tashkilotlari (keyingi oʻrinlarda — oliy taʼlim tashkilotlari) va xorijiy oliy taʼlim tashkilotlari bilan hamkorlikda amalga oshiriladigan akademik mobilligini tashkil qilish va amalga oshirish tartibini belgilaydi.
Qonunchilik hujjatlari, jumladan, ushbu Nizomda koʻrsatilmagan holatlar oliy taʼlim tashkilotlari tomonidan imzolangan oʻzaro kelishuv shartnomalariga muvofiq tartibga solinadi.
2. Akademik mobillik quyidagi maqsadlarda tashkil etiladi:
talabalarga yetakchi ilmiy maktablar shakllangan oliy taʼlim tashkilotlarida oʻqish imkoniyatini yaratish;
talabalarning bilim sifati va rivojlanish darajasini oshirish;
talabalarning boshqa hududda tahsil olish zaruratini inobatga olgan holda, taʼlim olish imkoniyatini yaratish;
xorijiy va mahalliy taʼlim tizimlari yutuq hamda tajribalari bilan tanishish;
mutaxassislik boʻyicha amaliy koʻnikma va malakalarni egallash;
oliy taʼlim tashkilotining hamkorlik aloqalarini oʻrnatish;
taʼlimning integratsiyalashuvi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish.
3. Taʼlim shakli, kursi va taʼlim yoʻnalishi (mutaxassislik)ning mos boʻlishi oliy taʼlim tashkilotlari talabalarining akademik mobilligini amalga oshirishning asosiy sharti hisoblanadi.
4. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
akademik mobillik — oliy taʼlim tashkiloti talabasining mahalliy (respublika hududidagi) yoki tashqi (xalqaro, xorijiy) boshqa oliy taʼlim tashkilotiga muayyan vaqt mobaynida oʻqish maqsadida borishi (yuborilishi);
kreditlarni tan olish — talabaning akademik mobilligini taʼminlash maqsadida bir oliy taʼlim tashkiloti taʼlim dasturi boʻyicha olingan kreditlarni boshqa oliy taʼlim tashkilotiga koʻchirish va tan olish;
mobillik dasturi — ikki yoki undan ortiq oliy taʼlim tashkiloti oʻrtasida oʻzaro taʼlim kelishuvi asosida tashkil etilgan akademik mobillik dasturi;
taʼlim kelishuvi — ikki yoki undan ortiq oliy taʼlim tashkiloti oʻrtasida oʻzaro taʼlim toʻgʻrisidagi kelishuv asosida tashkil etilgan akademik mobillik dasturi asosida talabaning muayyan vaqt mobaynida tahsil olib borishini taʼminlovchi hamkorlikda imzolangan hujjat;
transkript — taʼlim olishning tegishli davrida oʻzlashtirilgan kreditlar va baholarning harf va raqamlardagi ifodasi koʻrsatib oʻtilgan fanlar roʻyxatini oʻz ichiga olgan, belgilangan shakldagi hujjat;
qabul qiluvchi oliy taʼlim tashkiloti — oʻzaro taʼlim kelishuviga muvofiq tashkil etilgan akademik mobillik dasturi asosida talabani oʻqishga qabul qiluvchi oliy taʼlim tashkiloti;
yuboruvchi oliy taʼlim tashkiloti — oʻzaro taʼlim kelishuviga muvofiq tashkil etilgan akademik mobillik dasturi asosida talabani oʻqishga yuboruvchi oliy taʼlim tashkiloti.
2-bob. Akademik mobillikni tashkil qilish
5. Akademik mobillikni amalga oshirish muddati oliy taʼlim tashkilotlarining oʻzaro kelishuv shartnomasiga asosan kamida bir semestr yoki koʻpi bilan ikki semestr boʻlishi lozim (xorijiy hamkor oliy taʼlim tashkiloti bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq, istisno tariqasida, muddatga oʻzgartirish kiritilishi mumkin).
Talaba akademik mobillikda oliy taʼlim tashkilotlarining qoʻshimcha shartnomalariga muvofiq ikkinchi marta ishtirok etishi mumkin.
6. Akademik mobillik oliy taʼlim tashkilotlari oʻrtasida imzolangan oʻzaro taʼlim toʻgʻrisidagi kelishuvga muvofiq oliy taʼlim tashkiloti rektori (direktori)ning buyrugʻiga asosan amalga oshiriladi.
