Hayajonli kun: TISUda yangi o‘quv yilining ilk kuni!
Bugun Termiz iqtisodiyot va servis universiteti hovlisida o‘zgacha hayajon… Bir tomonda yangi hayot ostonasida turgan 1-bosqichga qabul qilingan talabalar, bir tomonda esa farzandining ilk talabalik kunini faxr va hayajon bilan kuzatayotgan ota-onalar.
Kimdir universitetga ilk bor qadam qo‘ymoqda, kimdir esa yangi do‘stlar, yangi ustozlar va yangi imkoniyatlar sari oshiqmoqda. Ota-onalarning nigohida esa mamnuniyat, farzandining kelajagiga bo‘lgan ishonch va cheksiz faxrni ko‘rish mumkin.
Bugun universitet hovlisini yuzlab yoshlarning quvonchi, hayajoni va ezgu orzulari to‘ldirdi. Yangi o‘quv yilining ilk kuni munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda talabalar va ularning ota-onalari jam bo‘ldi.
Tadbir avvalida Termiz iqtisodiyot va servis universiteti rektori so‘zga chiqib, talaba-yoshlarni yangi 2026/2027-o‘quv yilining boshlanishi bilan samimiy muborakbod etdi. Rektor o‘z tabrigida yoshlarni bilim olishga, izlanishga, universitetdagi yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalanishga chorlab, ularga o‘qishlarida muvaffaqiyat va katta zafarlar tiladi.
Universitet hovlisini to‘ldirgan talabalar, ota-onalar va ustozlar uchun san’atkorlarning dilrabo ijrolari haqiqiy bayram kayfiyatini ulashdi. Quvnoq kuylar, jo‘shqin qo‘shiqlar va nafis raqslar barchaga o‘zgacha zavq bag‘ishladi.