SADATOV OLTIBOY NAZAROVICH

SADATOV OLTIBOY NAZAROVICH

  • 27.08.2025
  • 11
Blog Image

1976-yil 23-avgust kuni Surxondaryo viloyati, Sherobod tumanida tug‘ilgan. Yoshligidan bilimga intilish, mehnatsevarlik va tashabbuskorlik uning shaxsiy fazilatlari sifatida shakllandi. U 2006-yilda Qarshi davlat universitetini sirtdan tamomlab, ijtimoiy-iqtisodiy soha mutaxassisligini egalladi. 2025-yilda Termiz iqtisodiyot va servis universitetida iqtisodiyot yo‘nalishi bo‘yicha magistratura mutaxassisligini muvaffaqiyatli tamomladi.

1995–1998-yillarda xususiy tadbirkor sifatida iqtisodiy faoliyat bilan shug‘ullangan. 1998-yildan boshlab u o‘z faoliyatini ta’lim tizimida davom ettirdi. Dastlab, Termiz tumanidagi 17-iqtidorli bolalar litsey-internatida xo‘jalik ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari, hisobchi lavozimlarida xizmat qildi. 2009–2011-yillarda Termiz tuman statistika bo‘limi va Termiz pedagogika kollejida bosh hisobchi bo‘lib ishladi. Bu davrda u hisob-kitobdagi aniqlik, mas’uliyat va tizimlilik kabi sifatlari bilan ajralib turdi.

2011–2018-yillarda Termiz maktabgacha ta’lim va xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kollejida bosh hisobchi va iqtisod fani o‘qituvchisi sifatida faoliyat yuritdi. U nafaqat moliyaviy masalalarni boshqardi, balki yosh avlodga iqtisodiy bilimlar berib, ularning kasbiy tayyorgarligiga hissa qo‘shdi.

2018-yilda aynan shu kollej direktori lavozimiga tayinlanib, bir yil davomida muassasa faoliyatini boshqarishda samarali ish olib bordi. 2019-yildan boshlab Sadatov Oltiboy Nazarovich Surxondaryo viloyati Termiz shahar xalq ta’limi bo‘limi mudiri sifatida shahar maktablarida ta’lim sifati, moddiy-texnik bazani mustahkamlash va o‘qituvchilarning malakasini oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib bordi.

2023-yildan boshlab u Boysun tumani maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi boshlig‘i sifatida faoliyat yuritmoqda. Yangi lavozimida ham u ta’lim tizimida sifat ko‘rsatkichlarini oshirish, bolalarning har tomonlama rivojlanishi uchun qulay sharoit yaratish va pedagog kadrlar salohiyatini yuksaltirishga alohida e’tibor qaratmoqda.

Oltiboy Nazarovich o‘zining qariyb 30 yillik mehnat faoliyati davomida ta’lim tizimida moliyaviy boshqaruvdan tortib, yirik rahbarlik lavozimlarigacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tdi. Uning tajribasi, mas’uliyati va ta’lim sohasidagi sadoqati tufayli u bugun Surxondaryoda ta’lim tizimining rivojiga munosib hissa qo‘shayotgan rahbarlardan biri sifatida e’tirof etiladi.