Zulfiyaxonim – sadoqat va vafo timsoli
Pedagogika va ijtimoiy-gumanitar fanlar fakultetida o‘zbek adabiyotining yorqin namoyandasi, o‘zining sermazmun va betakror ijodi bilan adabiyotimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shgan shoira Zulfiya Isroilova tavalludining 111 yilligi munosabati bilan “Zulfiyaxonim – sadoqat va vafo timsoli” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Mazkur tadbir o‘zbek adabiyoti durdonalarini targ‘ib etish, yoshlar qalbida milliy qadriyatlarga hurmat va adabiyotga muhabbat tuyg‘ularini mustahkamlash, shuningdek, Zulfiya ijodi orqali ayol siymosining ma’naviy va ma’rifiy qirralarini yoritishga qaratildi. Tadbirda fakultet professor-o‘qituvchilari ishtirok etib, shoiraning hayot yo‘li, ijodiy merosi, adabiyotimiz rivojidagi o‘rni hamda uning she’riyatida sadoqat, vafo, Vatanga muhabbat, ayolning jamiyatdagi o‘rni kabi mavzular chuqur badiiy ifoda etilgani xususida atroflicha fikr bildirdilar.
Professor-o‘qituvchilar o‘z chiqishlarida Zulfiya ijodining bugungi yoshlar, ayniqsa, talaba-qizlar tarbiyasidagi ahamiyatiga alohida to‘xtalib o‘tdilar. Shoiraning hayotiy saboqlarga boy she’rlari yosh avlodni ma’naviy yetuklikka, mustahkam iroda va yuksak insoniy fazilatlarga chorlayotgani ta’kidlandi. Shuningdek, Zulfiya siymosi o‘zbek ayolining or-nomusi, sadoqati va matonati timsoli ekanligi qayd etildi.
Tadbir davomida talabalar tomonidan shoiraning mashhur va sevimli she’rlari ifodali tarzda o‘qildi, badiiy chiqishlar namoyish etildi. Sahna ko‘rinishlari orqali Zulfiya siymosi, uning hayoti va ijodiy kechinmalari jonli obrazlarda aks ettirilib, tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi.
