Janubiy Koreyaning Kyung Hee Cyber University bilan hamkorlik memorandumi imzolandi

Janubiy Koreyaning Kyung Hee Cyber University bilan hamkorlik memorandumi imzolandi

  • 25.06.2026
  • 29
Blog Image

Termiz iqtisodiyot va servis universiteti xalqaro hamkorlik aloqalarini kengaytirish yo‘lida navbatdagi muhim qadamni tashladi. Universitet hamda Kyung Hee Cyber University o‘rtasida ta’lim, ilmiy-tadqiqot va akademik almashinuv sohalarida hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.

 

Kyung Hee Cyber University 2001-yilda tashkil etilgan bo‘lib, Janubiy Koreyaning ilk cyber universiteti sifatida tan olingan. Universitet mamlakatning nufuzli Kyung Hee University tizimi (TOP-300) tarkibiga kiradi. Mazkur universitet bakalavriat va magistratura bosqichlarida zamonaviy onlayn ta’lim dasturlarini amalga oshirib, raqamli ta’lim texnologiyalarini rivojlantirish borasida katta tajribaga ega.



Imzolangan memorandum doirasida professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar olib borish, xalqaro konferensiya va seminarlar tashkil etish, shuningdek, raqamli ta’lim va innovatsion pedagogik texnologiyalar bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish rejalashtirilgan.



Ushbu hamkorlik Termiz iqtisodiyot va servis universitetining xalqaro akademik tarmog‘ini yanada kengaytirish, ta’lim sifatini oshirish hamda talabalarga global ta’lim imkoniyatlaridan foydalanish uchun yangi istiqbollar yaratishga xizmat qiladi.



Universitet rahbariyati mazkur memorandum ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi uzoq muddatli va samarali hamkorlik uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qilishiga ishonch bildirdi. Mazkur kelishuv TISUning xalqaro maydondagi nufuzini oshirish va zamonaviy ta’lim texnologiyalarini joriy etish borasidagi strategik maqsadlarini amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.