7. Akademik mobillikni amalga oshirishning umumiy jarayoni oliy taʼlim tashkilotining oʻquv-uslubiy boʻlimi (boshqarmasi) tomonidan muvofiqlashtiriladi. Bunda xorijiy oliy taʼlim tashkiloti bilan hamkorlikda akademik mobillikni tashkil etish oliy taʼlim tashkilotining xalqaro aloqalar boʻlimi (boshqarmasi) bilan birgalikda amalga oshiriladi.
Akademik mobillikni tashkil etish va muvofiqlashtirish boʻyicha oliy taʼlim tashkiloti boʻlimlari (boshqarmalari)ning vazifalari oliy taʼlim tashkiloti rektori (direktori) tomonidan belgilanadi.
Akademik mobillikni tashkil etishga umumiy rahbarlik oʻquv ishlari boʻyicha prorektor (direktor oʻrinbosari), boshqa tashkiliy ishlar tegishli boʻlim boshligʻi va fakultet dekanlari zimmasiga yuklatiladi.
8. Akademik mobillik boʻyicha talabalar har bir oliy taʼlim tashkilotining mavjud imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda qabul qilinadi yoki yuboriladi.
9. Oliy taʼlim tashkilotining rasmiy veb-saytida akademik mobillik boʻyicha alohida boʻlim yaratiladi. Ushbu boʻlimda hamkor oliy taʼlim tashkilotlari, akademik mobillik dasturlari (taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklar kesimida), akademik mobillik doirasida oʻqish istagini bildirganlar uchun ariza topshirish tartibi, muddatlari, taqdim etiladigan (elektron shaklda yuklanadigan) hujjatlar, arizalarni koʻrib chiqish bosqichlari va boshqa maʼlumotlar joylashtiriladi.
Shu bilan birga, mazkur maʼlumotlar masʼul va tegishli boʻlimlar tomonidan doimiy monitoring qilinib, yangiliklar bilan toʻldirib boriladi.
10. Professor-oʻqituvchilar va ilmiy xodimlarning akademik mobilligini tashkil etish oliy taʼlim tashkilotlarining oʻzaro kelishuv shartnomasi asosida amalga oshiriladi.
11. Talabalar akademik mobillik uchun yuboruvchi va qabul qiluvchi oliy taʼlim tashkiloti rektorlari (direktorlari) tomonidan alohida belgilangan shartlar asosida saralanadi.
Bunda oliy taʼlim tashkiloti rektori (direktori) tomonidan talabalarning qobiliyatlari, oʻzlashtirish koʻrsatkichlari hamda oliy taʼlim tashkilotining mavjud imkoniyatlari (moddiy-texnik bazasi, professor-oʻqituvchilar bilan taʼminlanganlik darajasi hamda akademik mobillikning professor-oʻqituvchilar oʻquv yuklamasiga taʼsiri) inobatga olinadi.
Talabgorlarni saralashning adolatli, shaffof, manfaatlar toʻqnashuvini keltirib chiqarmagan holda oʻtkazilishi oliy taʼlim tashkilotlari rektorlari (direktorlari) zimmasiga yuklatiladi.
12. Taʼlim sifati hamkor oliy taʼlim tashkilotlarining vakillari tomonidan nazorat qilinishi mumkin.
13. Talaba hamkor oliy taʼlim tashkilotida oʻqish davri yakunlangandan soʻng oʻzlashtirgan fanlari, baho (ball) yoki kreditlarni tasdiqlovchi transkriptni asosiy taʼlim olayotgan oliy taʼlim tashkiloti oʻquv-uslubiy boʻlimi (boshqarmasi)ga taqdim etadi.
14. Yuboruvchi oliy taʼlim tashkilotining oʻquv rejasidagi muayyan semestr fanlari boʻyicha talabalar tomonidan akademik mobillik davrida toʻplangan kreditlar mos ravishda tan olinadi.
Talaba akademik mobillik davrida belgilangan kreditlarni toʻplay olmagan yoki fanlar farqi aniqlangan taqdirda, yuboruvchi oliy taʼlim tashkiloti rektori (direktori) yozma ruxsati bilan ushbu fanlardan kreditlarni oʻzi tahsil oladigan oliy taʼlim tashkilotida pulli asosda oʻzlashtirishi mumkin.
Yuboruvchi oliy taʼlim tashkiloti rektori (direktori) akademik mobillikda ishtirok etgan talabaning toʻplagan kreditlari va ularni tan olish, oʻzlashtirmagan fanlarga koʻra akademik qarzdor deb hisoblash, ularni oʻzlashtirish shartlarini belgilaydi.
15. Talabalar birinchi kursning birinchi semestrida, bitiruvchi kursning soʻnggi semestrida, shuningdek, kursdan-kursga qolgan talaba soʻnggi oʻqigan semestridan keyingi semestrda tahsil olish boʻyicha akademik mobillik dasturida ishtirok etishi mumkin emas.
