EZGU TASHABBUS

EZGU TASHABBUS

  • 05.02.2026
  • 1306
Blog Image

Termiz iqtisodiyot va servis universiteti Boshlang‘ich ta’lim yo‘nalishi talabasi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, respublika miqyosidagi ko‘rik-tanlovlar g‘olibi, iste’dodli shoira Dilnoza Saidova tashabbusi bilan Sariosiyo tumani 89-umumta’lim maktabida “Dilnoz Mushfiq” nomli yangi kutubxona tashkil etildi.

 

Mazkur tashabbus yosh avlodda kitobxonlik madaniyatini shakllantirish, badiiy adabiyotga bo‘lgan qiziqishni oshirish, o‘quvchilarning ma’naviy-axloqiy dunyoqarashini boyitish hamda ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga qaratilgani bilan alohida ahamiyat kasb etadi. Yangi tashkil etilgan kutubxona o‘quvchilar uchun bilim manbai, ijodiy fikrlashni rivojlantiruvchi muhit va ma’naviy tarbiya maskani bo‘lib xizmat qilishi ko‘zda tutilgan.

 

Kutubxona fondini boyitish jarayonida universitetning Boshlang‘ich ta’lim kafedrasi professor-o‘qituvchilari ham faol ishtirok etib, ushbu ezgu tashabbusga o‘z hissalarini qo‘shdilar. Jumladan, kafedra jamoasi tomonidan turli yo‘nalishlardagi badiiy adabiyotlar, tarbiyaviy hamda ma’naviy-ma’rifiy mazmundagi kitoblar hadiya qilinib, kutubxona fondi sezilarli darajada kengaytirildi. Bu esa o‘quvchilarga yoshiga mos, mazmunan boy va foydali adabiyotlardan muntazam foydalanish imkonini yaratadi.

 

Shuningdek, mazkur tashabbus doirasida yana bir muhim voqea amalga oshirildi. Universitet tomonidan shoira Dilnoza Saidovaning “Gullar qolar mendan keyin” nomli yangi she’riy to‘plami nashr ettirildi. Ushbu to‘plam yosh kitobxonlar qalbida ona tiliga muhabbat, go‘zallikni anglash va adabiyotga mehr tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

 

Xulosa o‘rnida ta’kidlash joizki, bunday tashabbuslar ta’lim va tarbiya uyg‘unligini ta’minlash, talabalar va maktab o‘quvchilari o‘rtasida ijodiy aloqalarni mustahkamlash hamda jamiyatda kitobxonlik madaniyatini yuksaltirishda muhim o‘rin tutadi. “Dilnoz Mushfiq” nomli kutubxona esa kelgusida ko‘plab yosh kitobxonlar uchun ilhom va bilim maskaniga aylanishi shubhasiz.