Janubiy Koreyaning Woosuk universiteti bilan memorandum imzolandi

Janubiy Koreyaning Woosuk universiteti bilan memorandum imzolandi

  • 25.08.2026
  • 5
Blog Image

 Termiz iqtisodiyot va servis universitetiga Janubiy Koreyaning Woosuk universiteti delegatsiyasi tashrif buyurdi. Delegatsiya a'zolari — Woosuk universiteti Xalqaro aloqalar boshqarmasi direktori Shin Hyunsil, Xalqaro aloqalar boshqarmasi huzuridagi Koreys tilini o‘qitishni qo‘llab-quvvatlash markazi rahbari Jang Sohyeon hamda Global ta’limni qo‘llab-quvvatlash markazi rahbari Liu Youhao tashrif davomida universitetdagi ta’lim jarayoni, zamonaviy o‘quv auditoriyalari, laboratoriyalar, talabalar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar.

 Ikki universitet rahbariyati o‘rtasida o‘tkazilgan muzokaralarda ta’lim va ilmiy tadqiqot sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Xususan, qo‘shma ta’lim dasturlarini tashkil etish, Termiz iqtisodiyot va servis universiteti talabalarining Woosuk universitetida bir yil davomida tahsil olishini nazarda tutuvchi akademik dasturlarni yo‘lga qo‘yish, talabalar almashinuvini rivojlantirish hamda professor-o‘qituvchilar uchun malaka oshirish dasturlarini tashkil etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Muzokaralar davomida Termiz iqtisodiyot va servis universitetida Woosuk universitetining Koreys tili markazini tashkil etish bo‘yicha ham kelishuvga erishildi. Markazda talabalarga koreys tilini o‘rgatish, ularni xalqaro til imtihonlariga tayyorlash, Koreya Respublikasining ta’lim tizimi va madaniyati bilan tanishtirish hamda Woosuk universitetidagi akademik dasturlarda ishtirok etishga tayyorlash rejalashtirilgan.

Shuningdek, o‘quv-uslubiy tajriba almashish, qo‘shma ilmiy loyihalar va akademik tadbirlarni amalga oshirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Tashrif yakunida Termiz iqtisodiyot va servis universiteti hamda Woosuk universiteti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Mazkur memorandum ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida uzoq muddatli akademik hamkorlikni rivojlantirish, talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvini kengaytirish, Koreys tili markazi faoliyatini yo‘lga qo‘yish hamda qo‘shma ta’lim dasturlarini bosqichma-bosqich amalga oshirish uchun muhim asos bo‘lib xizmat qiladi.