Yashil energiya sari dadil qadam:TISU quyosh fotoelektr stansiyasi barpo etmoqda

Termiz iqtisodiyot va servis universiteti tomonidan ekologik barqarorlikni ta’minlash, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish va energiya samaradorligini oshirish maqsadida muhim loyiha amalga oshirilmoqda. Xususan, ushbu nodavlat oliy ta’lim muassasasi tomonidan Termiz shahrida quvvati 100 kVt bo‘lgan zamonaviy quyosh fotoelektr stansiyasi barpo etilmoqda.
Mazkur loyiha 1,4 gektar maydonda joylashgan bo‘lib, umumiy qiymati 5,5 milliard so‘mni tashkil etadi. Bugungi kunga kelib loyiha doirasida muhim bosqichlardan biri bo‘lgan yer tekislash ishlari to‘liq yakunlandi. Shuningdek, quyosh panellarini mustahkamlovchi 1600 dan ortiq tayanch ustunlari o‘rnatildi. Hozirda esa quyosh panellarini montaj qilish ishlari yakuniy bosqichga yetgan.