16. Moliyaviy masalalar, jumladan, akademik mobillikda ishtirok etayotgan talabalarning kontrakt, stipendiya toʻlovlari va boshqa xarajatlarni moliyalashtirish oliy taʼlim tashkilotlari tomonidan imzolangan oʻzaro kelishuv shartnomasida belgilangan shartlarga muvofiq amalga oshiriladi.
3-bob. Hamkor oliy taʼlim tashkilotlarida akademik mobillikni tashkil etish tartibi
17. Mos yoki turdosh soha boʻyicha akademik mobillikni amalga oshirmoqchi boʻlgan talaba hamkor oliy taʼlim tashkiloti bilan oʻzaro kelishuv shartnomasi boʻlgan taqdirda, quyidagi maʼlumotlar toʻplamini ilova qilgan holda rektor nomiga ariza bilan murojaat qiladi (kuzgi va bahorgi semestr oxirida elektron tarzda):
talabaning F.I.O., fakulteti va guruhi;
safardan maqsad;
borishi moʻljallangan joy;
safarga borish muddati (akademik mobillik davomiyligi kamida bir semestr yoki koʻpi bilan ikki semestr boʻlishi lozim);
safar bilan bogʻliq xarajatlarning moliyalashtirish manbalari.
18. Mobillik maqsadida safarga yuborish boʻyicha ijobiy qaror qilingan taqdirda, belgilangan tartibda safarga yuborish haqidagi hujjatlar rasmiylashtiriladi.
19. Akademik mobillik dasturini yakunlash shartlari hamkor oliy taʼlim tashkilotining akademik taqvimiga muvofiq individual ravishda belgilanadi.
4-bob. Yakunlovchi qoida
20. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradi.
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 13-sentabrdagi 578-son qaroriga
5-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining “Oliy taʼlim muassasasida sirtqi (maxsus sirtqi) va kechki (smenali) taʼlimni tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash haqida” 2017-yil 21-noyabrdagi 930-son qarorida:
a) 1-ilovada:
1-banddagi “Taʼlim toʻgʻrisida” va “Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari” soʻzlari “Oʻzbekiston Respublikasining “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Qonuni” soʻzlari bilan almashtirilsin;
6-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“6. Sirtqi (maxsus sirtqi) taʼlimga talabalarni qabul qilish Oliy taʼlim tashkilotlarining bakalavriatiga oʻqishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq amalga oshiriladi”;
11-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“11. Sirtqi (maxsus sirtqi) taʼlim talabalarini talabalar safidan chetlashtirish va oʻqishini qayta tiklash Oliy taʼlim tashkilotlari talabalari oʻqishini koʻchirish, qayta tiklash va oʻqishdan chetlashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga asosan amalga oshiriladi”;
13-banddagi, 31-bandning birinchi xatboshisidagi hamda 32-banddagi “Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi” soʻzlari “Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
b) 2-ilovada:
1-banddagi “Taʼlim toʻgʻrisida” va “Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari” soʻzlari “Oʻzbekiston Respublikasining “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Qonuni” soʻzlari bilan almashtirilsin;
4-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“4. Kechki (smenali) taʼlimga talabalarni qabul qilish Oliy taʼlim tashkilotlarining bakalavriatiga oʻqishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq amalga oshiriladi”;
10-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“10. Kechki (smenali) taʼlim talabalarini talabalar safidan chetlashtirish va oʻqishini qayta tiklash Oliy taʼlim tashkilotlari talabalari oʻqishini koʻchirish, qayta tiklash va oʻqishdan chetlashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga asosan amalga oshiriladi”;
12-banddagi, 30-bandning birinchi xatboshisidagi hamda 31-banddagi “Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi” soʻzlari “Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi” soʻzlari bilan almashtirilsin.
