“Mening dadam — Vatan himoyachisi”
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 34 yilligi munosabati bilan “Mening dadam — Vatan himoyachisi” mavzusida bayram tadbiri tashkil etildi. Tadbir Termiz shahridagi 9-davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida bo‘lib o‘tdi.
Mazkur bayram tadbiri Termiz iqtisodiyot va servis universiteti Pedagogika va psixologiya kafedrasi dotsenti M. Norbosheva tashabbusi bilan psixologiya ta’lim yo‘nalishi 2-bosqich talabalari ishtirokida o‘tkazildi.
Uchrashuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad yosh avlod qalbida vatanparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlash, harbiy xizmatchilarning mashaqqatli va sharafli kasbiga nisbatan hurmat va e’tirof tuyg‘ularini shakllantirishdan iborat bo‘ldi. Tadbir davomida talabalar tomonidan bolajonlar bilan turli suhbatlar, qiziqarli o‘yinlar tashkil etildi.
Shuningdek, tadbirga Termiz shahrida joylashgan 11506-sonli harbiy qism orkestr jamoasi taklif etilib, ular tomonidan ijro etilgan vatanparvarlik ruhidagi kuy-qo‘shiqlar bayram tadbiriga yanada ko‘tarinki ruh bag‘ishladi.
Tadbir yakunida harbiy xizmatchilarning farzandlariga kitoblar sovg‘a qilinib, bolajonlarga quvonch ulashildi.


