Talabalar uchun kiberxavfsizlik bo‘yicha tadbir tashkil etildi
Axborot texnologiyalarining jadal rivojlanishi bilan bir qatorda kiberxavfsizlik masalalari bugungi kunda dolzarb muammolardan biriga aylanib bormoqda. Ayniqsa, yoshlar va talabalar orasida internetdan faol foydalanish ortib borayotgani kiberjinoyatlarga qarshi tushuntirish ishlarini kuchaytirishni taqozo etmoqda.
Shu munosabat bilan Viloyat Ichki ishlar boshqarmasi Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurash boshqarmasi tomonidan talabalar uchun kiberxavfsizlikka bag‘ishlangan targ‘ibot-tushuntirish tadbiri tashkil etildi. Tadbirda boshqarmaning muhim topshiriqlar bo‘yicha inspektori Oxunjon Umarov hamda boshqarma katta inspektori Baxtiyor Abdualimov ishtirok etdilar.
“Kiberxavfsizlik — davr muammosi” mavzusida o‘tkazilgan mazkur tadbir davomida mutaxassislar tomonidan axborot texnologiyalari rivoji bilan bog‘liq holda yuzaga kelayotgan kiberjinoyatlar, ularning asosiy turlari hamda oldini olish choralari atroflicha tushuntirib berildi. Xususan, internet orqali sodir etilayotgan firibgarlik holatlari, shaxsiy ma’lumotlarning noqonuniy o‘zlashtirilishi, soxta havolalar orqali amalga oshiriladigan hujumlar, phishing (ma’lumotlarni aldov yo‘li bilan qo‘lga kiritish) usullari haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
Shuningdek, tadbir davomida talabalar uchun kundalik hayotda kiberxavfsizlik qoidalariga amal qilish, shaxsiy ma’lumotlarni himoyalash, noma’lum havolalarga kirmaslik, ijtimoiy tarmoqlarda ehtiyotkorlik bilan harakat qilish bo‘yicha amaliy tavsiyalar taqdim etildi. Mutaxassislar kiberjinoyatlardan himoyalanishda har bir foydalanuvchining mas’uliyati muhim ekanini alohida ta’kidladilar.
Tadbir savol-javoblar bilan yakunlanib, talabalar o‘zlarini qiziqtirgan masalalar yuzasidan mutaxassislardan atroflicha javoblar oldilar. Ushbu tadbir yoshlar o‘rtasida kiberxavfsizlik madaniyatini oshirish, ularni zamonaviy tahdidlardan ogoh etish va axborot makonida ongli harakat qilish ko‘nikmalarini shakllantirishga xizmat qiladi.