2. Vazirlar Mahkamasining “Oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish tartibini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida” 2018-yil 3-apreldagi 261-son qarorida:
a) 2-band oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin;
b) 1-ilovada:
2-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“2. Ushbu Nizom oʻqishga qabul qilish jarayonlari alohida qonunchilik hujjatlariga muvofiq tartibga solinadigan oliy taʼlim tashkilotlariga nisbatan tatbiq etilmaydi”;
ikkinchi, toʻrtinchi va beshinchi xatboshilaridagi “Davlat test markazi” soʻzlari tegishli kelishikda “Bilim va malakalarni baholash agentligi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
toʻqqizinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligi vakili (keyingi oʻrinlarda Bilim va malakalarni baholash agentligi vakili deb ataladi) — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligi (keyingi oʻrinlarda Bilim va malakalarni baholash agentligi deb ataladi) direktorining buyrugʻi bilan tayinlanadigan, test sinovlari oʻtkaziladigan tegishli hudud va binoda belgilangan vazifa va majburiyatlar boʻyicha amalga oshiriladigan tadbirlarga umumiy rahbarlik qiluvchi hamda test sinovi ishtirokchilarining vazifalariga muvofiq harakatini nazorat qiluvchi va amaliy yordam koʻrsatuvchi xodim”;
4-bandning birinchi xatboshisi, 5-band, 7-bandning birinchi xatboshisi, 17-band, 3-paragraf nomi, 28-band, 5-paragraf nomi, 32 — 36-bandlar, 38, 39, 54 va 58-bandlardagi “Davlat test markazi” soʻzlari tegishli kelishikda “Bilim va malakalarni baholash agentligi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
6-bandning birinchi xatboshisidagi “kunduzgi va kechki (smenali) taʼlim shakli uchun” soʻzlari chiqarib tashlansin;
9-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“9. Bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga mos test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi, baholash mezonlari, test topshiriqlari soni va javoblar varaqasi namunasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan tasdiqlanadi hamda test sinovlari boshlanishidan kamida 6 oy oldin eʼlon qilinadi”;
12-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“12. Abituriyentning test sinovida toʻplagan ballari haqidagi maʼlumot test sinovi oʻtkazilgan kunning ertasiga, uning talabalikka tavsiya etilganligi yoki etilmaganligi boʻyicha belgilangan tartibda tasdiqlangan tanlov natijasi roʻyxatdan oʻtishning ikkinchi bosqichi (abituriyentlar tomonidan oliy taʼlim muassasasi, taʼlim yoʻnalishi va taʼlim shaklini tanlash jarayoni) toʻliq yakunlangandan keyin bir hafta muddat ichida Bilim va malakalarni baholash agentligining rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi”;
15-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“15. Binolarni tayyorlash, videokuzatuvlar orqali jamoatchilik, shu jumladan, abituriyentlar ota-onalarining kirish test sinovlari jarayonini onlayn tarzda kuzatib borishlari, abituriyentlarni shaxsni identifikatsiyalash vositalari hamda videofiksatsiya qurilmalari orqali binoga tegishli hududga kiritish, binolardagi va xizmat postlaridagi video yozuvlarning saqlanishi uchun sharoitlar yaratish Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi, Ichki ishlar vazirligining “Xavfsiz shahar” tizimlarini rivojlantirish markazi tomonidan taʼminlanadi.
Ichki ishlar vazirligining “Xavfsiz shahar” tizimlarini rivojlantirish markazi tomonidan tegishli joylar shaxsni identifikatsiyalash vositalari (videofiksatsiya va barmoq izlarini tekshiruvchi vositalar), videokuzatuv, mobil aloqa toʻlqinini toʻsuvchi qurilmalar bilan taʼminlanadi hamda Ichki ishlar vazirligi oʻtkazilgan test sinovlari jarayoni boʻyicha videoyozuvlarni saqlaydi va ularni test sinovlari oʻtkazilgan kunning ertasiga Bilim va malakalarni baholash agentligiga topshiradi”;
2-paragraf hamda 24 — 27-bandlar oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin;
ikkinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“har yili 30-iyunga qadar test sinovlari oʻtkaziladigan binolarni mazkur bobning 1-paragrafida belgilangan talablar boʻyicha test sinovlariga tayyor holatga keltirish hamda bu haqda Bilim va malakalarni baholash agentligiga maʼlumot berish”;
sakkizinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“test sinovlari oʻtkaziladigan binolarni sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari talablariga toʻliq javob berishini taʼminlash”;
31-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“31. Test sinovlari oʻtkaziladigan hududga yoki binoga kirish joylarida tashkil etilgan nazorat xizmati postlarida xizmat olib borayotgan Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi va Raqamli texnologiyalar vazirligi xodimlari tomonidan tekshiruv vaqtida abituriyent va guruh nazoratchilarida mikrokalkulyator, lugʻat, jadval, kitob, uyali telefon, kompyuter, telekommunikatsiya vositalari, shpargalkalar mavjudligi, shuningdek, barmoq izlari va fotosurati tekshirilgan vaqtda shaxsi tasdiqlanmaganligi aniqlangan taqdirda, bu haqida Bilim va malakalarni baholash agentligining vakili xabardor qilinib, ularni test sinovlariga kiritmaslik toʻgʻrisida dalolatnoma rasmiylashtiradi”;
