Universitetda ta'lim sifati bo‘yicha umummilliy so‘rovnoma o‘tkazildi
Termiz iqtisodiyot va servis universitetida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi mas’ul xodimi D. Umarov ishtirokida professor-o‘qituvchilar hamda talabalar o‘rtasida ta’lim sifati, o‘quv jarayonining samaradorligi va mavjud muammolarni aniqlashga qaratilgan umummilliy so‘rovnoma o‘tkazildi.
Mazkur so‘rovnoma O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 5-maydagi PF–76-sonli Farmoni ijrosini ta’minlash doirasida tashkil etilib, oliy ta’lim muassasalarida ta’lim sifatini oshirish, shaffoflikni ta’minlash hamda o‘quv jarayonini zamonaviy talablar asosida takomillashtirishga qaratilgan muhim tashabbuslardan biri hisoblanadi.
So‘rovnoma jarayonida professor-o‘qituvchilarning pedagogik faoliyati, o‘quv dasturlarining zamonaviyligi, ta’lim jarayonida innovatsion texnologiyalardan foydalanish darajasi, talabalarning bilim olish jarayonidagi faolligi hamda mavjud muammolar yuzasidan fikr-mulohazalar o‘rganildi. Talabalar esa o‘quv mashg‘ulotlarining sifati, baholash tizimi, o‘qituvchilar bilan muloqot, o‘quv-uslubiy ta’minot va infratuzilma masalalari bo‘yicha o‘z taklif va mulohazalarini bildirish imkoniga ega bo‘ldilar.
Uchrashuv davomida D. Umarov so‘rovnoma natijalari ta’lim sifatini baholashda muhim tahliliy manba bo‘lib xizmat qilishini, bildirilgan fikr va takliflar asosida mavjud kamchiliklarni bartaraf etish hamda ilg‘or tajribalarni joriy etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqilishini ta’kidladi. Shuningdek, ta’lim jarayonida professor-o‘qituvchilar va talabalar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish, ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish ta’lim sifatini oshirishda muhim omil ekanligi qayd etildi.
So‘rovnoma natijalari asosida universitetda o‘quv jarayonini yanada takomillashtirish, professor-o‘qituvchilar faoliyatini samaradorlik mezonlari asosida baholash, ta’lim muhitini yaxshilash hamda talabalarning ehtiyoj va takliflarini inobatga olgan holda sifatli ta’limni ta’minlashga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

.jpg)

