Indoneziya universiteti vakillari bilan xalqaro hamkorlik istiqbollari
Termiz iqtisodiyot va servis universitetida xalqaro hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish hamda ilmiy-tadqiqot faoliyatini rivojlantirishga qaratilgan muhim uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Mazkur uchrashuvda Indoneziyaning Pendikan universiteti professor-o‘qituvchilari va Termiz iqtisodiyot va servis universiteti rahbariyati hamda professor-o‘qituvchilari ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holati va istiqboldagi yo‘nalishlari muhokama qilinib, ta’lim, ilm-fan va innovatsiyalar sohasida yangi imkoniyatlarni yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tomonlar qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish, xalqaro grantlarda hamkorlikda ishtirok etish, ilmiy maqolalar va monografiyalar tayyorlash, shuningdek, professor-o‘qituvchilar hamda talabalar almashinuv dasturlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha fikr almashdilar. Bundan tashqari, zamonaviy ta’lim texnologiyalarini o‘quv jarayoniga tatbiq etish, ilmiy tadqiqotlar sifatini oshirish va xalqaro reytinglarda universitetlar nufuzini mustahkamlash yuzasidan takliflar bildirildi.
Bundan tashqari, Termiz iqtisodiyot va servis universitetida professor-o‘qituvchilarning ilmiy salohiyatini oshirish, xalqaro ilmiy maydondagi faolligini kuchaytirish hamda ilmiy-tadqiqot faoliyatini yanada rivojlantirish maqsadida Indoneziyaning Pendikan universiteti delegatsiyasi a’zolari ishtirokida seminar-trening tashkil etildi. Mazkur seminar davomida ishtirokchilarga xalqaro ilmiy jurnallarda, xususan, Scopus bazasida indekslangan nufuzli nashrlarda maqolalar chop etishning zamonaviy talablari, ilmiy maqola yozish metodologiyasi, tadqiqotlarni rejalashtirish va ilmiy natijalarni samarali taqdim etish bo‘yicha batafsil ma’lumotlar berildi.
Trening jarayonida xorijlik mutaxassislar ilmiy maqola tayyorlashning asosiy bosqichlari, mavzu tanlash, ilmiy muammo va tadqiqot savollarini shakllantirish, metodologik yondashuvlarni to‘g‘ri belgilash, ilmiy manbalar bilan ishlash hamda xalqaro ilmiy etika me’yorlariga rioya qilish masalalariga alohida to‘xtalib o‘tishdi. Shuningdek, Scopus va boshqa xalqaro ilmiy ma’lumotlar bazalarida indekslangan jurnallarni tanlash mezonlari, maqolalarni ekspertiza jarayonidan muvaffaqiyatli o‘tkazish, taqrizchilarning e’tiroz va tavsiyalariga javob berish usullari hamda ilmiy tadqiqotlarning xalqaro reytinglarga ta’siri yuzasidan amaliy tavsiyalar berildi.





