Yoshlar siyosatida yangi davr: imkoniyat, mas'uliyat va natija
Shavkat Mirziyoyevning “Koʻksaroy” qarorgohida yoshlar bilan oʻtkazgan muloqoti mamlakatimizda yoshlar siyosati mutlaqo yangi bosqichga koʻtarilayotganini yana bir bor namoyon etdi.
Davlat rahbarining yoshlar erishayotgan ulkan yutuqlariga alohida toʻxtalishi bejiz emas. Soʻnggi yillarda jahon fan olimpiadalarida 66 ta oltin, 147 ta kumush va 221 ta bronza medalining qoʻlga kiritilgani — bu yurtimiz ta'lim tizimidagi islohotlar va yoshlarga yaratilgan imkoniyatlarning amaliy natijasidir. Garvard, Yel, Prinston, Kolumbiya, Kornell kabi dunyoning eng nufuzli oliygohlarida tahsil olayotgan yoshlarimiz soni 500 nafardan oshgani, TOP-100 universitetlarda oʻqiyotgan oʻgʻil-qizlarimiz 3,5 ming nafardan ziyod ekani — mamlakatimiz intellektual salohiyati jadal oʻsib borayotganining yaqqol isbotidir.
Oʻzbekistonning Yoshlar taraqqiyoti global indeksida eng tez sur'atlarda rivojlanayotgan davlat deb e'tirof etilishi barchamizga cheksiz gʻurur bagʻishlaydi. Bu, avvalo, yurtimizda yoshlarga oid davlat siyosati izchil va samarali amalga oshirilayotganining xalqaro e'tirofidir.
Toshkent shahrida Jahon yoshlarining tinchlik sari harakati bosh qarorgohi tashkil etilishi, Samarqand shahrida Yoshlar parlamenti a'zolarining 12-global konferensiyasi, “Take Off” xalqaro startap sammiti hamda 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi kabi nufuzli tadbirlarga mezbonlik qilinishi mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuzini yanada mustahkamlaydi.
Ayniqsa, har haftaning payshanbasi “Yoshlar kuni” deb belgilanishi va shu kuni barcha darajadagi rahbarlar mahalla, maktab va texnikumlarga tushib, yoshlar bilan yuzma-yuz muloqot qilishi haqidagi tashabbus juda dolzarb va hayotiy qaror boʻldi. Bu orqali muammolar joyida oʻrganilib, tezkor hal etiladi, mas'uliyat va javobgarlik kuchayadi.
Yoshlar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash maqsadida qoʻshimcha 200 million dollar ajratilishi, 7 yil muddatgacha 15 foizli imtiyozli kreditlar berilishi — yoshlar bandligini ta'minlashda muhim qadamdir. Xususan, oʻzini oʻzi band qilgan yoshlarga garovsiz 20 million soʻmgacha, yangi biznes boshlayotganlarga 300 million soʻmgacha, faoliyatini kengaytirmoqchi boʻlganlarga 2 milliard soʻmgacha, kamida 5 nafar bitiruvchini ishga olgan tadbirkorlarga 10 milliard soʻmgacha kredit ajratilishi — keng imkoniyat eshiklarini ochadi.
“Mening birinchi kasbim” dasturining yoʻlga qoʻyilishi esa oliygoh bitiruvchilarini mehnat bozoriga samarali integrasiya qilishda muhim ahamiyat kasb etadi. Stajirovka asosida oyiga 2 million soʻmgacha stipendiya toʻlanishi yosh mutaxassislarning ilk qadamlarini mustahkamlaydi.
Bugungi kunda eng katta boylik — bu tabiiy resurslar emas, balki bilim va intellektual salohiyatdir. Shu bois yoshlarimizga murojaat qilib aytmoqchiman:
Ilm — bu faqat diplom emas, balki insonni yuksaklikka olib chiqadigan kuchdir. Zamonaviy kasbni egallash, xorijiy tillarni puxta oʻzlashtirish, raqamli texnologiyalarni bilish — bugungi raqobat davrining eng muhim talabidir.
Har bir yosh oʻz oldiga aniq maqsad qoʻyib, har kuni oʻz ustida ishlasa, mamlakatimiz taraqqiyotiga munosib hissa qoʻsha oladi. Kitob mutolaasi, izlanish, innovasion fikrlash va mehnatsevarlik — muvaffaqiyatning eng ishonchli yoʻlidir.
Bugun yaratilayotgan sharoitlar — imkoniyat. Uni samaraga aylantirish esa yoshlarning intilishi va mehnatiga bogʻliq.
Ishonchim komilki, bilimli, kasb-hunarli va vatanparvar yoshlar Yangi Oʻzbekistonning eng mustahkam tayanchi boʻladi. Zero, yurt kelajagi — yoshlar qoʻlida.
Anvar Absamatov,
Termiz iqtisodiyot va servis universiteti rektori