48-band quyidagi mazmundagi oltinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Test sinovlari davomida abituriyent sogʻligi yomonlashishi sababli tez tibbiy yordam xodimlari tomonidan olib ketilsa yoki oʻz ixtiyori bilan test oʻtkazilayotgan hududdan chiqib ketsa, uning test sinovi natijasi sogʻligi yomonlashishiga qadar javoblar varaqasiga belgilagan javoblari asosida hisoblanadi. Unga boshqa vaqtda test sinovini qayta topshirishga ruxsat berilmaydi”;
52-bandning beshinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“test materiallarini binodan tashqariga olib chiqsa yoki olib chiqishga urinsa, test materiallarini tarqatsa, test topshiriqlari kitobi varagʻini yirtsa”;
53-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“53. Test sinovlari natijasidan norozi boʻlgan abituriyentlar yakuniy tanlov natijalari eʼlon qilingan kunning ertasidan boshlab oʻn kun muddatda Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim tashkilotlariga qabul qilish boʻyicha davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlangan apellyatsiya komissiyasiga Bilim va malakalarni baholash agentligining rasmiy veb-sayti orqali elektron shaklda apellyatsiya shikoyatini berish huquqiga ega”;
57-bandning birinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“57. Apellyatsiya shikoyati apellyatsiya komissiyasi tomonidan faqat abituriyent ishtirokida, uning test sinovi jarayonida javoblar varaqasiga belgilagan javoblari toʻgʻriligini asoslovchi yozma ravishdagi bayoni asosida koʻrib chiqiladi. Abituriyentning yozma ravishdagi bayoni oʻz tasdigʻini topmagan boʻlsa, apellyatsiya komissiyasi test sinovlari natijalarini oʻzgarishsiz qoldirish va apellyatsiya shikoyatini qanoatlantirishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi”;
12 va 13-ilovalar oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin;
v) 3-ilova oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
3. Vazirlar Mahkamasining “Oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilishda milliy hamda xalqaro baholash tizimlari sertifikatlarini tatbiq qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019-yil 13-maydagi 395-son qarorida:
a) 1-bandning “g” kichik bandi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin;
b) 2-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“2. 2025/2026 oʻquv yilidan boshlab test sinovlari (kasbiy (ijodiy) imtihon) majmuasiga chet tili fani kiritilgan barcha bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga hujjat topshirgan va milliy yoki xalqaro sertifikatning quyidagi darajalariga ega boʻlgan abituriyentlarga ushbu fandan imtihonlarsiz belgilangan maksimal ball berilishi nazarda tutilsin:
ingliz tili uchun — milliy sertifikat yoki International English Language Testing System (academic IELTS 5,5), Test of English as a Foreign Language (TOEFL IBT 72), Cambridge English Qualifications (B2 First, C1 Advanced, C2 Proficiency) xalqaro imtihon tizimlari boʻyicha tilni bilish darajalari B2 va undan yuqori;
yapon tili uchun — milliy sertifikat boʻyicha tilni bilish darajalari B2 va undan yuqori;
nemis tili uchun — milliy sertifikat yoki Goethe-Zertifikat, Deutsches Sprachdiplom (DSD), Test Deutsch als Fremdsprache (Test DAF) xalqaro imtihon tizimlari boʻyicha tilni bilish darajalari B2 va undan yuqori;
fransuz tili uchun — milliy sertifikat boʻyicha tilni bilish darajalari B2 va undan yuqori;
boshqa tillar uchun — milliy sertifikat yoki xalqaro imtihon tizimlari boʻyicha tilni bilish darajalari B2 va undan yuqori”.
4. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasining professional taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilishni tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 11-noyabrdagi 715-son qarorining 2-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“2. Belgilab qoʻyilsinki:
professional taʼlim muassasalariga toʻlov-kontrakt asosida qabul qilingan yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan oʻquvchilar, ijtimoiy himoyaga muhtoj oila farzandlarining oʻqitish xarajatlari Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan qoplanadi;
oʻqishga kirishda davlat granti uchun oʻtish balining 80 foizini toʻplagan “Kambagʻal oilalar reyestri”ga kiritilgan oilalar farzandlari qabul parametrlaridan tashqari qoʻshimcha davlat granti asosida oʻqishga qabul qilinadi;
davlat granti asosida professional taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilingan shaxslarni oʻqitish bilan bogʻliq xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi”.
5. Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 18-avgustdagi 527-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Taʼlim kreditini moliyalashtirish jamgʻarmasi hisobidan tijorat banklari orqali oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim tashkilotlarida toʻlov-kontrakt asosida oʻqish uchun taʼlim kreditlarini ajratish tartibi toʻgʻrisidagi nizom quyidagi mazmundagi 24-band bilan toʻldirilsin:
“24. “Kambagʻal oilalar reyestri”ga kiritilgan oilalarning talaba farzandlari uchun 2024/2025 oʻquv yilidan boshlab oliy taʼlim tashkilotlarida fanlarni oʻzlashtirishning oʻrtacha koʻrsatkichi (GPA (grade point average) koʻrsatkichi) “3,5” va undan yuqori boʻlganda, keyingi oʻquv yili uchun foizsiz taʼlim krediti ajratiladi.
Bunda oliy taʼlim tashkilotlarida taʼlim olayotgan kambagʻal oilalarning talaba farzandlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligining “Kambagʻal oilalar reyestri” axborot tizimi orqali aniqlanadi hamda mazkur axborot tizimi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining “Oliy taʼlim jarayonlarini boshqarish” (HEMIS) axborot tizimiga oʻzaro integratsiya qilinadi”.
6. Vazirlar Mahkamasining “Iqtidorli oʻquvchilar oʻrtasida fan olimpiadalarini oʻtkazish tizimini takomillashtirish hamda xorijiy tillarni oʻqitish boʻyicha eng yaxshi maktabni aniqlash tizimini joriy etish toʻgʻrisida” 2021-yil 9-sentabrdagi 562-son qarorida:
a) 1-bandning “a” kichik bandi ikkinchi xatboshisidagi “asosiy olimpiadalar, qoʻshimcha respublika olimpiadalari, onlayn olimpiadalar” soʻzlari “asosiy olimpiadalar, muhandislik-ixtirochilik olimpiadalari, qoʻshimcha respublika olimpiadalari, onlayn olimpiadalar” soʻzlari bilan almashtirilsin;
b) 1-ilovada:
quyidagi mazmundagi uchinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“muhandislik-ixtirochilik olimpiadasi — oʻquvchilarning nazariy bilimlarini amaliyotda qoʻllay olishini sinovdan oʻtkazish, oʻquvchilarda muhandislik, ixtirochilik va konstruktorlik koʻnikmalarini shakllantirishga qaratilgan olimpiada”;
uchinchi — toʻqqizinchi xatboshilar tegishlicha toʻrtinchi — oʻninchi xatboshilar deb hisoblansin;
quyidagi mazmundagi 31-bob bilan toʻldirilsin:
“31-bob. Muhandislik-ixtirochilik olimpiadalari
461. Maktab oʻquvchilari oʻrtasida ijodkorlik, ixtirochilik hamda konstruktorlik koʻnikmalarini rivojlantirish maqsadida muhandislik-ixtirochilik olimpiadalari tashkil qilinadi.
Muhandislik-ixtirochilik olimpiadalari oʻgʻil va qiz bola oʻquvchilar uchun alohida-alohida oʻtkaziladi hamda gʻoliblar alohida-alohida aniqlanadi.
Har yili avgust oyida Vazirlik tomonidan Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan kelishilgan holda zamonaviy muhandislik sohalaridan kelib chiqib, joriy oʻquv yilida boʻlib oʻtadigan muhandislik-ixtirochilik olimpiadasining yoʻnalishlari, tanlov bosqichlari, turlari, shartlari, baholash mezonlari hamda gʻoliblari qoʻshimcha davlat granti asosida oʻqishga qabul qilinadigan oliy taʼlim muassasalarining bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari roʻyxati eʼlon qilinadi.
Muhandislik-ixtirochilik yoʻnalishidagi olimpiada gʻoliblari qoʻshimcha davlat granti asosida oʻqishga qabul qilinadigan oliy taʼlim muassasalarining bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari roʻyxati Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
462. Muhandislik-ixtirochilik olimpiadalarining tashkiliy jarayonlari asosiy olimpiada shartlari kabi moliyalashtiriladi va gʻoliblari ragʻbatlantiriladi.
Muhandislik-ixtirochilik olimpiadasi gʻoliblari va bir nafar jamoa rahbari (oʻqituvchi) belgilangan mukofot pullari bilan, quyi sinf oʻquvchilari esa tashkilotchilarning qimmatbaho sovgʻalari bilan taqdirlanadi.
463. Muhandislik-ixtirochilik olimpiadalarining maktab oʻquvchilari oʻrtasida respublika bosqichida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan bitiruvchi sinf oʻquvchilariga davlat oliy taʼlim muassasalarining olimpiada yoʻnalishiga mos va turdosh bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga imtihonsiz qoʻshimcha davlat granti asosida oʻqishga qabul qilish huquqini beruvchi hamda uch yil muddat davomida amal qiluvchi sertifikat taqdim qilinadi”.
7. Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 18-avgustdagi 457-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Taʼlim kreditini moliyalashtirish jamgʻarmasi hisobidan oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim tashkilotlarida xotin-qizlarning toʻlov-kontrakt asosida oʻqishi uchun taʼlim kreditlarini ajratish tartibi toʻgʻrisidagi nizom quyidagi mazmundagi 24-band bilan toʻldirilsin:
“24. “Kambagʻal oilalar reyestri”ga kiritilgan oilalarning talaba farzandlari uchun 2024/2025 oʻquv yilidan boshlab oliy taʼlim tashkilotlarida fanlarni oʻzlashtirishning oʻrtacha koʻrsatkichi (GPA (grade point average) koʻrsatkichi) “3,5” va undan yuqori boʻlganda, keyingi oʻquv yili uchun foizsiz taʼlim krediti ajratiladi.
Bunda oliy taʼlim tashkilotlarida taʼlim olayotgan kambagʻal oilalarning talaba farzandlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligining “Kambagʻal oilalar reyestri” axborot tizimi orqali aniqlanadi hamda mazkur axborot tizimi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining “Oliy taʼlim jarayonlarini boshqarish” (HEMIS) axborot tizimiga oʻzaro integratsiya qilinadi”.
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 13-sentabrdagi 578-son qaroriga
6-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblanayotgan baʼzi qarorlari
ROʻYXATI
1. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida” 2012-yil 1-iyundagi 160-son qaroriga ilovaning 2-bandi.
2. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasi magistraturasiga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlash haqida” 2013-yil 16-sentabrdagi 255-son qarorining 3-bandi.
3. Vazirlar Mahkamasining “Oliy taʼlim muassasalariga kirish test sinovlariga tayyorgarlik jarayoni optimallashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida” 2016-yil 16-iyundagi 209-son qarori.
4. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida” 2017-yil 11-maydagi 270-son qaroriga 1-ilovaning 39-bandi.
5. Vazirlar Mahkamasining “Toshkent davlat yuridik universitetida kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 2-iyundagi 347-son qaroriga 2-ilovaning 5-bandi.
6. Vazirlar Mahkamasining “Oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish, talabalar oʻqishini koʻchirish, qayta tiklash va oʻqishdan chetlashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash haqida” 2017-yil 20-iyundagi 393-son qarori.
7. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” 2017-yil 12-sentabrdagi 712-son qaroriga ilovaning 38-bandi.
8. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston yoshlar ittifoqining faol aʼzolariga oliy taʼlim muassasalariga kirishda imtiyozlar berish toʻgʻrisida” 2017-yil 14-noyabrdagi 914-son qarorining 5-bandi va unga 3-ilova.
9. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” 2018-yil 9-yanvardagi 18-son qarori.
10. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida” 2018-yil 5-iyuldagi 508-son qaroriga 1-ilovaning 39-bandi.
11. Vazirlar Mahkamasining “Alohida iqtidor talab etiladigan bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga kirish test sinovlarisiz, kasbiy (ijodiy) imtihonlar orqali qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2018-yil 27-iyuldagi 588-son qarori.
12. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash haqida” 2018-yil 9-avgustdagi 638-son qaroriga ilovaning 15-bandi.
13. Vazirlar Mahkamasining “Vazirlar Mahkamasining “Oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish, talabalar oʻqishini koʻchirish, qayta tiklash va oʻqishdan chetlashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash haqida” 2017-yil 20-iyundagi 393-son qaroriga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” 2019-yil 27-apreldagi 360-son qarori.
14. Vazirlar Mahkamasining “Oliy taʼlim muassasalariga test sinovlari orqali qabul qilish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazining faoliyatini kuchaytirish toʻgʻrisida” 2019-yil 9-iyuldagi 572-son qaroriga 2-ilovaning 1-bandi.
15. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash haqida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik faoliyatini himoya qilish tizimini tubdan takomillashtirish va prokuratura organlari faoliyatini optimallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019-yil 15-martdagi PF-5690-son Farmoni)” 2019-yil 21-oktabrdagi 886-son qaroriga ilovaning 15-bandi.
16. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻsmirlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari va davlat xizmati uchun kadrlar zaxirasini tayyorlash tizimini takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2019-yil 28-iyundagi PQ-4375-son qarori)” 2019-yil 6-dekabrdagi 973-son qaroriga 1-ilovaning 6-bandi.
17. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Bola huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2019-yil 22-apreldagi PQ-4296-son qarori)” 2019-yil 20-dekabrdagi 1022-son qaroriga ilovaning 2-bandi.
18. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Mehnatga haq toʻlash, pensiyalar va boshqa toʻlovlar miqdorlarini aniqlash tartibini takomillashtirish toʻgʻrisida” 2019-yil 21-maydagi PF-5723-son Farmoni)” 2019-yil 28-dekabrdagi 1046-son qaroriga ilovaning 166-bandi.
19. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasiga oʻqishga qabul qilish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 5-iyundagi 358-son qarori.
20. Vazirlar Mahkamasining “Oliy taʼlim muassasalariga qoʻshimcha davlat granti asosidagi qabul koʻrsatkichlari doirasida ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlarga tanlovda ishtirok etish uchun tavsiyanoma berish va ularni oʻqishga qabul qilishni tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2020-yil 23-iyundagi 402-son qarorining 2-bandi.
21. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 14-maydagi “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiylari va ularning oila aʼzolarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-3726-son qaroriga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” 2020-yil 16-iyundagi PQ-4753-son qarori)” 2020-yil 10-avgustdagi 470-son qaroriga ilovaning 2-bandi.
22. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Tasviriy va amaliy sanʼat sohasi samaradorligini yanada oshirishga doir chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 21-apreldagi PQ-4688-son qarori)” 2020-yil 21-avgustdagi 499-son qaroriga ilovaning 2-bandi.
23. Vazirlar Mahkamasining “Test tizimini takomillashtirishga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2020-yil 17-sentabrdagi 562-son qaroriga ilovaning 1-bandi.
24. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasida chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni roʻyxatga olish tartibini soddalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 28-sentabrdagi 593-son qaroriga 4-ilovaning 39-bandi.
25. Vazirlar Mahkamasining “Umumtaʼlim fanlarini bilish darajasini baholashning milliy test tizimini joriy etish toʻgʻrisida” 2020-yil 12-oktabrdagi 646-son qaroriga 3-ilovaning 1-bandi.
26. Vazirlar Mahkamasining “Iqtisodiyotni rivojlantirish va kambagʻallikni qisqartirishga oid davlat siyosati tubdan takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida” 2020-yil 14-dekabrdagi 777-son qaroriga 1-ilovaning 19-bandi.
27. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim muassasalari talabalariga akademik taʼtil berish toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2021-yil 3-iyundagi 344-son qarorining 4-bandi va unga 2-ilova.
28. Vazirlar Mahkamasining “Oliy harbiylashtirilgan taʼlim muassasalari toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2021-yil 22-oktabrdagi 655-son qarorining 4-bandi va unga 3-ilova.
29. Vazirlar Mahkamasining “Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2021-yil 25-oktabrdagi 656-son qaroriga 2-ilovaning 6-bandi.
30. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi oliy harbiy taʼlim muassasalarida oʻqishga nomzodlarni saralab olish va qabul qilish, kursantlarni oʻqishdan chetlashtirish va qayta tiklash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2021-yil 27-dekabrdagi 775-son qaroriga 3-ilovaning 1-bandi.
31. Vazirlar Mahkamasining “Madaniyat, sanʼat va sport yoʻnalishlari boʻyicha oliy taʼlim muassasalariga kirish uchun belgilangan imtiyozlar optimallashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” 2022-yil 12-yanvardagi 20-son qaroriga ilovaning 2-bandi.
32. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasining “Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida” 2021-yil 20-apreldagi OʻRQ-682-son Qonuni)” 2022-yil 4-apreldagi 153-son qaroriga ilovaning 417 va 512-bandlari.
33. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasining bakalavriatiga oʻqishga qabul qilish jarayonini yanada soddalashtirishga qaratilgan oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida” 2022-yil 14-iyuldagi 386-son qarori.
34. Vazirlar Mahkamasining “Oila va xotin-qizlar bilan ishlash, mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida” 2022-yil 9-avgustdagi 438-son qaroriga 1-ilovaning 9-bandi.
35. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga davlat xizmatlari koʻrsatishni soddalashtirish, byurokratik toʻsiqlarni qisqartirish hamda davlat xizmatlari koʻrsatish milliy tizimini rivojlantirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” 2022-yil 28-sentabrdagi 541-son qaroriga ilovaning 5-bandi.
36. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida oliy taʼlim va oliy taʼlimdan keyingi taʼlimga qabul qilish va oʻqitish tartibini belgilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2023-yil 6-apreldagi 143-son qaroriga 4-ilovaning 4-bandi.
Batafsil havolada: https://lex.uz/uz/docs/-7726569