TISUda professor-o‘qituvchilar uchun o‘quv seminarlari boshlandi
Termiz iqtisodiyot va servis universitetida professor-o‘qituvchilarning kasbiy salohiyatini oshirish, ilmiy faoliyatini rivojlantirish, nufuzli ilmiy jurnallarda maqolalar chop etish ko‘nikmalarini shakllantirish maqsadida maxsus o‘quv seminarlari tashkil etildi.
Seminarlar doirasida tajribali soha mutaxassislari tomonidan quyidagi muhim yo‘nalishlar bo‘yicha ma’ruzalar va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazilmoqda:
— Indiana Ayu Alwasilah tomonidan "Ilmiy maqola yozish metodologiyasi va nufuzli jurnallarda chop etish" mavzusida ma'ruza olib borildi. Unda ilmiy maqola tuzilishi, tadqiqot natijalarini to‘g‘ri ifodalash, xalqaro indekslangan jurnallarga maqola tayyorlash talablari hamda chop etish jarayonidagi muhim jihatlar batafsil yoritildi.
— Mohiruh Xoshimxo‘jayeva tomonidan xalqaro ilmiy grantlar va qo‘shma loyihalarda ishtirok etish strategiyasi bo‘yicha o'tilgan seminarda grant dasturlarini tanlash, loyiha takliflarini tayyorlash, xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish hamda muvaffaqiyatli loyiha yuritish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berilmoqda.
— "Milliy ilmiy grantlar va innovatsion loyihalarda ishtirok etish metodikasi" mavzusida Shahzod Maxmatraimov tomonidan olib borilgan mashg'ulotlarda esa, respublika miqyosidagi grant tanlovlarida qatnashish, innovatsion g‘oyalarni loyihaga aylantirish va ularni amaliyotga tatbiq etish masalalari muhokama qilindi.
Belgilangan reja-grafikka muvofiq, professor-o‘qituvchilarning malaka oshirish jarayonlari 2026-yil 10-yanvarga qadar davom etadi. Seminarlar davomida ishtirokchilar nazariy bilimlar bilan bir qatorda amaliy ko‘nikmalarga ham ega bo‘lishadi.