Nazariy bilimlar amaliyotga tatbiq etilmoqda
Ona tabiatning saxovati, dehqonlarimizning mashaqqatli mehnati va yurtimizdagi to‘kin-sochinlik ramzi bo‘lgan “Hosil bayrami” xalqimizning eng qadimiy va sevimli an’analaridan biridir. Kuni kecha Termiz iqtisodiyot va servis universitetida aynan shu shukuhni o‘zida mujassam etgan ajoyib tadbir bo‘lib o‘tdi.
Universitetning Boshlang‘ich ta’lim yo‘nalishi talabalari tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur ma’naviy-ma’rifiy tadbir chinakam bayramga aylandi. Quvonarlisi shundaki, ushbu tashabbusda universitetning sirtqi ta’lim shaklida tahsil olayotgan talabalari alohida faollik ko‘rsatib, o‘zlarining nafaqat bilimga chanqoqliklarini, balki yuksak ijodiy salohiyatga ega ekanliklarini ham isbotladilar.
Tadbir davomida talabalar tomonidan tayyorlangan ko‘rgazmalar barchaning e’tiborini tortdi. Bayram dasturxoni yurtimizning quyoshli dalalarida yetishtirilgan sarxil mevalar, poliz ekinlari, turli xil donli mahsulotlar va kuzgi gullar bilan bezatildi. Bu ko‘rgazma orqali talabalar O‘zbekiston zaminining naqadar boy va saxovatli ekanligini yana bir bor namoyish etishdi.
Har bir guruh “Hosil bayrami”ning mohiyatini ochib berishda o‘ziga xos yondashuv qildi. Milliy liboslardagi talabalar, kuz faslini madh etuvchi dekoratsiyalar va an’anaviy o‘zbekona udumlar tadbirga o‘zgacha fayz bag‘ishladi.
Ma’lumki, boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi nafaqat bilim beruvchi, balki o‘quvchilarda go‘zallikni his qilish, tabiatni sevish va qadriyatlarni e’zozlash tuyg‘ularini shakllantiruvchi murabbiydir. Ushbu tadbir talabalar uchun o‘ziga xos pedagogik mahorat maktabi vazifasini o‘tadi. Talabalar tomonidan namoyish etilgan sahna ko‘rinishlari, dehqon mehnati, yig‘im-terim jarayoni, kuz va hosil haqidagi she’rlar, maqollar va musiqiy chiqishlar,tabiiy vositalardan yasalgan maketlar va kompozitsiyalar orqali ular o‘zlarining tashkilotchilik va ijodkorlik qobiliyatlarini yorqin namoyon etdilar.