Tibbiyot fakulteti
Bugungi kunda tibbiyot sohasining rivojlanishida eng asosiy omillardan biri malakali kadrlar tayyorlash hisoblanadi. Shu jihatdan, Termiz iqtisodiyot va servis universiteti (TISU) Tibbiyot fakulteti Surxon vohasi yoshlari uchun haqiqiy bilim va tajriba maskaniga aylanib bormoqda. Fakultetda hozirda 8 ta kafedra faoliyat yuritadi va 4 mingdan ortiq talabalar stomatologiya, pediatriya, davolash ishi, farmatsiya va biologiya kabi yo‘nalishlarda tahsil olishmoqda.
Fakultetning asosiy ustunligi — malakali professor-o‘qituvchilar jamoasi. Ularning 10 nafari ilmiy darajaga ega bo‘lsa, yana 20 nafari faol ilmiy izlanishlar olib bormoqda. Universitet talabalarning ilmiy izlanishlarini qo‘llab-quvvatlash uchun keng imkoniyatlar yaratgan. Shu boisdan, TISU Tibbiyot fakulteti nafaqat mahalliy, balki xalqaro miqyosda ham e’tirof etilmoqda.
Fakultet dekani Begzod Bobomuratovning so‘zlariga ko‘ra, talabalarning zamonaviy tibbiyotdan bilim olishlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Masalan, stomatologiya yo‘nalishi talabalari xorijdan keltirilgan uskunalar bilan jihozlangan laboratoriyalarda amaliy mashg‘ulotlar olib boradi. Shuningdek, birinchi yordam va anatomiya fanini mukammal o‘rganish uchun mulyajlar bilan ta’minlangan maxsus xonalar mavjud, bu esa talabalarning nazariy bilimlarini amaliyot bilan uyg‘unlashtirishiga katta yordam beradi.
Fakultet talabalari va o‘qituvchilari birgalikda ko‘plab loyihalarda ishtirok etib, katta yutuqlarga erishmoqda. Jumladan, 2024-2025 yillarda Samarqand va Buxoroda o‘tkazilgan xalqaro fan olimpiadalarida 15 nafar talaba sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritdi. Shu yili iqtidorli talabalar Turkiyadagi Istanbul Medipol universiteti va Medipol klinikasida malaka oshirib qaytdi, bu esa ularning zamonaviy tibbiyotni chuqur o‘rganishida yangi qadam bo‘ldi.
Bundan tashqari, universitetning Turkiya davlatidagi nufuzli oliy ta’lim muassasalari bilan olib borgan muzokaralari natijasida TISU Turkiya Oliy ta’lim kengashi (YOK) tomonidan rasman tan olindi. Bu esa TISU diplomlari va akademik darajalarining Turkiya oliy ta’lim tizimida e’tirof etilishini bildiradi va talabalarimizga xorijiy davlatlarda tahsil olish, kasbiy faoliyat olib borish hamda zamonaviy tibbiyotdan chuqur bilim olish imkoniyatini ochadi.
Talabalar fakultetda o‘qish jarayonini qiziqarli deb hisoblaydi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, laboratoriyalarda amaliy mashg‘ulotlar nazariy bilimlarni mustahkamlashga yordam beradi va xorijiy tajribaga ega bo‘lish imkoniyati kelgusidagi kasbiy faoliyat uchun katta poydevor bo‘ladi.
Tibbiyot fakultetidagi ta’lim yo‘nalishlari
Bugungi kunda TISU Tibbiyot fakultetida tahsil olayotgan har bir talaba ertangi kunda mamlakatimiz tibbiyotining rivojiga munosib hissa qo‘shishga tayyor malakali mutaxassis bo‘lib yetishadi.