Fan olimpiadasi g‘oliblari taqdirlandi

Fan olimpiadasi g‘oliblari taqdirlandi

  • 08.05.2026
  • 30
Blog Image

Termiz iqtisodiyot va servis universitetida talabalarning bilim salohiyatini oshirish, iqtidorli yoshlarni qo'llab-quvvatlash hamda ularni o'z yutuqlari uchun munosib tarzda rag'batlantirish maqsadida an'anaviy tarzda o'tkazib kelinayotgan fan olimpiadasi g'oliblarini taqdirlash marosimi tantanali ravishda bo'lib o'tdi.

 

Joriy o'quv yilida o'tkazilgan olimpiada universitetning 22 ta fan yo'nalishi bo'yicha tashkil etilib, unda turli ixtisosliklardan yuzlab talabalar faol ishtirok etdi va o'z bilim, ko'nikma hamda intellektual salohiyatlarini namoyish qildi. Musobaqa davomida talabalar o'rtasida sog'lom raqobat muhiti hukm surdi, har bir ishtirokchi o'z sohasiga bo'lgan qiziqishi va tayyorgarlik darajasini ko'rsatish imkoniyatiga ega bo'ldi. Yakuniy natijalarga ko'ra, jami 66 nafar g'olib talaba hamda ularning bilim va mahorat shakllanishida beqiyos hissa qo'shgan ilmiy rahbarlari universitet rahbariyati tomonidan tashakkurnoma va esdalik sovg'alari bilan alohida taqdirlandi.

 

Shuningdek, olimpiada g'oliblari quyidagi tartibda pul mukofotlari bilan rag'batlantirildi: birinchi o'rin sohiblariga 2 million so'm, ikkinchi o'rin sohiblariga 1 million 500 ming so'm, uchinchi o'rin sohiblariga esa 1 million so'm miqdorida pul mukofotlari topshirildi. Taqdirlash marosimida so'zga chiqqan universitet rahbarlari va mehmonlar yoshlarning ilm-fanga bo'lgan chuqur qiziqishi, muntazam mehnati va erishayotgan yutuqlari yuksak e'tirofga loyiq ekanligini alohida ta'kidlab, barcha g'olib talabalarni samimiy muborakbod etishdi. Nutqlarda yoshlarning kelajakka bo'lgan intilishi, bilimga chanqoqligi va maqsadga sodiqlik fazilatlari namuna sifatida ko'rsatildi.

 

Universitetda an'anaviy tarzda tashkil etib kelinayotgan mazkur fan olimpiadasi talabalar o'rtasida sog'lom raqobat muhitini shakllantirish, ularning ilmiy va ijodiy salohiyatini yanada rivojlantirish, hamda kelgusida o'z sohasining yetuk va malakali mutaxassislari bo'lib yetishishida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bu kabi tadbirlar yoshlarni ilm-fanga yanada rag'batlantirish va universitetda intellektual faollikni kuchaytirish yo'lida samarali vosita bo'lib xizmat qilmoqda.