Professor-o‘qituvchilar uchun o‘quv seminarlari

Professor-o‘qituvchilar uchun o‘quv seminarlari

  • 07.01.2026
  • 1292
Blog Image

Termiz iqtisodiyot va servis universitetida professor-o‘qituvchilarning kasbiy salohiyatini oshirish, ilmiy faoliyatini rivojlantirish hamda nufuzli xalqaro ilmiy jurnallarda maqolalar chop etish bo‘yicha ko‘nikmalarini mustahkamlash maqsadida maxsus o‘quv seminarlar bo‘lib o'tmoqda.

 

Seminar doirasida bugungi kunda zamonaviy ilm-fan va ta’limning dolzarb yo‘nalishlarini qamrab olgan qator mavzularda ma’ruzalar o‘qildi.  Jumladan, ma’ruzachi Jaxongir Shaturayev tomonidan “Barqaror rivojlanish maqsadlari (SDG) va ilmiy tadqiqotchining akademik profili” mavzusida ma’ruza o‘qilib, unda ilmiy faoliyatda global barqaror rivojlanish konsepsiyasining o‘rni va tadqiqotchining xalqaro akademik maydondagi nufuzini oshirish masalalari yoritildi.

 

Shuningdek, Shaxboz Meyliqulov tomonidan “O‘quv mashg‘ulotlarini raqamli va innovatsion o‘qitish usullari. Kiberxavfsizlik” mavzusida taqdimot o‘tkazilib, unda ta’lim jarayonida raqamli texnologiyalardan samarali foydalanish hamda axborot xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha muhim tavsiyalar berildi.

 

Seminar davomida Indiana Ayu Alwasilah tomonidan “Ilmiy maqola yozish metodologiyasi va nufuzli jurnallarda chop etish” mavzusida ma’ruza olib borilib, ilmiy maqola tayyorlash bosqichlari, xalqaro jurnallar talablari va ilmiy ishlarni chop etishda yo‘l qo‘yiladigan xatolar yuzasidan batafsil ma’lumotlar taqdim etildi.

 

Mazkur o‘quv seminarlar professor-o‘qituvchilarning ilmiy salohiyatini yanada oshirish, zamonaviy pedagogik va ilmiy yondashuvlarni amaliyotga tatbiq etishda muhim ahamiyat kasb etadi.