TA’LIM VA MADANIYAT ALMASHINUVI

TA’LIM VA MADANIYAT ALMASHINUVI

  • 26.01.2026
  • 1325
Blog Image

Bugungi globallashuv davrida ta’lim jarayoni nafaqat bilim berish, balki shaxsni har tomonlama kamol toptirishga xizmat qiluvchi asosiy vositaga aylanmoqda. Bu jarayonda ta’lim va madaniyatning o‘zaro uyg‘unligi alohida ahamiyat kasb etadi. Chunki zamonaviy mutaxassis nafaqat o‘z sohasining bilimdoni, balki turli madaniyatlarni anglay oladigan, xalqaro muhitda erkin muloqot qila oladigan yetuk shaxs bo‘lishi lozim. Shu sababli ta’lim va madaniyat uyg‘unligi yoshlarning dunyoqarashini kengaytirish, ularni global tafakkur asosida tarbiyalash va ilmiy-amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

 

Madaniy va akademik almashinuv loyihalari yoshlarning dunyoqarashini kengaytirish, ularni global tafakkur asosida tarbiyalashga xizmat qiladi. Bunday dasturlar orqali talabalar xorijiy ta’lim tizimlari bilan tanishib, ilmiy bilimlarini boyitish bilan birga, boshqa xalqlarning madaniy qadriyatlari, urf-odatlari va turmush tarzini ham o‘rganadi. Natijada ta’lim jarayoni madaniyat bilan uyg‘unlashib, talabaning shaxsiy va kasbiy rivojida muhim o‘rin egallaydi. Ana shunday loyihalardan biri doirasida Termiz iqtisodiyot va servis universiteti Tibbiy klinik fanlar kafedrasi o‘qituvchisi Zebo Xudoyqulova rahbarligida tibbiyot fakulteti talabalari: Ne’mat Abduvohidov, Sevara Eshburiyeva, Komila Tojiyeva va Marhabo Xushboqovalar — 2025-yil 13-noyabrdan 18-dekabrgacha Indoneziyadagi Pendikan universiteti tibbiyot fakultetida o‘quv dasturida ishtirok etib qaytishdi. Mazkur safar “Cultural exchange” (Madaniy almashinuv) dasturi doirasida tashkil etilgan bo‘lib, ishtirokchilar nafaqat tibbiy bilimlarini oshirish, balki Indoneziya xalqining madaniyati, urf-odatlari va kundalik hayot tarzi bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldi.

 

Dastur davomida biz O‘zbekiston va Indoneziya universitetlaridagi ta’lim tizimidagi farqlarni o‘rgandik. Masalan, Indoneziyadagi universitetda laboratoriya mashg‘ulotlari uchun ko‘proq vaqt ajratilgan, darslar interaktiv olib borilgani bois talabalar darslarda juda faol. Bu esa biz uchun qiziq va foydali tajriba bo‘ldi. Mashg‘ulotlar davomida bizga turli vaziyatli masalalar berildi va guruhlar bilan ularni muhokama qilish imkoniyati yaratildi. Shu jarayonda har birimiz o‘z fikrimizni erkin bildira oldik. Ayniqsa, o‘qituvchilar olib borayotgan ilmiy tadqiqotlarda ham bevosita ishtirok etganimiz har tomonlama manfaatli bo‘ldi.

 

Dastur faqat ta’lim bilan cheklanib qolmadi. Safar davomida biz

Indoneziya xalqining milliy an’analari, madaniy qadriyatlari va turmush tarzi bilan yaqindan tanishdik. Mahalliy aholi bilan muloqot qilish, madaniy tadbirlarda ishtirok etish va boshqa mamlakatdan kelgan talabalar bilan birgalikda bo‘lish unutilmas taassurot qoldirdi. Shu tajribalar nafaqat kasbiy bilimlarimizni boyitdi, balki shaxsiy rivojimizga ham katta hissa qo‘shdi, — deydi davolash ishi yo‘nalishi 4-bosqich talabasi Komila Tojiyeva.

 

Indoneziyadagi Pendikan universitetida talabalar va o‘qituvchilar

o‘rtasidagi munosabat bir qadar rasmiylikdan holi, do‘stona va ancha erkin. Fakultetda talabalar soni 150 nafarni tashkil qiladi. Bu esa har bir talaba bilan individual ishlash imkoniyatini yaratadi. Ma’ruzalardan tashqari uyga topshiriqlar deyarli berilmaydi, baholash esa asosan oraliq nazorat, yakuniy imtihon va ixtiyoriy mustaqil ishlar orqali amalga oshiriladi, — deydi tibbiy klinik fanlar kafedrasi o‘qituvchisi Zebo Xudoyqulova.

 

Indoneziyadagi bir oylik “Cultural exchange” dasturi Tibbiyot fakulteti talabalari uchun nafaqat kasbiy bilimlarni chuqurlashtirish, balki shaxsiy va madaniy rivojlanish uchun ham imkoniyat bo‘ldi. Shuningdek, Indoneziya xalqining milliy an’analari, madaniy qadriyatlari va turmush tarzi bilan yaqindan tanishish, mahalliy aholi bilan muloqot qilish va xalqaro do‘stlik muhitida bo‘lish talabalar uchun unutilmas taassurotlar qoldirdi. Bu tajribalar nafaqat kasbiy malakani oshirish, balki shaxsiy dunyoqarashni kengaytirish, turli madaniyatlarni tushunish va xalqaro muloqot ko‘nikmalarini shakllantirishga ham xizmat qiladi.