Termiz iqtisodiyot va servis universitetida yangi ilmiy kengash tashkil etildi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovasiyalar vazirligining taklifiga asosan, Oliy attestatsiya komissiyasi Rayosatining 2025-yil 24-sentyabrdagi qaroriga muvofiq, Termiz iqtisodiyot va servis universiteti huzurida ilmiy kengash tuzildi.
Yangi kengash “Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik” ixtisosligi bo‘yicha dissertatsiyalar himoyasini tashkil etish hamda filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini beruvchi kengash sifatida faoliyat yuritadi.
Mazkur qaror universitetning respublikadagi ilmiy-tadqiqot maydonida tutgan nufuzini yanada mustahkamlab, yosh olimlar va tadqiqotchilar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi. Shu bilan birga, filologiya sohasida zamonaviy izlanishlarni qo‘llab-quvvatlash, iqtidorli yoshlarni ilmga jalb etish va umumiy ilmiy salohiyatni yuksaltirishga xizmat qiladi.
Yangi ilmiy kengashning tashkil etilishi Surxondaryo yoshlari uchun ham katta ilmiy imkoniyatlar yaratib, amaliyotdagi tajribalardan samarali foydalanish yo‘llarini ochib beradi.