TISU vakillari xalqaro grantni qo'lga kiritdi
Markaziy Osiyo tadqiqotlari xalqaro instituti (IICAS) 2026–2027-yillarga mo‘ljallangan grantlar tanlovi natijalarini rasman e’lon qildi.
Mazkur tanlov natijalariga ko‘ra, universitetimiz tarix kafedrasi dotsenti, DSc Mavlyuda Fayzullayeva hamda Xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i, PhD Moxirux Xoshimxo‘jayeva ilmiy nashr yo‘nalishida “Janub ta’mlari: Surxondaryo milliy o‘zbek taomlari bo‘ylab vizual sayohat” nomli etnografik-illyustrativ albom loyihasi bilan grant g‘olibi bo‘lishdi.
Ushbu loyiha Surxondaryo viloyatining boy gastronomik merosini ilmiy, etnografik va vizual yondashuv asosida yoritishga qaratilgan bo‘lib, Markaziy Osiyo xalqlarining moddiy va nomoddiy madaniy merosini o‘rganish, saqlash va xalqaro miqyosda targ‘ib etishga xizmat qiladi. Mazkur nashr viloyatimiz milliy taomlarining jahon miqyosida tanilishiga, shuningdek, gastronomik turizmni rivojlantirishga munosib hissa qo‘shishi kutilmoqda.
Ma’lumot uchun: Markaziy Osiyo tadqiqotlari xalqaro instituti (IICAS) — Markaziy Osiyo mintaqasining tarixi, madaniyati, ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlari va nomoddiy merosini o‘rganishga ixtisoslashgan xalqaro ilmiy-tadqiqot muassasasi bo‘lib, mintaqaviy va xalqaro ilmiy hamkorlikni rivojlantirish, grantlar va ilmiy loyihalarni qo‘llab-quvvatlash bilan shug‘ullanadi.
