Talabalar o‘rtasida intellektual bellashuv

Talabalar o‘rtasida intellektual bellashuv

  • 05.03.2026
  • 1129
Blog Image

Termiz iqtisodiyot va servis universitetida talaba-yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, ularning bilim saviyasi va tafakkur doirasini kengaytirish maqsadida Filologiya va tillarni o‘qitish (o‘zbek tili) ta'lim yo‘nalishi 1-bosqich talabalari o‘rtasida o‘zbek adabiyoti tarixi fanidan “Zakovat” intellektual o‘yini tashkil etildi. Mazkur tadbir yoshlarning ilmiy salohiyatini oshirish, ularni kitobxonlikka va mustaqil fikrlashga undash, shuningdek, jamoaviy ishlash ko‘nikmalarini shakllantirishga xizmat qildi.

 

Intellektual bellashuvda bilimga chanqoq, izlanuvchan va iqtidorli talabalar jamoalari faol ishtirok etishdi. O‘yin jarayonida ishtirokchilarga o‘zbek adabiyoti tarixi, mumtoz va zamonaviy adabiyot namoyandalari, adabiy asarlar hamda ularning g‘oyaviy-badiiy xususiyatlariga oid turli qiziqarli savollar taqdim etildi. Savollar talabalarning nafaqat nazariy bilimlarini, balki ularning mantiqiy tafakkuri, tezkor fikrlashi, tahliliy yondashuvi hamda muammoli vaziyatlarda to‘g‘ri qaror qabul qila olish qobiliyatlarini sinovdan o‘tkazdi.

 

Bellashuv davomida jamoalar o‘zaro hamjihatlik, faollik va bilimdonlikni namoyon etib, savollarga tezkor va asosli javoblar berishga harakat qildilar. Ayniqsa, ayrim murakkab savollar ustida jamoaviy fikr almashish jarayonlari o‘yin muhitini yanada qiziqarli va bahs-munozaralarga boy tarzda kechishiga sabab bo‘ldi. Bu esa talabalarning o‘z fikrini erkin bayon etish, bir-birining mulohazalarini tinglash va umumiy xulosaga kelish ko‘nikmalarini mustahkamlashga xizmat qildi.

 

Tadbir yakunida faol qatnashgan jamoalar alohida e’tirof etilib, ularning bilimga bo‘lgan qiziqishi va intellektual salohiyati yuqori baholandi. Ushbu kabi intellektual o‘yinlar talaba-yoshlarning dunyoqarashini kengaytirish, adabiyotga bo‘lgan qiziqishini yanada kuchaytirish hamda ularni ilmiy-ijodiy izlanishlarga ruhlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.