TISU da quyosh energiyasi orqali tejamkorlikka erishilmoqda

Bugungi kunda energiya resurslaridan samarali foydalanish, ekologik toza texnologiyalarni joriy etish va energiya tejamkorligini ta'minlash har bir tashkilot oldida turgan dolzarb vazifalardan biridir. Aynan shu maqsadni ko‘zlagan holda, Termiz iqtisodiyot va servis universitetida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda.
Jumladan, universitetning asosiy binosi tom qismiga umumiy quvvati 200 kVt bo‘lgan, Tibbiyot fakulteti binosiga esa 80 kVt quvvatga ega zamonaviy quyosh panellari o‘rnatildi. Ushbu loyiha uchun universitet tomonidan 1,5 milliard so‘m miqdorida mablag‘ yo‘naltirildi.
Mazkur texnologik yechim o‘z samarasini bera boshladi. Jumladan, foydalanilayotgan umumiy elektr energiyasi hajmi 40 foizga kamaydi. Natijada har oyda 60–70 million so‘m mablag‘ tejab qolinyapti. Bu esa ta’lim muassasasi byudjetiga ijobiy ta’sir ko‘rsatib, boshqa muhim sohalarga mablag‘ yo‘naltirish imkonini bermoqda.
Ekologik jihatdan ham ushbu tashabbus katta ahamiyatga ega. Quyosh panellarining joriy etilishi orqali universitet nafaqat tejamkorlikka erishmoqda, balki atrof-muhitga zarar yetkazmaydigan energiya manbalaridan foydalanishga o‘tmoqda. Bu esa yosh avlodda ekologik madaniyatni shakllantirish, yashil texnologiyalarni amalda ko‘rsatish va barqaror rivojlanish tamoyillarini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilmoqda.